Breaking News

Abe hokimiyatda ekan, Yaponiya harbiy jihatdan kuchayadi


Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe Okinava orolida urush qurbonlari xotirasi uchun qurilgan yodgorlikka gulchambar qo'ymoqda, 23-iyun, 2015-yil.
Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe Okinava orolida urush qurbonlari xotirasi uchun qurilgan yodgorlikka gulchambar qo'ymoqda, 23-iyun, 2015-yil.

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abening jamoatchilik orasidagi obro’si tushib borayotganiga qaramay, uning mamlakat harbiy salohiyatini kuchaytirish haqidagi rejalari jiddiy to’siqlarga uchrayotgani yo’q. Yaponiya Osiyoda qudratli harbiy tizimga aylanadi, deydi ekspertlar.

Tokio shu hafta Okinava orolida yangi AQSh harbiy bazasini qurish ishlarini to’xtatdi. Loyihaga mahalliy aholining keskin qarshilik qilgani hamda Okinava gubernatorining e’tirozi Abening AQSh bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirish maqsadlariga zid kelmoqda.

Bahsli harbiy istehkom Okinavaning janubiy qismida Futenma havo bazasi o’rnini egallashi rejalangan. Amerika qo'shini orolning 20 foiz hududiga joylashib, mahalliy aholi tinchini buzayotgani norozilik namoyishlariga sabab bo’ldi. Qarshilar, shuningdek, Tokioni bu yerda harbiylar sonini kamaytirish bo’yicha bergan va’dasini buzganlikda ayblamoqda.

Bosh vazir - ehtiyotkor

Parlamentda muhokama qilinayotgan yangi mudofaa qonuni qabul qilinguncha bosh vazir siyosiy hujumlardan himoyalanish uchun Okinada qurilish ishlari vaqtincha bekor qildi.

Tokiodagi Templ universitetidan Robert Duyarik deydiki, yangi qonun Yaponiyaning II Jahon urushidan keyin shakllangan harbiy doktrinasiga jiddiy o’zgarish kiritmaydi va AQShning kichik hamkori sifatidagi maqomi ham hozirgi holatida qoladi.

“Qonun qabul qilingandan keyingi Yaponiya undan oldingi Yaponiyaga juda o’xshash bo’ladi”, - deydi u.

Ammo Tokioning urush davridagi agressiyasi hanuz qo’shni o’lkalarning yodidan ko’tarilgani yo’q.

Bosh vazir Yaponiyaning o’tmishdagi harbiy qudrati ramzi sifatida

Bosh vazir Abening oilasi va shaxsiy ishlari bahs-munozaralarga sabab bo’lgan. Konservativ siyosiy arbob o’ng qanot siyosatchi Nobusuke Kishining nabirasidir. Kishi II Jahon urushi davrida sanoat vaziri bo’lgan va urush jinoyatlarida ayblanib, ittifoqchi kuchlar tomonidan hibsga olingan.

Abening bahsli urush obidalarini ziyorat qilishi va o'tgan asr Yaponiya harbiylari qo’l urgan jinoyatlar ko’lamini kamaytirib ko’rsatishga urinishi kuchli armiya qurishga urinayotgan yetakchida siyosiy malaka yetishmasligini ko’rsatadi, deydi Duyarik.

“Birinchi darajali siyosatchi haqida gapirmayapmiz. Bu odam eng tepadagi o’n foiz orasiga kirmaydi”, - deydi u.

Aholi Yaponiyaning harbiylashishiga qarshi

Parlamentning quyi palatasi xavfsizlikka oid qonunni qabul qilgach, minglab odam norozilik namoyishlariga chiqdi. Ommaviy so’rovlarga ko’ra, Yaponiya ahlining aksariyati bunday qonunlarga qarshi va Abeni qo’llab-quvvatlovchilar soni 40 foizdan kamayib ketgan.

Norozilik kuchli lekin Abening partiyasi parlamentda ko’pchilik o’rinni egallab turibdi. Muxolifat yuqori palatada qonunni to’xtatib qoladigan darajada kuchli yoki uyushgan emas.

Xitoy va Janubiy Koreya kabi qo’shni olkalarning xavotirini aritadigan choralar ham amalga oshirilgani yo’q. Bu davlatlar Yaponiyada harbiylar ta’siri va millatchilik kuchayib borayotganidan norozi.

“Abe hokimiyatga kelganiga uch yil bo’ldi. Fuqarolar endigina qarshi chiqa boshladi”, - deydi Janubiy Koreyadagi Sejong universiteti professori Hosaka Yuji.

Osiyoning ko'plab davlatlari Yaponiyani o’tmishdagi xatolari takrorlanmasligi kafolati sifatida II Jahon urushi davrida sodir etgan jinoyatlari uchun rasman kechirim so’rashga chaqirib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG