Breaking News

Jihodchilar amerikalik asira havo hujumida o'lganini da'vo qilmoqda


"Islomiy davlat" terror guruhi 2013-yildan buyon asirda saqlayotgan amerikalik ayol, Kayla Myuller, havo hujumida o'lganini da'vo qilmoqda. Ammo razvedka idoralari ma'lumotni tasdiqlamayapti.

26-yoshli Myuller, gumanitar tashkilot xodimi, AQShning Arizona shtatidan. 2013-yilning avgustida Suriyada ekstremistlar tomonidan qo'lga olingan.

"Islomiy davlat" Twitter tarmog'ida tarqatgan xabarda ayol Suriyadagi bir binoda saqlangani, Iordaniya havo kuchlari uni bombardimon qilgan payt halok bo'lgani aytiladi.

Iordaniya hukumati bu da'volarni rad etdi. "Iordaniya samolyotlari bomba tashlaganini ular qayerdan biladi? Ekstremistlar qurol saqlaydigan joyda uni saqlashgan bo'larmidi? Biz aynan shunday joylarni nishonga olayapmiz", - deydi Muhammad al-Mumani, Axborot vazirligi so'zlovchisi.

AQSh razvedka agentliklari barcha da'volarni aniqlashtirisga harakat qilmoqda.

Bugun Iordaniya poytaxti Ammonda minglab odamlar namoyishga chiqqan. Ular shu tariqa "Islomiy davlat" tomonidan o'ldirilgan iordaniyalik uchuvchini xotirlayapti.

Juma namozidan keyin odamlar davlat bayrog'ini ko'tarib ko'chalarga chiqqan, jangarilarga la'natlar aytgan.

Namoyishda qatnashgan ammonliklar nazarida Iordaniya armiyasining xalqaro koalitsiya safidagi harakatlari asosli. "Islomiy davlat"ga qarshi biz turib bermasak, kim qiladi bu ishni?" deya so'raydi namoyishchilardan biri.

Bir paytning o'zida, Iordaniya Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ning manzillarini havodan zo'r berib urishga kirishgan. Qirol Abdulla jangarilarga qaqshatqich zarba berishini aytmoqda.

Iordaniya shu tariqa jangarilardan iordan uchuvchisini o'ldirgani uchun qasos olmoqchi. Pilotning samolyoti dekabrda Suriyada urib tushirilgan edi.

Iordaniya jangovar samolyotlari Suriya va Iroqda payshanba kuni o'nlab havo hujumlarini amalga oshirgan.

Qirollik Tashqi ishlar vaziri Nosir Judaning aytishicha, Iordaniya "Islomiy davlat" jangarilarini yerning tagidan bo'lsa ham izlab topib qirib tashlaydi. Vazir jangarilarni "qo'rqoqlar" deya ta'riflayapti.

Qirol Abdulla kecha marhum uchuvchi Moaz al-Kasasbaning oilasini borib ko'rgan, ularga ta'ziya izhor etgan. Bu yurt ahli va dinini himoya qilish uchun kurashni davom ettiramiz, degan qirol.

"Islomiy davlat" hafta boshida uchuvchini qafasga solib yoqib yuborgani tasvirlangan videoni e'lon qilgan edi.

Bu orada, iordaniyalik pilot haqidagi yangiliklar ortidan Birlashgan Arab Amirliklari xalqaro koalitsiya safidan vaqtincha chiqqan. Mamlakat Qo'shma Shtatlarni asirdagi uchuvchilarni qutqarish uchun puxtaroq tayyorgarlik ko'rishga undayapti.

Shuningdek, kurdlarning peshmerga jangchilari "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda ko'proq harbiy yordamga muhtoj ekanini aytmoqda. Peshmerga jangchilari xalqaro koalitsiya safida jangarilarga qarshi kurashib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG