Detroyt sudi salkam 1500 iroqlikni AQShdan deportatsiya qilish qarorini to'xtatib, ularning boshpana olish arizasini to'liq ko'rib chiqishni buyurdi.
Sudya Mark Goldsmitga ko'ra, bu odamlar vataniga qaytarilsa, o'lim, qiynoq yoki ta'qiblarga duchor bo'lishi mumkin.
O'tgan oy Michigan shtatida jinoiy tarixga ega 100 dan oshiq katolik hibsga olingan edi. Keyinchalik bu ro'yxatga boshqa nasroniylar, iroqlik kurdlar, AQShda mayda va jiddiy jinoyatlar sodir etgan iroqlik muhojirlar ham qo'shildi.
Amerika Fuqaro Erkinliklari Ittifoqi deportatsiyalar 24-iyulga qadar qoldirilganini olqishlamoqda.
Bu ish Prezident Donald Trampning olti mamlakat fuqarolarini Amerikaga qo'ymaslik farmoniga taalluqli emas. Olti davlat orasida Iroq yo'q. Mart oyida Iroq hukumati AQShdan deportatsiya qilingan fuqarolarini qabul qilishga rozilik bergan.
Deportatsiya ro'yxatiga tushgan ayrim iroqliklar Amerikaga bolaligida olib kelingan, jinoyatlarni ham ular o'nlab yil oldin sodir etgan.
Facebook Forum