Breaking News

"Islomiy davlat" Anbar viloyatida ko'plab mahbuslarni qatl etgan


Iroq davlat telekanalining xabar berishicha, "Islomiy davlat" guruhi jangarilari chegaradagi Qoim shahrida ko'plab mahbuslarni o'ldirgan. Bu Anbar viloyatini ozod qilshga qaratilgan hukumat harakatiga javoban amalga oshirilgan bo'lishi mumkin.

Viloyatning qabilaviy yetakchilaridan biri shayx Naim Qoudga ko'ra, o'lganlar turli qabilalarga mansub bo'lib, jangarilar ularni hukumat xavfsizlik kuchlari bilan hamkorlik qilganlikda ayblagan.

Anbar kengashi rahbari Sabah al-Karhut esa viloyatni "Islomiy davlat"dan tortib olish amaliyoti boshlangani haqida xabar berdi. Uning aytishicha, amaliyotda politsiya, armiya hamda qabila jangchilari ishtirok etmoqda. Muhojirlar yaqin orada o'z uylariga qaytish imkoniyatiga ega bo'ladi, deydi u.

Anbar viloyati hokimi Suhayb al-Roviy Ramadi shahri ham ozod qilinish arafasida ekanini aytib, jangarilarga qarshi kurashayotgan xavfsizlik kuchlarining kayfiyati yuqori, deydi. Mahalliy ko'ngillilarga ham qurol tarqatilmoqda va Anbarning ikkinchi eng katta shahri Fallujani egallash uchun 1500 askar tayyorgarlikdan o'tmoqda.

8-aprel kuni Ramadi sharqidagi Habaniya havo bazasiga tashrif buyurgan Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy Anbar viloyatini ozod qilish uchun barcha iroqliklar kurashishini va janglar ortidan talon-taroj hamda mazhabparastlik jinoyatlarining yuz berishiga yo'l qo'yilmasligini ta'kidladi.

Ayrim sunniy yetakchilar shia jangchilarini oddiy sunniy aholiga zug'um o'tkazayotganlikda ayblaydi. Videolarda shia guruhi vakillarining Tikrit shahrida uy va do'konlarga o't qo'ygani aks etgan.

Jangarilar Tikritni tark etgach, uchta muhim neft konlarini ham qo'ldan boy bergan. Guruh amaliyotlarini moliyalashda neft savdosi muhim o'rin tutadi. "Islomiy davlat" shimoliy va sharqiy Suriyada hanuz ko'plab neft quduqlarini nazorat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG