Breaking News

"Islomiy davlat" Saudiya Arabistoniga ko'z tikmoqdami?


Saudiya Arabistonida 22 va 29-may kunlari ro'y bergan portlashlarda 20 dan ortiq odam halok bo'ldi.
Saudiya Arabistonida 22 va 29-may kunlari ro'y bergan portlashlarda 20 dan ortiq odam halok bo'ldi.

Iroq va Suriya hududlarida xalifalik e'lon qilgan "Islomiy davlat" guruhi endi musulmonlarning muqaddas shaharlari joylashgan Saudiya Arabistoniga ko'z tikmoqda. Ular bu o'lkaga qarshi yangi urush frontini ochish harakatida, deydi kuzatuvchilar.

"Islomiy davlat" Saudiya Arabistonida, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00

"Islomiy davlat"ning Saudiya Arabistoniga hujum qilish niyatida ekaniga ishonish qiyin. Chunki Suriya, Iroq va Liviyadan farqli o'laroq, u parokandalikka yuz tutgan davlat emas. Shuningdek, Saudiya Arabistoni sunniy islomga e'tiqod qiluvchi mamlakat hisoblanadi.

Ammo jangarilar musulmonlar muqaddas sanovchi shaharlarni qo'lga olish niyatida ekanidan ko'z yumib bo'lmaydi, deydi AQShning Iroqdagi sobiq elchisi Rayn Kroker.

"Ularning intilishlari Ramadida to'xtab qolmaydi. Asl maqsadlari Saudiya Arabistoniga kirib borib, muqaddas Makka va Madina shaharlarini egallash va ularni xalifalik poytaxtiga aylantirish", - deydi u.

Jangarilar allaqachon Saudiya Arabistoni ichida bomba hujumlarini amalga oshira boshladi. 22 va 29-may kunlari shia masjidlarida ro'y bergan portlashlarda 20 dan ortiq odam halok bo'ldi. "Islomiy davlat"ning Saudiya Arabistoni bo'limi mamlakatda yanada ko'proq qon to'kilishi haqida ogohlantirmoqda.

Xavfsizlik bo'yicha AQSh rasmiylarining aytishicha, Saudiya Arabistoniga qarshi tahdidlarni jangari guruhning propaganda videolarida ham ko'rish mumkin.

"Guruhning Saudiya Arabistoni ichida o'z bo'limlarini ochishga urinishi ular strategiyasiga mos keladi", - deydi nomini oshkor qilishni istamagan rasmiylardan biri.

Taxminlarga ko'ra, guruh tarafdorlari qirollik hududida katta emas. Shuningdek, davlat xavfsizlik idoralari so'nggi paytlarda nazoratni kuchaytirgan. Aprel oyida jangarilarga aloqadorlik aybi bilan 93 kishi hibsga olingan. Ularning 65 nafari Saudiya Arabistoni fuqarolari.

"Saudiya Arabistonida kam tarafdorlarga ega bo'lsa ham, "Islomiy davlat" bu yerda kutilmagan portlashlarni amalga oshirib, mazhablararo ziddiyatni kuchaytirishga va ichkaridan g'alayon boshlashga urinadi", - deydi Urush tadqiqotlari instituti tahlilchisi Harlin Gambir.

Gambir va boshqalarning ogohlantirishicha, Saudiya Arabistonida jangarilar soni kutilgandan ko'proq bo'lishi ham mumkin. Chunki ular qo'shni Yamanda ham faollashgan.

Shuningdek, tahlilchilar qirollikning azaldan ekstremist guruhlar unib-o'sishi uchun qulay muhit bo'lganini ta'kidlaydi.

Siyosiy zo'ravonlik va radikalizmni o'rganuvchi xalqaro markaz ma'lumotiga ko'ra, Suriya va Iroqqa borgan 20 mingdan ortiq xorijlik jangarining 2500 ga yaqini Saudiya Arabistonidan. Boshqa mamlakatlardan faqat Tunis qirollikdan ko'ra ko'proq jangari jo'natgan.

Agar bu jangarilarning ayrimlari vataniga qaytsa yoki urushga ketmoqchi bo'lganlar o'z yurtida qolishni istasa, "Islomiy davlat" Saudiya hukumatiga qarshi jiddiy kuchga aylanishi mumkin, deydi "Soufan" guruhining maxsus loyihalar rahbari Patrik Skiner.

"Hokimiyatni ag'darishga ularning kuchi yetmaydi, lekin ular xohlayotgan narsa aslida bu bo'lmasligi ham mumkin. Ular hukumatni sekin-asta qiynab, davlatning jiddiy reaksiya bildirishini va shu orqali xalq noroziligini uyg'otishni ko'zlamoqda", - deydi tahlilchi.

Riyodning Yamandagi urush orqali Eron bilan raqobatlashayotgani mamlakatda va Yaqin Sharqda sunniy-shia ixtiloflarini yanada kuchaytirmoqda. Ayrim saudiya rasmiylari mintaqadagi inqirozni allaqachon sunniy-shia muammosi sifatida ko'rsatmoqda.

"Eron va Saudiya Arabistoni o'rtasida to'qnashuv kuchayib borar ekan, bu mamlakat bir kun kelib "Islomiy davlat"ni yoki uning bayrog'i ostida faoliyat yurituvchi jangari guruhlarni qo'llab-quvvatlashga majbur bo'ladi", - deydi Demokratiyalarni himoya qilish jamg'armasi eksperti Mark Gerext.

Saudiya Arabistoni yoshlari orasida ekstremist g'oyalarni qo'llab-quvvatlovchilar borligi, shuningdek, radikal diniy rahnamolarga muntazam homiylik qiladigan boylar ham mamlakat xavfsizligi uchun tahdiddir, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG