“Islomiy davlat” terror guruhi va uni yengishga harakat qilayotgan xalqaro koalitsiya o’rtasidagi kurash yanada vahshiyona tus oldi.
Iordaniyalik uchuvchini qafasda tiriklayin yoqib yuborgan eskstremistlar qonxo’rlikda tengi yo’q ekanini isbotladi. Iordaniya, o’z navbatida, “Islomiy davlat”ning hibsdagi ikki a’zosini qatl etdi.
Terrorizm bo’yicha mutaxassislar deydiki, “Islomiy davlat”ning jinoyatlari tasvirlangan, internetga qo’yilayotgan yuqori sifatli videolar ikki maqsadni ko’zlaydi.
Birinchisi, tarafdorlar sonini ko’paytirish, yangi a’zolarni yollash va guruh kuchini ko’rsatish. Ikkinchisi, “Islomiy davlat” biladiki, harbiy jihatdan koalitsiyaga bas kela olmaydi. Shuning uchun vahshiylik va propaganda orqali xalqaro jamoatchilik e’tiborida turishga harakat qilmoqda.
Hukumatlarga razvedka va xavfsizlik bobida maslahat beruvchi “Sufan Group” tashkilotining xulosasi ham shu. Guruh yovvoyi usullar bilan begunoh odamlarning qonini to’kib, diqqat markazida turibdi.
Uchuvchining o’ldirilishi ketidan Iordaniya hukumati uning qoni uchun qasos olinadi, deya so’z berdi. Birlashgan Arab Amirliklari koalitsiya hujumlarida ishtirokini vaqtincha to’xtatgan.
Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat”ga qarshi harbiy operatsiya yanada kengayib, jihodchilar talabi aslo qondirilmasligini qayd etmoqda.
Tahlilchi Kristofer Harmer fikricha, “Islomiy davlat”ni yengish uchun piyoda qo’shinlardan samarali foydalana olish lozim.
“Hozir xalqaro koalitsiya bu guruhga qarshi kurashda faqat havo hujumlariga tayanmoqda. Piyoda qo’shinlar bilan muvofiq holda olib borilgan operatsiyalar natijasida ekstremistlar chekinganini ko’rganmiz, lekin Suriya va Iroqdagi katta territoriyalar hamon ular nazoratida”, - deydi ekspert.
Ayni paytda Qo’shma Shtatlar Iroqqa ko’proq harbiy anjom ko’chirmoqda. Koalitsiya samolyotlari urib tushirilganda uchuvchilarni qutqarish tizimi qayta ko’rib chiqilyapti.
Razvedka sohasida pishgan mutaxassislar deydiki, “Islomiy davlat”dan qutulishning ikki yo’li bor. Birinchisi, uning rahbariyatini, yetakchilarini yo’q qilish. Ammo ular qayerdan turib guruhni boshqarayotgani haqida ma’lumot yo’q. Ikkinchi yo’li – Iroq va Suriyaga 100 ming qo’shin safarbar etilishi kerak. Bunga ham Yevropada va AQShda hech qanday xohish-iroda yo’q.
Respublikachi kongressmen Dana Rorabaker amerikalik askarlar mintaqaga yuborilishiga mutlaqo qarshi.
“Yaxshisi “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotgan guruhlarni, kurd jangchilarini barcha vositalar bilan, qurol va raketalar bilan ta’minlash kerak”, - deydi qonunchi.
AQSh mudofaa vaziri lavozimiga nomzod Eshton Karter kuni-kecha Senatning Qurolli kuchlar qo’mitasida so’zladi.
“Islomiy davlat”ga qarshi olib borilayotgan kampaniya oxiriga yetkazilishi va bu guruh yo’q qilinishi lozim, deydi u.
Qo’mita raisi, senator Jon Makkeyn prezident Obamaning Yaqin Sharqdagi harbiy yondashuvini tanqid qilib keladi. Eshton Karter amaldagi strategiyani qayta ko’rib chiqishga tayyor.