Breaking News

Xalqaro koalitsiya Suriya muxolifatini treningdan o'tkazadi


AQSh maxsus vakili general Jon Allenga ko’ra, Suriya muxolifatini qurollantirish va treningdan o’tkazish tez orada amalga oshadigan ish emas.

Xalqaro koalitsiya Suriya muxolifatini treningdan o'tkazadi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:15 0:00
Yuklab oling

Allen ekstremistlar bilan kurash ketayotgan Yaqin Sharq mintaqasiga safaridan so’ng jurnalistlar bilan suhbatda bo’ldi.

General Allenning aytishicha, xalqaro koalitsiya “Ozod Suriya” armiyasi tarkibidagi ayrim guruhlarni oyoqqa turg’izadi, toki ular bir kun kelib “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi mustaqil harakat qila olsin.

Koalitsiya ko’zlayotgan strategiya keng qamrovli, deydi Allen. Suriya oppozitsiyasining jangovar qobiliyatini oshirish bilangina cheklanib qolmaydi.

“Suriyadagi rejim bilan olishayotgan guruhlar birlashib, hamkorlikda ishlab, mamlakat siyosiy kelajagini qurishda ham rol o’ynashi kerak”.

General Jon Allen mintaqaga safari davomida oppozitsiya a’zolari bilan uchrashgan va Turkiyada to’xtab o’tgan. Bu davlat, ma’lumki, jihodchilarga nisbatan sustkashlikda, ayniqsa chegaradagi Kobani shahrini o’z holiga tashlab qo’yganlikda ko’p tanqid qilinyapti.

Suriya shimolida joylashgan bu shaharda so’nggi bir oyda 300 ga yaqin odam o’lgan, shundan 260 nafari kurd jangchilari. Koalitsiya yordamiga qaramasdan, “Islomiy davlat” Kobani shahrining yarmini bosib olgan.

Allenning aytishicha, Kobani atrofida havo hujumlari gumanitar maqsadlarda amalga oshirilyapti. Biroq general biror strategik maqsadni ko’zlayapmiz, deyishgacha bormadi.

Kobanidan yuzlab oilalar Turkiyaga qochib o’tgan. Uning himoyasida turganlar asosan kurd jangchilari.

Kurdiston Xalq mudofaa tizimlari so’zlovchisi Po’lat Kan xalqaro koalitsiya bilan razvedka bobida hamkorlik borligini aytadi.

“Qaysi joylarni havodan nishonga olishni, koordinatalarni biz uzatib turibmiz”, - deydi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

General Allenga ko’ra, koalitsiya safini kengaytirish ishlari davom etayapti. Yaqin orada u Fors ko’rfaziga safar qilib, “Islomiy davlat” ga kelayotgan moliyani uzish yo’llarini muhokama qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG