Breaking News

Kerri Misrga moliyaviy yordam va'da qildi, Saudiya Arabistonida bo'ldi


Davlat kotibi Jon Kerri, Misr rahbari Muhammad Mursiy
Davlat kotibi Jon Kerri, Misr rahbari Muhammad Mursiy
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Misrga Amerika nomidan moliyaviy yordam va’da qilmoqda. Kerri kecha Qohirada Misr prezidenti Muhammad Mursiy bilan uchrashdi. Bu uning davlat kotibi bo’lganidan beri arab davlatiga ilk safari.

Jon Kerriga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Misr byudjetini tekislashda yordam berishga va’da qilgan 450 million dollardan 190 millionini darhol ajratadi. Yana 60 million dollar Misr tadbirkorlik fondiga beriladi. O’z navbatida prezident Mursiy siyosiy islohotlarni jadallashtirishga so’z bermoqda.

Ayrim mahalliy va xalqaro iqtisodchilarga ko’ra, Misr Xalqaro valyuta jamg’armasi kreditini ololmasa, bir necha oy ichida kasodga uchrashi muqarrar. Qohira 4,8 milliard dollar qarz so’ragan, jamg’arma esa qator shartlar qo’ygan. Misr hukumati ularni bajarishga kirishsa, mamlakatda ayrim Yevropa davlatlarida bo’lgani kabi tartibsizliklar boshlanishi ehtimoli yuqori.

Kerri va Mursiy Suriya mojarosi, Eron bilan munosabatlar, Misr-Isroil aloqalarini muhokama qilgan. AQSh davlat kotibi muxolifat vakillari bilan ham uchrashmoqchi bo’lgan, ammo ayrimlari uni Misr hukumatiga xayrixohlikda ayblab, uchrashuvga bormagan.

Xavfsizlik bo’yicha ekspert, iste’fodagi general Samih Sayf al-Yazalning aytishicha, Misrda Qo’shma Shtatlar “Musulmon Birodarlar” tomonida degan fikr bor.

Mursiy hokimiyatga ushbu harakat yordamida kelgan. Parlamentda ham islomiy deputatlar ko’pchilikni tashkil etadi.

Kerri bugun Saudiya Arabistoniga ham borib, bu mamlakat Tashqi ishlar vaziri shahzoda Saud al-Faysal bilan muloqot qilgan. Tomonlar Eron yadro dasturi xususida gaplashar ekan, shahzoda Tehron bilan muzokaralar cheksiz davom etishi mumkin emas, islomiy respublika bir qarorga kelishi kerak, degan.

Ikki rasmiy Suriya prezidenti Bashar al-Assadni ham tanqidga olgan. Shahzoda Faysalning matbuot anjumanida aytishicha, agar Assad hokimiyatdan o’z xohishi bilan ketmasa, Saudiya Arabistoni isyonchilarga yordamni kuchaytirishga majbur bo’ladi.

Ma’lumki, Saudiya Arabistoni shia Eron va uning eng yaqin ittifoqchisi Suriyani o’ziga mintaqada raqib deb biladi.

Jon Kerri Riyodda Bahrayn, Ummon va Quvayt tashqi ishlar vazirlari bilan ham uchrashgan. Shu hafta Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarda ham bo’ladi, bugun esa Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan ko'rishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG