Breaking News

Karimov Xitoy bilan olti milliard dollarlik hamkorlikka kelishib oldi


O'zbekiston prezidenti Islom Karimov (chapda) Xitoy davlat rahbari Si Zinpin bilan, Pekin, Xitoy, 19-avgust, 2014-yil.
O'zbekiston prezidenti Islom Karimov (chapda) Xitoy davlat rahbari Si Zinpin bilan, Pekin, Xitoy, 19-avgust, 2014-yil.

O’zbekiston rahbari Islom Karimov Xitoy bilan aloqalarni yangi pog`onaga ko`tarish maqsadida Pekinga safarda. Karimovning tashrifi Xitoy tarkibidagi uyg’ur avtonom respublikasi, ya’ni Sharqiy Turkiston uyg`urlariga nisbatan tazyiqlar keskin kuchaygan bir paytga to`g`ri kelmoqda. O`zbek ziyolilari Xitoydagi uyg`urlar taqdiriga befarq emas, ammo Pekin siyosatini qo`llayotgan rasmiy Toshkent bu mavzuda lom-mim demaydi.

Karimovning Xitoy safari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:10 0:00
Yuklab oling

O`zbekiston prezidentining Xitoyga tashrifidan maqsad - strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, hamkorlikni kengaytirish, xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish.

Pekinda O`zbekiston va Xitoy rahbarlari bu borada qo`shma deklaratsiya imzoladi.

Olti milliard dollarlik sarmoyani o'z ichiga oluvchi iqtisodiy hamkorlik ustida kelishib olindi va tegishli hujjatlarga qo'l qo'yildi.

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, O`zbekiston va Xitoy ichki va tashqi siyosatda hamfikr, Toshkent Pekin tomonidan yuritilayotgan ekstremizm, separatizm, terorrizmga qarshi keskin kurash siyosatini qo`llab-quvvatlaydi.

Muhojirlikda yashayotgan o`zbek yozuvchisi Safar Bekjon fikricha, Karimov ma'muriyati Xitoyning geopolitik maqsadlari uchun xizmat qilmoqda.

“Xitoy tarixan Markaziy Osiyoni qo`lga kiritish uchun Rossiya bilan raqobatda bo`lib keladi. O`zbekistonning mustaqil davlat sifatida bugungi siyosati ostida esa Xitoyning geopolitik maqsadlariga xizmat qilish yotibdi. Xitoy ko`rsatayotgan yordam, sarmoyalar ortida ham shu maqsad bor. Chunki O`zbekiston Turkistonning yuragi, u orqali Markaziy Osiyoni boshqarish mumkin. Xitoy Karimov hukumatining zaif tomonlarini yaxshi biladi, bundan foydalanayapti ham. Men Karimov davlatni Xitoy qaramligiga berib qo`yishidan xavfsirayman. Ko`plab o`zbek ziyolilari bilan gaplashaman, ular Sharqiy Turkistondagi vaziyatdan o`kinchda, qo`llaridan hech narsa kelmayotganidan afsusdalar. O`zbekistondagi rejim ulardagi norozilikni bosib turibdi. Shuning uchun ham O`zbekiston jamoatchiligida uyg`urlarga nisbatan munosabat yo`qdek ko`rinishi mumkin, ammo xalqning qalbida, ongida uyg`urlar taqdiri uchun achinish kuchli”, - deydi Safar Bekjon.

Xitoyni ekstremizm, separatizm va terorrizmga qarshi kurash siyosati, asosan, Sharqiy Turkiston – Shinjon muxtoriyatining tub aholisi bo`lgan uyg`urlarga qarshi qaratilgan.

Hozirda yuzlab uyg`urlar ayirmachilikda ayblanib hibsda, ayrimlari o`limga hukm qilingan. Qoshg`ardagi so`nggi hodisalar ortidan uyg`ur musulmonlarining jamoat transportidan foydalanishi ham taqiqilab qo`yildi.

Safar Bekjon deydiki, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O`zbekiston ham Xitoyning uyg`urlarga nisbatan qatag`onini bilvosita qo`llab turishi rejimlarga nisbatan norozilikni oshiradi.

“Aslini olganda, Sharqiy Turkistonda faqat uy`gurlar emas, hamma turkiy qavmlar bor, o`zbeklar ham. O`zbekiston hukumati mustaqil davlat sifatida bu qavmlarning huquqlarini himoya qilishi kerak edi. Hukumatni uyg`urlar qatag`onini tomosha qilib turishi, Xitoyga yordam berayotgani bizni bezovta qiladi. Aholining siyosiy saviyasi oshib borar ekan, o`z qavmlarini himoya qilolmagan hukumatga nisbatan nafrati ham oshib boradi”, - deydi yozuvchi.

Jahon uyg`urlari qurultoyi Bosh kotibi To`lqin Isa “Amerika ovozi” bilan suhbatda hududiy da`volarga ega Xitoyning Markaziy Osiyo tomon siljib borishidan ogohlantiradi.

“Xitoy iqtisodiy imkoniyatlaridan foydalanib Markaziy Osiyo davlatlariga o`z siyosatini o`tkazib kelmoqda. Agar bu davlatlar, xalqlar birlashib bu siyosatga qarshi turuvchi bir jddiy pozitsiya tutisholmasa, bugun mintaqada ming chaqirim yer olgan Xitoy, ertaga bu talabini uch-to`rt ming chaqirimga chiqaradi”, - deydi To`lqin Isa.

Xitoy O`zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkoriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, O`zbekiston gazining Xitoyga eksport qilinishi ortidan savdo aloqalar hajmi keskin ortgan. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, o`tgan yil 5 milliard dollardan oshgan savdo aylanmasi 2014-yilning birinchi yarmidayoq 3 milliard dollarga yaqinlashgan. O`zbekistonga muntazam sarmoya kiritayotgan sanoqli davlatlar qatorida ham Xitoy turadi. O’tgan yili Xitoy rahbarining O`zbekistonga qilgan rasmiy safari davomida o`n milliard dollardan oshiq sarmoyani o'z ichiga oluvchi hujjatlar imzolangan edi.

Bu safar ham bir nechta bitimlarga qo'l qo'yildi. O`zbekiston prezidenti Xitoyni sadoqatli do`st deb ta’riflaydi. Mintaqadagi so`nggi geosiyosiy vaziyat soyasida Xitoy bilan hamkorlik respublika uchun Rossiya ta’siridan masofalanishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG