Suriyada Assad tuzumining qulashi Turkiyada mintaqaviy ta’sir uchun raqobatda Eron ustidan g’alaba sifatida ko’rilmoqda. Biroq tahlilchilar Tehron o’yindan butunlay chiqmaganini ta’kidlaydi.
Suriyada fuqarolar urushida Anqara Assadga qarshi kuchlarga, Tehron esa Damashqqa madad bergan.
“Turkiya Eronni Iroqda, Suriyada va Janubiy Kavkazda zaiflashtirdi. Ya’ni shu barcha uch yo’nalishda Eronni ortda qoldirdi. Turkiya Eronning bundan-da zaifroq bo’lishiga qarshi emas”, - deydi Germaniyaning Turkiyadagi Marshall jamg’armasi rahbari O’zgur Unluhisharchikli.
Kuzatuvchilar Eron-Turkiya aloqalarini ko’pincha raqobat va hamkorlik o’rtasidagi muvozanat deya ta’riflaydi. Biroq so’nggi paytlarda raqobat hamkorlikdan ustun kelmoqda – Anqara Eron o’z ta’sir doirasida deb bilgan va Eron proksilari himoyasidagi yo’nalishlarda qudratini oshirmoqchi.
“Arab mamlakatlarida isyonlar boshlanganidan beri Eron Turkiyani kamida ikki bor dushman deb ko’rdi. Eron proksilari Turkiyaning milliy manfaatlarini pisand qilishmayapti. Eron Iroq va Suriyada Kurdiston ishchilar partiyasi va kurdlarning Xalq mudofaa otryadlariga kuch berdi”, - deydi Marmara universitetining professori Bilgexon Olako’z.
PKK o’nlab yillar davomida kurdlarning Turkiyada huquqlarini oshirish uchun kurashib keladi. Anqara Xalq mudofaa otryadlarini PKK bilan til biriktirganlikda ayblab keladi.
Tahlilchilar Eron Turkiyaning mintaqadagi faol tashabbuslariga qarshi turish uchun kurd qurolli guruhlarini qo’llab-quvvatlashi mumkinligiga ishora qilarkan, Tehronni jilovlashda Turkiya Isroil bilan maslakdosh ekanini aytadi.
“Isroil va Turkiya Eron ekspansionizmini to’xtatishdan birday manfaatdor. Biroq Isroil va Turkiya bu masalada to’g’ridan-to’g’ri hamkorlik qilayotgani yo’q, faqat bilvosita. Isroil “Hizbulloh”ni zaiflashtirdi, Turkiya esa Suriyada isyonchilarni qo’llab-quvvatlab, Assad tuzumining qulashiga turtki berdi”, - deydi tel-avivlik tahlilchi Galliya Lindenshtraus.
Turkya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an AQSh bilan aloqalarni tiklashga umid qilar, Oq uyga kirishga hozirlanayotgan Donald Tramp esa Eronga bosimni oshirishga va’da berarkan, tahlilchilar o’zaro hamkorlik uchun imkoniyatga ishora qilmoqda.
“Agar janob Tramp Eronga nisbatan yangicha yechim va usulni qo’llashni rejalayotgan bo’lsa, unga bu masalada Turkiyaning yordami va hamkorligi kerak bo’ladi. Masalaga kengroq qaraydigan bo’lsak, Turkiya va AQSh yaqinlashishi kerakligini ko’ramiz”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.
Kuzatuvchilar Eron va Turkiya asrlar davomida to’g’ridan-to’g’ri to’qnashuvdan qochib raqobat qilib kelayotganiga ishora qiladi. Bundan keyin ham shunday bo’lishi har ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiladi.