Breaking News

Turkiya Kobanidagi kurdlarga qurol berilishiga qarshi


Kobani, Suriya
Kobani, Suriya

AQSh rasmiylarining ma'lum qilishicha, Amerika yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya tunda Suriyada "Islomiy davlat" pozitsiyalarini sakkiz bor havodan nishonga olgan. Koalitsiya kurdlarga Kobani shahrini islomiy jangarilardan mudofaa qilishda yordam bermoqda. So'nggi hujumlarda shaharda to'rt odam yaralangan.

Jangarilar ham kurdlarni o'qqa tutishda davom etmoqda. Ammo so'nggi kunlarda kurdlar Kobani atrofidagi bir necha qishloqni qayta ishg'ol etishga muvaffaq bo'lgan.

Bu o'rtada Turkiya kurd jangarilariga qurol uzatmasligini bildirmoqda.

"Ularga qurol berilishiga qarshimiz", - deydi mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an.

Uning aytishicha, Turkiya uchun Suriyada jihodchilarga qarshi jang qilayotgan kurdlar ham, Turkiyaga qarshi qurol ko'targan Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilari ham bir.

"Amerika ularni qurol bilan ta'minlashiga qarshimiz", - dedi Erdog'an.

AQSh rasmiylari Suriyadagi kurd siyosiy partiyasi - Kurd demokratik ittifoq partiyasi bilan muloqot qilgan. Amerika Prezidenti Barak Obama kecha telefon orqali Erdog'an bilan Kobanidagi vaziyat va jihodchilarga qarshi samarali kurash xususida gaplashgan. Turkiya salkam bir million qochqinni qabul qilganidan Obama minnatdorchilik bildirdi, deyiladi Oq uy bayonotida.

Iroq parlamenti yangi hukumatda mudofaa va ichki ishlar vazirlari lavozimlariga nomzodlarni ma'qullagan. Mamlakat "Islomiy davlat"ga qarshi kurashar ekan, hukumatning to'liq tarkibda ishlashi muhim.

Shimoldagi Mosul shahridan sunniy arbob Xolid al-Ubaydiy mudofaa vaziri, shia deputat Muhammad al-G'abbon esa ichki ishlar vaziri bo'ldi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, endi hukumat butun diqqatni jihodchilarga qarshi kurashga qaratishi mumkin.

""Islomiy davlat"ga qarshi harakatlarni tashkil etishda bu rasmiylarning tayinlanganini ijobiy hol deb hisoblayman. Qo'shma Shtatlar xalqaro koalitsiyani kengaytirishda davom etar ekan, Iroq hukumati bilan bu borada hamkorlik qilishga tayyor", - dedi Kerri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG