Breaking News

Namoyishlar ketidan Iroq bosh vaziri islohotlar va'da qildi


Iroq hukumati korrupsiyaga qarshi kurashish uchun keng qamrovli islohotlar va'da qilmoqda. Mahalliy faollar mamlakat tobora notinch ekaniga shu illatni sabab qilib ko'rsatishadi.

Namoyishlar ketidan Iroq bosh vaziri islohotlar va'da qildi - Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00

Tahlilchilarga ko'ra, islohotlar nafaqat aholini oddiy xizmatlar bilan ta'minlash uchun kerak, balki armiya salohiyatini ham oshiradi.

Iroqda minglab odam elektr ta'minotini yaxshilashni talab qilib jazirama issiqda bir necha hafta namoyish qildi. Shundan so'ng Bosh vazir Haydar al-Abadiy islohot dasturi bilan chiqdi.

Poraxo'rlik va lavozimini suiiste'mol qilganlikda gumon qilingan amaldorlar ishdan olinyapti, mulozimlarga atalgan ayrim imtiyozlar bekor qilinyapti.

Rejaga ko'ra, uch vitse-prezident va bosh vazir o'rinbosarlari lavozimi qisqartiriladi. Anbar viloyati hokimi ham to'rt yildan ortiq xizmat qilgan maslahatchi va o'rinbosarlari ishdan ketishini e'lon qilgan. Al-Abadi, shuningdek, konstitutsiyani ham o'zgartiramiz, demoqda.

Iroq parlamentida bir ovozdan ma'qullangan bu choralarni aholi iliq qarshi olgan.

Yaqin Sharq bo'yicha tadqiqotchi Renad Mansur fikricha, al-Abadiy reformalar yordamida armiyani yaxlit kuchga aylantirishi lozim. Shunda "Islomiy davlat" terror guruhiga qarshi samarali kurashsa bo'ladi.

"Xavfsizlik sektorini tartibga solish bosh vazir oldidagi eng muhim vazifalardan. Chunki davlat xavfsizlikni ta'minlashda turli qurollangan guruhlarga qarab qolgan", - deydi Mansur.

O'zini "Islomiy davlat" deb ataydigan jangarilar, xalqaro koalitsiya hujumlariga qaramasdan, Iroq va Suriyada shu kungacha millionlab aholi yashaydigan katta hududlarni nazorat qilib kelayapti.

Aksar iroqliklar nazarida bu guruh oyoqqa turishida korrupsiya katta rol o'ynagan. Lekin, deydi Mansur, islohot dasturini amalga oshirish oson bo'lmaydi.

"Hozirgi pallada ehtiyotkorlik bilan, muvozanat bilan ish tutishga to'g'ri keladi, chunki o'zgarishlar yo'lida jiddiy to'siqlar bor. Boshqa tomondan, tashabbusni olg'a surayotganlar ham jiddiy kuch", - deydi suhbatdosh.

Reforma dasturini Iroq shialari rahbari Oyatulla Ali al-Sistaniy va boshqa yetakchilar quvvatlayapti. Shu bilan birga, tadqiqotchi Renad Mansur bosh vazir vakolatlari kengaytirilishiga ham e'tibor qaratadi.

Haydar al-Abadiy korrupsiyaga qarshi kurash bahonasida raqiblaridan qutulmoqchi, deb da'vo qilayotganlar ham bor.

"Yaqin Sharq ko'zgusi" gazetasi muxbiri Suadad al-Salhiyga ko'ra, Iroq hukumati islohotlarni ortiq kechiktira olmaydi. Xalq shuni talab qilayapti.

"Korrupsiya haqiqiy muammoga aylangan. Islomiy davlat" singari zo'ravon, qonxo'r guruhlar uchun bu juda qulay muhit", - deydi jurnalist.

"Islomiy davlat" Iroqdan yaqin orada haydab chiqarilishi gumon, lekin al-Salhiy fikricha, shahar va qishloqlarda bir necha hafta ichida elektr ta'minotini tiklasa bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG