Qo’rg’as - Markaziy Osiyoning eng katta quruqlik porti. Qozog’istonda, Xitoy chegarasi yaqinida qurilgan. Eng yaqin shahardan bir necha yuz kilometr olisda.
Ayrimlar uning global savdodagi ahamiyatiga urg’u bermoqda. Boshqalar uchun esa bu ulkan loyiha qimordek tavakkal ish. Maqsad Sharq va G’arb o’rtasida yangi savdo yo’lini yaratish. Xitoy mollarini quruqlik orqali Markaziy Osiyo, Rossiya va Yevropa bozorlariga tezroq yetkazib berish.
“Bu yer cho’l edi, hozir esa cho’ldagi vohaga aylandi. Rahbarlar kelib bu yerda quruqlik porti quramiz, deyishganda hech kim ishonmagan edi”, - deydi port ijrochi direktori Jaslan Xamzin.
Bu yerda ikki qator temiryo’l bor. Birida Xitoy poyezdi, ikkinchisida sobiq Sovet Ittifoqiga qarab ketadigan poyezd turadi. Kranlar Xitoy poyezdidagi yuklarni Qozog’iston termiyo’liga o’tkazadi.
“Har 24 soatda 5-6 ta konteyner o’tkazyapmiz. Maqsadimiz bir sutkada 10 ta konteynerga chiqish. Dengiz orqali yuk tashish 50-60 kun vaqt oladi. Qozog’iston orqali 14 kun ichida yetkazamiz”, - deydi Xamzin.
Qo’rg’as Xitoy e’lon qilgan Ipak yo’li iqtisodiy kamarining yirik loyihasi. Xitoy tovarlarining aksariyati dengiz orqali eltiladi. Bu yo’nalish esa Markaziy Osiyo va Yevropa bozorlariga tezroq chiqish imkonini beradi.
Portning iqtisodiy foydasini savol ostiga olayotganlar oz emas.
“Katta va og’ir yuklarni dengiz orqali tashish arzonroq. Yengil va qimmat mollar esa samolyotda tashiladi. Katta bo’lmagan va juda arzon ham bo’lmagan tovarlar bor. Lekin bunday yuklar yetarli darajadami? Ular uchun yangi termiryo’l qurish, shuncha poyezdlar olib kelish o’zini oqlaydimi?”, - deydi tahlilchi Tom Miller.
Ishchilar butun Qozog’istondan kelgan. Murod Jo’ldashev g’arbiy Sibirdagi Alako’l qishlog’idan.
“Boshida iqlimga ko’nikish oson bo’lmadi. Bu yerda ancha issiq. Alako’lda esa sovuq. Boshida kasal bo’lib qoldik”, - deydi u.
Jo’ldashev hozir port yaqinida ishchilar uchun qurilgan shaharchada yashaydi. Qozog’iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev sharafiga Nurkent deb nomlangan.
Odamlarni jalb qilish uchun bu yerdagi uylar bepul beriladi. Shahar 100 ming odamni o’ziga sig’dirishi rejalangan. Hozirgacha 3000 tacha odam ko’chib kirgan. Yangi kelganlarni kutib olish marosimi bo’lyapti.
“Bu yerda 40 yildan beri yashayman. Cho’l edi. Hozir esa chiroyli binolar bor. Xalq yetakchisi Nursulton Nazarboyev sharafi bilan shunday bo’lyapti”, - deydi shu yerda yashovchi ayol.
Lekin hamma ham xursand emas.
Bu ayollarning aytishicha, tanish-bilishini oraga suqqan odamlar ularni kvartira oluvchilar ro’yxatidan pastga tushirib yuborgan.
“Ismlaringizni yozib olaman. Ofisga qaytgach, hamma hujjatlarni ko’rib chiqaman. Yig’lamang, sabr qiling. Kelasi yil yana ikkita uy quriladi. Mablag’ ajratilgan. Kelasi yil oxirigacha qurib bitkaziladi”, - deydi rasmiy.
Portda navbatdgi poyezd Xitoydan yetib keldi. 2016-yil 25 mingdan ortiq konteyner tashildi. Kelasi yil bu raqam ikki barobar ko’payishi kutilmoqda.
Hozircha xitoyliklar saxovati bilan xarajatlar katta emas.
Ammo vaqt o’tib subsidiyalar kamayadi. Natijada haqiqiy raqobatgina bu portni yopilishdan saqlab qoladi.
“Buncha sarmoya o’zini oqlaydimi? Bunga yo’q deb javob beradiganlar ko’p. Chunki bu tavakkal ish. O’zlari qo’ygan pul miqdorida foyda ololmasliklari mumkin”, - deydi Tom Miller.
“Jon kuydirmasang, jonona qayda, deyishadi. Biz ham, xitoyliklar ham tavakkal qilyapmiz. Bu samara beradi, deb o’ylayman. Mijozlar ko’payadi. Bunga ishonaman”, - deydi port ijrochi direktori Xamzin.
Qozog’istonning bu mintaqasi yangi Dubay bo’ladi, degan orzu-umidlar bor. Hozircha bu haqiqatdan ko’ra ro’yoga yaqinroq. Ipak yo’li jonlanib borar ekan, oldinda katta o’zgarishlar bo’lishi kutilyapti.
Facebook Forum