Breaking News

Yaponiyada AQSh harbiylariga qarshi katta namoyish


Yaponiyaning Okinava orolida o’n minglab odam ko’chaga chiqib, Amerikadan harbiy bazalarini yopishni talab qildi. So’nggi oylarda amerikalik harbiylar ishtirokida ro'y bergan noxush voqealarni mahalliy matbuot keng yoritgan.

Namoyishchilar Amerika va Yaponiya o'rtasidagi xavfsizlik bitimlari qayta ko'rib chiqilishini talab qilmoqda. Bazalardan birini orolning boshqa bir joyiga ko’chirish rejasiga ham qarshilik kuchli.

Okinavaliklar so’nggi bir necha yildan beri Amerika harbiy bazalarini yopishni talab qilib keladi. AQShning bu mamlakatda 23 ta harbiy bazasi bor.

Yaqinda amerikalik bir matros Okinavada mast holatda rulda o’tirgani aniqlangach, AQSh Harbiy-dengiz floti Yaponiyadagi barcha xizmatchilariga ichishni taqiqlab qo’ydi. Mart oyida yana bir harbiy yaponiyalik ayolga jinsiy tajovuz qilganini tan olgan. Mahalliy aholi 1995-yilda 12 yoshli qizaloq zo'rlanganini hamon eslaydi.

"Bunday shafqatsizliklar 70 yildan beri davom etayapti", - deydi namoyishchilar oldida so'zlagan Jinshiro Motoyama.

Yaqinda Okinavada o'tgan saylovda AQSh harbiylarini oroldan butunlay ko'chirish g'oyasini olg'a surayotgan nomzodlar g'olib chiqdi.

AQShning Yaponiyadagi askarlari soni jami 47 mingni tashkil etadi, shundan 26 mingi Okinavada joylashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG