Breaking News

Ekspertlar: "Islomiy davlat"ni yo'q qilish qiyin


AQSh va xalqaro koalitsiya Kobani shahridagi "Islomiy davlat" manzillarini havodan nishonga olishda davom etar ekan, kuzatuvchilar jangarilarning tajribali va mustahkam infratuzilmaga ega ekani haqida ogohlantirmoqda.

"Islomiy davlat"ning kuchi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:40 0:00
Yuklab oling

Kobanida havo zarbalari bir necha kundan beri davom etishiga qaramay, jangari guruhning qora bayrog'i hanuz shahar binolarida hilpirab turibdi.

"Islomiy davlat" askarlari soni 30 mingdan 35 minggacha ekani, yetakchilari orasida esa tajribali sobiq harbiylar ham borligi aytiladi. "Rand" korporatsiyasi tahlilchisi Ben Konnablga ko'ra, guruh jiddiy harbiy tayyorgarlikka ega.

"Ular turli xil qurollardan bir paytning o'zida unumli foydalanishni yaxshi biladi. Bevosita va bilvosita hujumga o'tishni ham. Harbiy hiyla ishlatishga ham usta. Qattiq jang qilishadi. Oddiy askarlarning ishonchini qozongan yaxshi yetakchilari ham bor. Ular nafaqat olg'a siljishda va ixtiyorlaridagi qurollardan samarali foydalanishda, balki qarshi hujumlarga dosh berib, ularni qaytara olishda ham muvaffaqiyat qozonmoqda", - deydi kuzatuvchi.

Tahlilchilarga ko'ra, jangarilar safida yuzlab tajribali va tajovuzkor chechen qo'mondonlari ham jang qilmoqda. Iroqning Anbar viloyatida guruh olib borayotgan partizanlik uslubidagi hujumlarga chechen Omar Shishaniy yetakchilik qilayotgani aytiladi.

Shishaniy va uning jangchilari Bag'dodga yaqinlashib qolgan. Ammo shaharni olish guruh uchun oson kechmaydi, deydi kuzatuvchilar. Yetti million kishilik poytaxt kuchli armiya va shia jangchilari tomonidan qo'riqlanadi.

AQSh armiyasi Urush kolleji professori Endryu Terilga ko'ra, jangarilar shaharni egallashdan ko'ra, unga ko'proq zarar yetkazishga urinishi mumkin.

"Ular Bag'dodga ko'plab xudkush bombachilarni jo'natadi. Shahar ichidagi sunniy mahallalarda ham isyon ko'tarishga urinishadi. Imkoni boricha, mamlakatni boshqarishni qiyinlashtirishmoqchi", - deydi u.

Poytaxtdan ancha uzoqdagi Kobani shahrida esa jangarilar an'anaviy usulda jang olib bormoqda. Turkiya chegarasi yaqinidagi shahar oziq-ovqatga boy mintaqada joylashgan. "Islomiy davlat" Iroq va Suriyadagi muhim iqtisodiy resurslarni qo'lga kiritishni ko'zlamoqda.

Koalitsiya zarbalariga qaramasdan, shaharni qo'lga kiritish guruh uchun muhim propaganda vazifasini o'taydi, deydi Demokratiyalarni himoya qilish jamg'armasi olimi David Gartensteyn-Ros.

"Havo hujumlari ular ishini sekinlashtirmayotganini ko'rsatish muhim. Ularning modeli ko'proq odamni o'zlariga jalb etishga qaratilgan. Xalqaro kuchlarning shuncha bosimiga qaramay, olg'a yurayotganlarini ko'rsatish ularning tashviqot ishlariga yordam beradi. Guruh uchun ham ruhiy dalda bo'ladi", - deydi tahlilchi.

"Islomiy davlat" shu paytgacha vaziyatga qarab o'z taktikasini o'zgartirishga qodir ekanini ko'rsatdi. Jangarilar Iroqdagi sunniy-shia ixtilofidan, shuningdek, Turkiya va kurdlar o'rtasidagi ziddiyatdan ham o'z manfaatlari yo'lida foydalanmoqda. "Rand korporatsiyasi" tahlilchisi Konnablga ko'ra, hatto guruh rahbari Abu Bakr al-Bag'dodiy yo'q qilingan taqdirda ham, "Islomiy davlat" yashab qolishi mumkin.

"Abu Bakr al-Bag'dodiy tashkilot rahbari yoki eng taniqli yetakchi bo'lishi mumkin. Ammo ularda harbiy va boshqaruv kengashi ham bor. Kengash asosida ishlaydigan tashkilotlar o'zgarishlarga tez moslashuvchan bo'ladi", - deydi u.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Haydar al-Abadiy yetakchiligidagi yangi hukumat Iroqning sunniy aholisi ishonchini qozonmaguncha, janglar davom etadi. Hatto "Islomiy davlat" Iroqdan surib chiqarilsa ham.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG