Isroilning 120 vakildan iborat parlamentida hukmron koalitsiyaga a’zo 64 qonunchi, jumladan spiker Oliy sud vakolatlarini cheklovchi qonun loyihasiga ovoz berdi. Tashabbusga qarshi 56 ta muxolif deputat esa jarayonni boykot qilib, ovoz berish paytida majlislar zalini tark etdi.
Bosh vazir Benyamin Netanyaxu tarafdorlari parlamentda ko’pchilikni tashkil etgani bois sud tizimi islohotini ko’zda tutgan qonunlardan biri qabul qilindi.
Yanvar oyida taklif etilgan hujjat Oliy sudning hukumat va vazirlar qarorlarini bekor qilish vakolatini cheklaydi. Chora tanqidchilari va unga qarshi mamlakat bo’ylab namoyish qilgan minglab fuqaro nazarida, yangi qonun sud mustaqilligini yemiradi.
Isroilda konstitutsiya yo’qligi sabab qarorlar qabul qilishda Oliy sud konstitutsiya moddalari va bandlariga emas, sud a’zolarining sub’yektiv fikrlariga tayanadi.
Bugun qabul qilingan qonun sudyalarning ana shu vakolatini cheklaydi. Oliy sud bundan keyin ham hukumat qarorlarini bekor qilishi mumkin, biroq buning uchun mavjud qonunlarga tayanishi zarur.
Bugun Quddusda politsiya namoyishchilar bilan to’qnashgan. Odamlar o’tirib yo’llarni to’sishga harakat qildi, politsiya yo’llarni namoyishchilardan tozalashga harakat qildi.
"Hozirgi hukumat bilan Isroil demokratiyasini himoya qiluvchi shartnomalarga erishib bo’lmaydi”, - dedi sobiq bosh vazir, muxolifat yetakchisi Yair Lapid.
73 yashar Netanyaxuning o’zi ovoz berishdan oldin kasalxonaga tushdi, yuragiga kardiostimyulator o’rnatildi, bugun uyiga qaytgani aytilmoqda.