Eron rahbariyati poytaxt Tehron va boshqa shaharlarda yirik terrorchilik xurujlarining oldi olinganini ma’lum qildi. Razvedka xizmatining bildirishicha, teraktlarni “Takfiriy” tashkiloti rejalagan.
Takfiriy nima degani?
Arab tilida “takfir” va “kofir” so’zlari o’zakdosh. Bir musulmonning boshqasini dindan qaytganlikda, kufrda ayblashi takfir deyiladi.
Musulmon dunyosida takfir so’zi qachon ishlatiladi?
“Takfiriy” atamasini ayrim ekstremist guruhlar boshqa, “yetarlicha musulmon bo’lmagan” odamlarni ta’riflash uchun ishlatadi. Amalda, mafkurasiga qo’shilmaganlar yoki ularga sadoqat bildirmaganlar ham takfiriylar sirasiga kiritilishi mumkin. Bu holda dindan qaytgan deb hisoblanganlar o’lim jazosiga mahkum qilinadi.
Masalan, sunniylarning ko’pgina guruhlari, shu jumladan Pokistondagi “Lashkari Jangvi” shialarga nisbatan bu atamani qo’llaydi. Shialarning “Tahriki Jafariya” guruhi esa sunniylarni takfiriy deydi.
Takfiriylar kim?
Pokistonlik islomshunos Qibla Ayozning tushuntirishicha, takfiriy tarixi islom davrining birinchi asrida shakllangan Xorijiylar guruhiga borib taqaladi. Xorijiylar xalifa Aliga qarshi isyon ko’targan, so’ngra uning joniga qasd qilgan.
Shialarda ham takifiriy guruhlar bormi?
Shialar orasida o’z raqiblarini takfiriy degan guruhlar ko’p bo’lgan.
Shialar mafkura jihatidan o’ziga dushman bo’lgan guruhlarni takfiriy degan va bunday guruhlar rahbarlari va a’zolariga suiqasd qilgan, deya tushuntiradi pokistonlik islomshunos Javad Ahmad G’amidiy va shialar Takfiriy guruhi rahbari Hasan bin Sabbohni misol keltiradi.
Kim boshqani takfiriy deyishi mumkin?
Islomda hech bir shaxs yoki guruhga bunday vakolat berilmagan bo’lsa-da, Pokistonda tamg'alash hollari ko’p uchraydi. Ko’pgina musulmonlar fikricha, takfir “tamg’asini” faqat dinni yaxshi bilgan ulamolar kengashi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va ilmiy faktlarni inobatga olgan holda “bosishi” mumkin.
Eron va Takfiriylik
Eron rahbariyati Saudiya Arabistoni kabi raqib davlatlar bilan aloqaga ega va hukumatga qarshi chiqishi mumkin guruhlarni takfirda ayblaydi.
Masalan, Tehron “Islomiy davlat” ekstremist guruhini takfiriy degan, shuningdek, Suriyada hukumatga qarshi kurashayotgan isyonchilarni ham “G’arb quvvatloviga ega takfiriylar” deydi. Zotan, Eron hukumati Suriya Prezidenti Bashar Assad tarafdori.
“Islomiy davlat” takfiriy guruhmi?
Qibla Ayoz va Ahmad G’amidiy bu savolga “ha” deya javob beradi.
“Islomiy davlat” raqib sunniy guruhlari hamda shialarni mafkuraviy dushman, deb hisoblaydi. “Islomiy davlat” jangarilari va tarafdorlari dushman mulkini olib qo’yish, ayollarini qulga aylantirish kerak, deydi. Bu amaliyotlar takfiriy mafkurasida ma’qullanadi”, - deydi Ayoz.