Eron hukumati qurilish kompaniyalarini Suriya poytaxtida imoratlar va yer sotib olishga rag'batlantirmoqda, deydi Tehrondagi soha mutaxassislari.
"Eron shia mahallalarini butunicha sotib olyapti", - deydi iqtisodchi Xurshid Alika "Amerika Ovozi"ga.
Suriyada fuqarolar urushi boshlanganida rasmiy Tehron Eronning bu mamlakat ishlariga aralashuvini ko'z-ko'z qilishga shoshmadi. So'nggi oylarda esa davlatga qarashli matbuot Eron Rossiya bilan birgalikda "Islomiy davlat" hamda hukumatga qarshi chiqqan isyonchilar bilan kurashda Prezident Bashar al Assadni qo'llab-quvvatlayotgani haqida bemalol ma'lumot bera boshladi.
Xabarlarga ko'ra, Tehron Suriyadagi Inqilobiy gvardiya sonini oshirgan, Damashq yaqinidagi shialar uchun muqaddas Zaynab maqbarasini himoya qilish uchun 3500 jangchi ajratgan.
Hukumatga aloqador badavlat eronlik tadbirkorlar Damashqning boy dahalarida qimmat mulk sotib olmoqda. Ekspertlar deydiki, ko'chmas mulkka talab shu qadar balandki, narxlar ham oshib ketgan.
"Fuqarolar urushi davomida besh million uy vayronaga aylandi. Eronliklarning uy va yer sotib olishi esa ko'chmas mulk bozoridagi narxlarni osmon baravar oshirib yubordi", - deydi Alika.
Eronga ko’chmas mulkni sotib olishda Damashqda obro’li sanalgan va Suriya hukumati bilan aloqador shia ulamosi Abdulla Nazzam yordamlashayotgani haqida ma’lumot bor.
“Ayrim eronlik tadbirkorlar Suriyada shialar maqbarasi yaqinidagi uylar evaziga yaxshigina pul taklif qilmoqda, - deydi Damashqdan bir yer egasi.
Rozi bo’lmaganlarga Suriya rasmiylari bosim o’tkazmoqda.
Suriya urushi davridagi iqtisodiy jarayonlarni kuzatib borayotgan Alikaning so’zlariga ko’ra, eronliklar strategik ahamiyatga ega joylarda mulk sotib oladi.
“Damashqdagi shialar maqbaralari yaqinidagi yerlarni ko’zlaydi ular”, - deydi suhbatdosh.
Tahlilchilarga ko’ra, Eronning Suriyadagi ko’chmas mulkka qiziqishi azaldan bor, ammo 2011-yildan buyon kuchaydi.
“Eron rejimi Suriyada bozorida doim faol bo’lgan, lekin so’nggi paytarda ularning ko’paygani ancha ko’zga tashlanmoqda”, - deydi Turkiyada yashayotgan damashqlik jurnalist Ali Navaf.
“2011-yilgi Suriya inqilobidan so’ng Eron Damashq va boshqa joylarda yer yoki binolar sotib olish orqali Suriya ishlariga aralasha olishini tushundi”, - deydi u.
Eron hukumati qurilish kompaniyalarini Suriyaga borishga undamoqda.
“Bir necha oy oldin men ish bilan bir tadbirda qatnashgan edim. Qurilish sohasida anchadan beri ishlaydigan va hukumatga aloqador bir kishi Damashqda yaxshigina ish topish mumkin deb qoldi", - deya hikoya qiladi Amir Mahsudlu ismli tehronlik quruvchi.
"Xavfsizlik qanday ta’minlangan, deb so’raganimizda u yer Tehrondan ham xavfsizroq, deb aytdi. Men oilam hamda xavfsizlik masalasi sababli taklifni qabul qilmadim, ammo ikki tanishim Damashqqa ketdi, qurilishda ishlayapti”, - deydi u.
Afg’onistonlik g’isht teruvchi Tohir Ismoiliy avval Eronda ishlagan, 2015-yilda esa Suriyaga o’tdi.
Eronda qariyb 3 million afg’on bor, aksariyati qiyinchilikda yashaydi. Suriyadagi qurilish loyihalarida to’lanadigan pul ular uchun yaxshi daromad.
“Sayida Ruqayya hamda Eron elchixonasi yaqinida qurilish loyihalari ko’p. Ularda asosan Erondan kelgan afg’onlar ishlaydi”, - deydi Ismoiliy.
Tehronning Suriyadagi manfaatlari biznes bilan cheklanmaydi.
“Eronning mulkka egalik qilishdan maqsadi shunchaki biznes emas. Suriyaning siyosiy, harbiy va iqtisodiy sohalarini, ya’ni ko’chmas mulk bozorini nazorat qilish Tehronga Yaqin Sharqning boshqa qismlarini ham nazorat qilish imkonini beradi”, - deydi eronlik tahlilchi Fariborz Saremiy.
Damashqdan tashqari Himsda ham Eron nazorati kuchaymoqda. Jurnalist Navaf fikricha, bundan Suriya hukumati manfaatdor, chunki Hims Damashqni alaviylar hududi bilan bog’laydi.
Suriya ko’chmas mulk bozoriga shuncha sarmoya yotqizganidan keyin Eron bu hududlarni harbiy kuch bilan himoya qilishga tayyor bo’ladi.