Eron hukumati aholida Suriya va Iroqdagi siyosatga nisbatan ijobiy fikrni shakllantirish maqsadida sportchilarni xorijiy urushlarda halok bo’lgan askarlar suratlarini namoyish qilishga da’vat etmoqda.
Masalan, Tehronning “Derbi Persepolis” futbol klubida to’p surayotgan Ali Alipur Navro’z kuni bo’lib o’tgan o’yinda raqib darvozasiga gol urganidan so’ng futbolkasini ko’tarib, uning tagidagi maykaga tushirilgan shahid qo’mondon suratini ko’rsatdi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, futbolchilarga Iroq va Suriyada nobud bo’lgan askarlar suratlari tushirilgan qo’shimcha mayka kiyish tavsiya qilinmoqda.
“Yanvar oyida iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli yuzaga kelgan namoyish Eronning Suriyadagi harbiy harakatlariga qarshi namoyishga aylanib ketganidan so’ng hukumat bu siyosatini oqlashga, xalq fikrini ijobiy tomonga o’zgartirishga zo’r berdi”, - deydi eronlik sport sharhlovchisi Shahob Bahmaniy.
Yanvar oyida mamlakat bo’ylab quloch yozgan namoyishlarga tuxum va go’sht narxlarining ko’tarilishi turtki berdi. Biroq ba’zi namoyishchilar omma diqqatini Eronning qo’shni Suriyadagi amaliyotlariga qaratib, harbiy harakatlarga ko’p pul sarflanayotganini qoraladi.
Tehron Suriyada Prezident Bashar Assadni qo’llab-quvvatlaydi, Iroqda esa “Islomiy davlat” va boshqa sunniy jangari guruhlarga qarshi kurashayotgan hukumat kuchlarini.
Eron rasmiy matbuotida Suriyada jang qilayotgan askarlarni “ziyoratgoh himoyachilari” deb atashadi.
“Persepolis” jamoasi futbolchilari halok bo’lgan harbiy Muhsin Hojajiyning surati tushirilgan futbolkalarni o’tgan yili ikkita katta o’yinda namoyish etishdi.
Hojajiy Eron Islomiy Inqilobiy gvardiyasi askari bo’lib, Daish jangarilari sentabr oyida uning boshini tanasidan judo qilgan edi. Uning qo’lga olingani va qatl etilgani tasvirlangan video internet orqali tarqalib ketdi.
FIFA xalqaro futbol federatsiyasi stadionlarda va sport musobaqalari paytida tijoriy, siyosiy va diniy mazmunga ega reklamalarni man qiladi. Biroq Eron hukumati FIFA qoidasini pisand qilmagan ko’rinadi. Islomiy respublikada sport va siyosat uzviy bog’langan.
“Sport mutasaddilari orasida ko’plab siyosatchilar va ularga yaqin odamlar bor. Shu sabab siyosat sportga singib ketgan”, - deydi Daniyada yashovchi sobiq eronlik sport sharhlovchisi Mahdi Rustampur.
Eron jamoalari va sportchilari xalqaro sport idoralarining qoidalariga rioya qilmagani uchun o’tmishda qattiq jazolangan. Masalan, 2016-yilda Janubiy Koreya-Eron jamoalarining futbol bo’yicha Jahon chempionatiga saralash matchi paytida mahalliy muxlislar diniy shiorlar aytgani uchun FIFA Eron futbol federatsiyasiga 46 ming dollar jarima solgan edi.
Facebook Forum