Suriyada Bashar Assad tuzumining ag’darilishi ketidan Isroil va Turkiya bu mamlakatga qo’shin kiritdi. Isroilning G’azodagi urushi natijasida bu ikki mamlakat o’rtasida taranglashgan aloqalar yangi mintaqaviy to’qnashuvga olib kelishi mumkinmi?
“Turkiyani shimol tarafdan Isroilga qo’shni desa ham bo’ladi. Oldin bunday bo’lmagan. Isroil Suriya Erondan qurollarni olib o’tishda yana foydalanishidan xavotirda, demak kelajakda Suriyada harakatlanishiga to’g’ri keladi. Turkiyaning Suriya janubiga qo’shin kiritgani esa Isroilga bu ishda muammo yaratishi va to’qnashuvga olib kelishi mumkin”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Galliya Lindenshtraus.
Isroil hukumati tayyorlagan hisobotda ham to’qnashuv xavfi tilga olinadi. Ayniqsa Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saarning Anqara terrorchi deb bilgan suriyalik kurdlarni qo’llab-quvvatlashi haqida ochiq gapirishi ketidan.
Isroil rahbari ham, Turkiya prezidenti ham AQShda prezidentlikka qayta saylangan Donald Tramp bilan yaqin aloqalarini pesh qilarkan, Tramp qaysi tarafning yonini olishi hozircha ma’lum emas.
“Tramp o’z mahkamasiga tayinlagan odamlarning Isroilga xayrixoh, Netanyaxuga xayrixoh ekanini ko’rsa bo’ladi. Turkiyaning Isroil bilan yomon aloqalari yangi mahkamaga muammo tug’diradi, ayniqsa AQSh Kongressiga. Nazarimda, Trampning ichki doirasiga kiradigan odamlar Turkiyani mintaqada muhim deb biladi”, - deydi Vashintondagi Brukings institutining tahlilchisi Asli Oydintoshbosh.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an G’azoda otashkesimga qaratilgan muzokaralarda vositachi bo’lishni istaydi.
Tramp 20-yanvarga belgilangan inauguratsiyagacha XAMAS garovga olgan isroilliklarning ozod etilishini talab qilmoqda, urushni yakunlash ahdida qat’iy, bu esa, ayrim kuzatuvchilar nazarida, Erdog’an uchun imkoniyatdan foydalanishga va Oq uyga qaytayotgan rahbar bilan aloqalarni kuchaytirishga yaxshi imkoniyat.
“Isroil G’azoda oladiganini olib bo’lganidan so’ng Erdog’anda Isroilni har kuni so’kishga sabab qolmaydi, bu esa Turkiya-Amerika aloqalarini yaxshilash yo’lida to’g’anoq bo’lib turgan eng muhim to’siqning yo’qolishiga olib keladi”, - deydi turkiyalik tahlilchi Atilla Yeshilada.
Tramp Isroil-Saudiya Arabistoni aloqalarini normallashtirishga qaratilgan harakatlarini jonlantirishi kutilarkan, bu ziddiyatlarning yanada pasayishiga hissa qo’shishi mumkin.
“Agar Tramp buning uddasidan chiqsa, Saudiya Arabistoni va Isroil o’rtasida diplomatik aloqa o’rnatilsa, bu Isroil-Turkiya aloqalariga ham ijobiy ta’sir qilishi mumkin. Chunki Saudiya Arabistoni bilan aloqalarni normallashtirish kelishuviga Falastin komponenti ham kiradi. Bu esa Isroil va Turkiya o’rtasida Falastin masalasi bo’yicha mavjud ayrim ziddiyatlarni yumshatishi mumkin”, - deydi isroillik tahlilchi Lindenshtraus.
Isroil G’azoda urush boshlamasidan oldin Turkiya bilan aloqalari iliqlashayotgan edi, biroq hozir mintaqada harbiy jihatdan qudratli ikki mamlakat armiyalari Suriyada ro’baro’ kelmoqda.