Breaking News

"Islomiy davlat" tashviqotning yangicha uslubiga o'tmoqda


Kavkazlik Abdulla
Kavkazlik Abdulla

"Islomiy davlat" jangari to'dasi tarqatgan yangi video lavhada guruhning o'zini Abdulla deb atovchi ozarbayjonlik a'zosi yarim soat davomida Ozarbayjon hukumatini qoralab, musulmonlarni Ilhom Aliyev tuzumiga qarshi bosh ko'tarishga da'vat etadi.

Murojaat ozariy tilda ruscha subtitrlar bilan uzatilgan. Abdulla Ozarbayjon hukumati hamda “Islomiy davlat”ga qarshi chiqayotgan musulmon yetakchilariga jahannamni va’da qiladi.

Guruhning rus tilidagi tashviqiy videolariga mas'ul jamoasi ishlagan bu film oldingilaridan farq qiladi. "Islomiy davlat"ning ko'zga ko'ringan vakili ishtirokidagi uzun bayonot yoki o’zini jang maydonida ko’rsatgan bir to'p jihodchilar tashviqoti o’rniga bu gal bir jangarining hikoyasi aks etadi.

O’nlab boshqa propaganda materiallarida bo'lgani kabi kavkazlik Abdulla vatanidagi yosh musulmonlarga murojaat qiladi. Biroq an'anaviy da'vatlar o'rniga Abdulla o’z qissasini turli tasvirlar yordamida bayon qiladi, jihodchining hayotidan parchalar keltiradi.

Abdullani suratga olayotgan kamera uni dam turli qurollar bilan dushman pozitsiyalariga zarba berayotganini, dam vayronaga aylangan mahallalarda mototsikl minib yurganini, dam ko'chada dafn etilmagan yov jasadlari yonidan o'tib ketayotganini ko'rsatadi. Boshqa sahnalarda esa Abdulla asirga olingan “kofirlar” hujjatlarini tekshirayotgan, keksa ayolni ziyorat qilayotgan, mag’lub bo’lgan dushman boshini oyog’i bilan ezayotgan bo'ladi.

Film qahramoni "vatanimda hech kim edim, bu yerda esa nufuzga ega bo'ldim" deyish bilan hayotida omadsizlikka uchragan, irodasi zaif insonlarni "Islomiy davlat"ga jalb etishni maqsad qiladi.

Bu videoni internetdan yo'qotishga qaratilgan ko’plab urinishlar natijasiz qolmoqda. Film turli forum va ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo'lmoqda.

Abdulla videoda ozariy tilidan tashqari ona tili bo'lmish lezginchada ham qisqacha gapiradi, birodarlarini Iroq va Suriyada “Islomiy davlat”ga qo’shilish imkoni bo'lmasa, istalgan joyda hujumlarni amalga oshirishga da'vat etadi.

Bunday targ’ibot ta’siri va natijasini o’lchash qiyin. Masalan, 28-iyun kuni Istanbulning Otaturk xalqaro aeroportida bomba portlatganlardan biri Vadim Osmanov Abdulla kabi lezgin millatiga mansub bo'lgani bilan uning Abdulla ishtirokidagi filmdan ruhlangani isbotlanmagan. Biroq izlanishlardan shunisi ma'lumki, biror millat vakili jangari guruh ichida ko'zga ko'rinib qolsa, uning qardoshlari ham bu yo'ldan borishga va o’z terror tarmoqlarini tuzishga harakat qiladi.

Kavkazlik Abdullaning videosi uning Ozarbayjondagi qishlog'igacha yetib borgani ma'lum.

“Urvada hamma bu videodan xabardor”, - deydi Ozarbayjon shimolidagi Urva qishlog’idan Sevleddin Iskandarov.

Dog’iston bilan chegaradosh bu qishloq Qusar tumanida joylashgan bo'lib, u yerda 3000 odam yashaydi, asosan lezginlar. Ular dog’istonlik lezginlarni qardosh deb biladi, bordi-keldisi bor.

"Abdullani taniyman, hamqishlog'im. Asl ismi Yurik Gulmirza o’g’li Xasiyev”, - deydi Iskandarov.

Uning aytishicha, Yurik Suriyaga ketishidan oldin ham tinch yurmasdi.

"Qizil soqol qo’yib, masjidga bormasdi, vahobiy edi”, - deydi u.

Iskandarovning bildirishicha, Xasiyev Urvada qolgan ota-onasi va qarindoshlari bilan internet orqali tez-tez gaplashib turadi.

“Lekin uning hozirgi faoliyatini hech kim ma’qullamaydi, oilasi ham”, - deydi hamqishlog'i.

Ozarbayjon hukumati Xasiyev tushgan videoga munosabat bildirib, propaganda materiallaridagi tahdidlar jiddiy emasligini, Abdulla do'q-po'pisa qilgan Kavkaz musulmonlari tashkiloti rahbari shayx Ollohshukur Poshazodani himoyaga olishini aytdi.

Nyu-Yorkda joylashgan “Soufan Group” konsalting firmasiga ko’ra, 2014-yilda “Islomiy davlat”ning Iroq va Suriyadagi saflarida 216 ozariy jang qilgan. Vashingtondagi "Heritage" tahlil markazi hisobicha esa guruhning ozariy a'zolari soni 300 nafar atrofida.

"Turkiya Suriya bilan chegaradagi xavfsizlik choralarini kuchaytirganidan buyon “Islomiy davlat” saflarida ozariy jangarilar ancha kamaygan", - deydi “Soufan Group” vitse-prezidenti Martin Rirdon.

Uning aytishicha, to’da Iroq va Suriyadagi janglarda katta talafot ko'rarkan, vataniga qaytayotgan ozariylar ko’p. Ular jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatida ko'rilmoqda, chunki jang maydonlarida tajriba orttirgan, jihod mafkurasidan voz kechganicha yo’q, jihodni vatanida davom ettirmoqchi.

“Islomiy davlat”ning Ozarbayjondagi maqsadi jihod mafkurasini targ’ib qilib, mahalliy tarmog'ini tuzish, deydi Rirdon.

Unga ko'ra, odamlar guruhning soxta davlat ekanini anglab yetsa, “Islomiy davlat” tarafdorlari kamayishi mumkin, ammo uning mafkurasi yashashda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG