Breaking News

Qrim-tatar taqdiri haqidagi qo'shiq Yevropa sahnasida yangrarmikan?


Jamala qrim-tatarlarning 1944-yildagi ommaviy surguni haqida kuylamoqda
Jamala qrim-tatarlarning 1944-yildagi ommaviy surguni haqida kuylamoqda

“Eurovision” (Yevronigoh) yillik musiqa festivalida Ukraina nomidan kuylashi kutilayotgan xonanda Jamala Rossiyada qoralanmoqda. Jamala qrim-tatarlarning 1944-yildagi ommaviy surguni haqida kuylab chiqqan. Qrim yarimoroli Rossiya nazorati ostida qolayotgan bir paytda Yevropada yangrashi kutilayotgan bu qo’shiq Ukrainada ham, Rossiyada ham siyosiy bahslarga sabab bo'lmoqda.

Jamala “Yevronigoh”da qatnashish uchun mahalliy darajadagi ikki bosqichli konkursda g’olib chiqdi. Har ikki bosqichda ham Jamala ijrosidagi “1944” qo’shig’i katta ustunlik bilan muvaffaqiyat qozondi. Ijroni quyida tinglashingiz mumkin.

Rossiya Dumasi va Qrim hukumati vakillari xonanda va uning qo’shig’ini tanqid qildi.

Duma vakili Vadim Dengin “Yevronigoh” tashkilotchilarini Jamalani bu qo’shiq bilan festivalga kiritmaslikka chaqirdi. Qrim hukumatidagi tatarlar esa Jamalani Ukraina siyosiy doiralari qo’lida “o’yinchoq” bo’lmaslik kerak deya ogohlantirmoqda.

Qrim-tatarlar Milliy Majlisi va uning yetakchilari Mustafo Jemilev va Refat Chubarovlar esa aksincha Jamalani bu muvaffaqiyat bilan tabriklab, bu elat ovozining Yevropa sahnasida yangrashi faxr deya bayon qildi.

Eliya Zagretdinova - Kiyevdagi Qrim-tatar madaniyat markazi vakili.

“Shaxsan men Jamala janridagi ijrochilik usulidan yiroqman, ammo e’tirof etish kerak, u taqdim etayotgan qo’shiq hech kimni befarq qoldirmaydi. Albatta unda birinchi navbatda qrim-tatar musibati aks etgan, ayniqsa mahalliy konkursda Jamala uchun ovoz berishdan mahrum Qrimdagi aholi uchun bu qo’shiq alohida ahamiyat kasb etdi. Hozirga qadar birorta qrim-tatar qo’shiqchisi bu darajada muvaffaqiyatga erishmagan. Buning ortida avvalo uning ijodi, ulkan mehnati yotibdi. Bu narsa Ukraina miqyosida o’tgan konkursda ham alohida ta’kidlandi”, - deydi Eliya Zagretdinova.

Jamala qo’shig’i atrofidagi siyosiy munozaralar ortidan xonandaning prodyuseri “1944” qo’shig’i siyosiy maqsadlardan xoli, muallifning musibat haqidagi ichki kechinmalaridan iborat, deya bildirdi.

Eliya Zagretdinova fikricha, bu qo’shiqning ukrainlar tomonidan ham, qrim-tatarlar tomonidan ham quvvatlanishi ayni paytdagi vaziyat, jumladan Ukraina hududi Rossiya bosqinida qolayotgani, qrim-tatarlarga nisbatan tazyiqlar kuchaygani, o’tmishdagi deportatsiya bugun yangi bir ko’rinishda qaytalanayotgani bilan ham bog’liq.

“Men shaxsan taniydigan ukrainlarning ko’pchiligi o’z ovozlarini Jamalaga berishdi. Albatta bu qo’shiq festivalga mos emas deydiglar ham bo’ldi. Biroq, Jamalaning o’zi aytganidek, Ukrainani har doim quvnoq, hayotsevar qilib tasvirlash shart emas, uning tarixida musibatli kunlar bo’lgan. Shuning uchun ham aksariyat ukrainalaiklar o’z ovozlarini haqiqiy vaziyatning qanday ekanligi timsolini beruvchi qo’shiqqa berishmoqda. Qo’shiq atrofidagi siyosiy ehtiroslar haqida shuni aytmoqchiman, bu munozaralar Jamalaning mohirona ijrosi, qo’shiqda ifoda etilgan musibat qarshisida hech narsaga arzimaydi. Men uning Yevropada g’alaba qozonishiga ishonaman”, - deydi Eliya Zagretdinova.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, “Yevronigoh” tashkilochilari Jamala qo’shig’ining matnida siyosiy maqsadlar bormi yoki yo’q deya tekshiruv o’tkazishmoqchi.

“Yevronigoh -2016” musiqa festivali shu yilning 10-14 may kunlari Shvetsiya poytaxti Stokgolmda o’tadi.

Jamala sahnada
Jamala sahnada

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG