Breaking News

Kurdlar: Kobani shahrini boy berish - sharmandalik


Kurdlar dunyodan madad so'ramoqda
Kurdlar dunyodan madad so'ramoqda

Kobani, Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh shahri, hayot-mamot uchun kurashmoqda. 50 mingga yaqin aholining katta qismi hozir uy-joyini tashlab qochgan. Qolganlar esa "Islomiy davlat" dek yovuz kuch bilan yuzma-yuz kurashib, ona shahrini uning changalidan saqlab qolish harakatida.

Kurdlarga yordam yetkazayotgan AQSh 10-oktabr kuni "Islomiy davlat" pozitsiyalarini havodan to'qqiz marta nishonga olgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kobani terrorchilar qo'liga o'tsa, yuzlab odam qatl etilishi turgan gap deya ogohlantirmoqda.

Qaqshatqich janglar avjida. "Islomiy davlat" ga qarshilik kuchli. Biroq shaharning bir necha tumani allaqachon bu tizim iznida.

Qatardan siyosiy tahlilchi Maykl Stivens kurdlar bo'sh kelmayapti deydi.

“Suriya Kurd partiyasi yetakchilari orasida Kobani shahrida tug'ilganlar bor. Uni terrorchilarga boy berish kurdlarning ruhini sindiradi, ularni Suriyadagi muhim maskanlaridan ayiradi", - deydi ekspert.

Kobani kurd muxtoriyati uchun sinov, deya mulohaza yuritadi Londondan professor Ibrohim Sirkechi.

“Kurdlar bu shaharda chuqur ildiz otgan. O'zlarini mustaqil ravishda boshqarib kelar edi", - deydi u.

BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Staffan de Mistura shaharda 700 ga yaqin fuqaro bor va ular "Islomiy davlat" qo'lida tirik qolmaydi deydi.

U Turkiyani kurd ko'ngillilarini Kobani uchun jangga kirishiga ruxsat berishga undamoqda.

“Turkiya hukumati kurdlarni bu shaharni himoya qilish ishlarida qatnashib, o'z qurol va vositalari bilan kirishi uchun sharoit yaratib berishi kerak", - deydi Mistura.

Anqara esa bunday qarordan yiroq. Kurdlar Turkiyani "Islomiy davlat" ni quvvatlayotganlikda ayblaydi. Bir necha shaharlarda namoyishlar kuzatildi, to'polonlarda o'nlab odamlar halok bo'ldi.

Kurd separatistlari PKK (Kurdiston Ishchilar Partiyasi) rahnamoligida Turkiyaga qarshi uzoq va qonli kurash olib borgan va yaqindan beri orada muzokara boshlanib, tinchlik umidlari una boshlagan. Shu bois Anqara kurdlarning yana harbiy jihatdan kuchayishini istamaydi.

"PKK odamlarini qurol bilan qo'shni davlatga yuborish bu tashkilot nufuzini oshiradi va Turkiya boshiga yangi muammolar yog'ishi mumkin”,- deydi tahlilchi Sirkechi.

Anqara uchun kurdlar ittifoqchi emas, bu oydek ravshan, deydi ekspert Stivens.

“Turkiya uchun "Islomiy davlat" va Suriya kurdlari, ayniqsa ularning mustaqil boshqaruvi birdek dushman. "Islomiy davlat" yutsa balki sal ma'qulroq degan qarash mavjud turk hukumatida",- deydi tahlilchi.

Lekin Kobani terrorchilar qo'liga o'tishi Turkiya uchun ulkan balolar tug'diradi, deydi u.

“Kurdlar Suriyada hamon katta kuch va ular Turkiyani bu qilmishi uchun aslo kechirmaydi”.

Turkiya diplomatlari deydiki, Suriyadagi urushga qarshi choralar NATO doirasida hal etilishi lozim. Suriya prezidenti Bashar al-Assadga nisbatan nima qilishni ham bu organ ichida kelishib olish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG