Breaking News

Kerri Rays universitetida din va diplomatiya mavzusida ma'ruza qildi


Din va siyosat: AQSh bosh diplomati nima deydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00

Din va siyosat: AQSh bosh diplomati nima deydi?

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, din Amerika tashqi siyosatida katta ahamiyatga ega, ammo uning roli ba'zida mavhum. Kerri Texasdagi Rays universitetida din va diplomatiya mavzusida ma'ruza qildi.

Uning aytishicha, dunyo bo'ylab siyosiy va iqtisodiy chegaralarni belgilashda din tarixda muhim rol o'ynagan va o'ynamoqda.

"Din butun dunyo bo'ylab hayotning har bir jabhasida inson qadriyatlari, harakatlari, tanlovlari, dunyoqarashiga katta ta'sir o'tkazib kelgan. Din uchun urushlar boshlangan, din yordamida tinchlikka erishilgan, din odamlarni o'zgarishlar sari uyushishga chorlagan, boshqalar esa din ta'sirida zamonaviylashishga qarshi turib, eski turmush tarzidan chiqishni istamagan, ba'zilarni e'tiqod dunyo kezishga, boshqalarni esa baland devorlar qurib, bir guruhni boshqasidan ajratishga majbur qilgan", - deydi Kerri.

2013-yilda davlat kotibi etib tayinlangach, Kerri Davlat departamentida Din va jahon masalalari idorasini ta'sis etdi. Idora Obama ma'muriyatining qator muhim muammolarni hal etishda dinlararo muloqotni targ'ib etishga qaratilgan tashabbusi doirasida paydo bo'ldi.

"Masalan, o'tgan yili Nigeriyada diniy yetakchilar uchun bir seminar tashkillashtirishda yordamlashdik. Unda korrupsiya masalasi ko'rildi. Diniy liderlar korrupsiyaning o'z mamlakatlari va jamoalariga ta'siridan chuqur xavotirda ekanini ma'lum qildi. Biroq ular keng tarqalgan bu muammoni hal etish oson bo'lmasligini tan oldi. Seminar ishtirokchilaridan birining aytishicha, "biz korrupsiyaga qarshi kurashsak, korrupsiya bizga qarshi kurashadi". Bu diniy yetakchilar barcha bosqichlarda islohotlarga da'vat etuvchi harakat dasturini ishlab chiqdi va u orqali fuqarolarga korrupsiya holatlarini fosh etishni o'rgatishga, diniy ma'ruzalarda inson o'z hayotida korrupsiyasiz ham yashay olishini, bunday illatdan voz kechishi kerakligini tushuntirib borishga kelishib oldi", - deydi AQSh davlat kotibi.

Kerrining aytishicha, Obama ma'muriyati turli mamlakatlarda ta'qibga uchrayotgan ozchilikdagi diniy va etnik guruhlarni himoya qilishga ham intildi.

"Insonlar e'tiqodini o'z xohishiga qarab erkin tanlay yoki o'zgartira bilishi, unga amal qila bilishi yoki o'z e'tiqodi haqida ma'ruza qila bilishi va saboq bera bilishi va buning uchun ta'qibga uchramasligi kerak. Turli elat va din vakillari, sonidan qat'i nazar, barcha bilan bir xil huquqlarga ega bo'lishi lozim", - deydi Kerri.

AQSh davlat kotibining aytishicha, "Islomiy davlat" kabi ekstremistik guruhlar din niqobi ostida ozchilikdagi diniy guruhlarni qirmoqda, zo'ravonliklarga qo'l urmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG