Iroq qo’shinlari Anbar viloyati poytaxti Ramadiga g’arbdan kirib, shahar markaziga qarab harakat qilayotganini ma'lum qilmoqda. Ayni vaqtda Iroq hukumati va AQSh rasmiylari Rossiyaning “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi olib borayotgan kurash uslubidan norozi.
Iroq davlat televideniyesining ma’lum qilishicha, hukumat qo’shinlari Anbar viloyati poytaxti Ramadi yaqinidagi hududlarni IShID o’rnatgan minalardan tozalab, shaharga kirib borgan.
"Iroq qo’shinlari Ramadini ozod etishga qaratilgan janglarni davom ettirmoqda, shahar markaziga yo’l olgan. Dushman istehkomlarini vayron qilmoqda. Kuchli zarbalar sababli “Islomiy davlat” jangarilari qochyapti,” - deya vaziyatni ta’rifladi Anbar viloyati so’zlovchisi general Yahyo Rasul.
Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy chorshanba kungi bayonotida Iroq IShIDga qarshi kurashda xorijiy qo’shinlarning yordamiga muhtoj emas, der ekan, havo hujumlari Iroq harbiylari bilan kelishilgan holda amalga oshirilsin, deb talab qildi. U, shuningdek, Rossiya bilan harbiy hamkorlik boshlanganini inkor etdi.
“Iroq, Eron va Rossiya o’rtasidagi hamkorlik boshlanishiga kamida uch oy bor”, - dedi rasmiy.
Iroqlik harbiy tahlilchi, Ichki ishlar vazirligining sobiq so’zlovchisi Abdul Karim Xalaf davlat televideniyesiga “Rossiyaning Iroqdagi havo hujumlariga qo’shilishi Rossiya va Iroqning eng yuqori martabali rasmiylari bilan kelishilgan”, deb aytgan edi.
AQShning IShIDga qarshi harbiy operatsiyalari rahbari general Jon Allen mojaroni muhokama qilish uchun chorshanba kuni Bag’dodda Iroq rasmiylari bilan uchrashdi. Ayni kuni AQSh elchisi Styuart Jons Iroq parlamenti spikeri Selim Jabboriy bilan uchrashib, Rossiyaning Iroq bilan xavfsizlik hamkorligi xususida qonunchilar fikrini muhokama qilgan.
Saudiya Arabistoniga qarashli “Al-Hayat” gazetasining AQSh rasmiysiga asoslanib xabar berishicha, Rossiya jangga qo’shilsa ham, Vashington jangarilarga qarshi havo hujumlarini davom ettiradi, ammo ularning soni kamroq bo'lishi mumkin.