Italiya politsiyasi 15 afrikalik musulmonni O'rta dengizda 12 nasroniyni suvga cho'ktirib yuborganlik aybi bilan hibsga olgan.
Sitsiliya poytaxti Palermo politsiyasining aytishicha, hibsga olinganlar diniy adovat tufayli qotillik sodir etganlikda ayblanmoqda. Ularning Fil suyagi, Mali va Senegal davlatlaridan ekani ma'lum. Guvohlarning aytishicha, 15 kishidan iborat bu guruh Nigeriya va Ganadan bo'lgan 12 odamni kemadan suvga uloqtirgan va qolgan nasroniylarni ham o'ldiramiz deb qo'rqitgan.
Bu orada 70 kishilik kema juma kuni ertalab Sitsiliya janubidagi Lampedusa oroliga yetib kelgan. Muhojirlarning 47 nafari erkak, 20 nafari ayol va ikkitasi bola.
Har yili Afrika va Yaqin Sharqning urushga botgan hududlaridan minglab muhojirlar Yevropaga yetib olish uchun O'rta dengizni kesib o'tadi. Gumanitar yordam guruhlarining aytishicha, shu yilning o'zida ochlik, tashnalik va cho'kib ketish oqibatida 500 muhojir dengizda halok bo'lgan.
Kunlar isishi bilan kemalarga minib olgan noqonuniy muhojirlar oqimi ham oshib bormoqda.
O'tgan haftaning o'zida 450 dan ziyod odam suvga cho'kkani taxmin qilinadi. 2014-yilga nisbatan o'lim xavfi 50 barobar ortgan.
Italiya o'z hududiga kirib kelayotgan muhojirlar oqimini to'xtatishda yordam so'rab Yevropa Ittifoqiga murojaat qildi. Rimga ko'ra, muhojirlar sonining oshishiga Liviyadagi boshboshdoqlik sababchi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Liviyadagi terror guruhlariga havodan zarba berish tashabbusi bilan chiqqan.
Muhojirlarning bir qismi Gretsiyaga yo'l oladi. Bu yerda iqtisodiy jihatdan nochor hukumat hibsga olingan immigrantlarni saqlab turishga qurbi yetmayapti. Afinaning aytishicha, muhojirlar ishlari uchun ajratilgan byudjet ishlatib bo'lingan va hozir noqonuniy immigrantlar markazlardan ozod qilib yuborilmoqda.