Eron bilan yadro dasturi yuzasidan erishilgan kelishuv Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashida dushanba kuni ovozga qo'yiladi. Agar ma'qullansa, xalqaro qonunga aylanadi.
Kelishuv Eron olib borayotgan yadroviy tadqiqotlarni cheklash va buning evaziga bu davlatga qo'yilgan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishni nazarda tutadi.
Venada imzolangan hujjat AQShga ittifoqchi bo'lgan ayrim davlatlarni xavotirga solmoqda, xususan Saudiya Arabistoni va Isroilni. Prezident Barak Obama Oq uyda Saudiya Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr bilan muloqot qilgan.
Sal avval Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashgan al-Jubayr Eron kelishuvini na ma'qulladi, na tanqid qildi.
Saudiya qirolligi nazarida, Eron sanksiyalardan xalos qilingan mablag' bilan Suriya, Yaman va Livanda jangari guruhlarni moliyalashda davom etadi.
"Umid qilamizki, Eron bu kelishuvdan iqtisodiy ahvolni yaxshilash, xalq farovonligini oshirish uchun foydalanadi. Agar regionda biror g'avg'o chiqarsa, qarab turmaymiz", - deya ogohlantirdi Saudiya Arabistoni rasmiysi.