Breaking News

Huquq himoyachilari hibsdagi safdoshlarini ozod etishni so’ramoqda


Xalqaro tashkilotlar Qirg’iziston janubida o’zbek aholiga nisbatan kamsitishlar davom etayotgani, ayniqsa huquq himoyachilari va faollar bosim ostiga olinayotganini bildirmoqda.

Ular nazarida ro’y bergan va hozirda davom etayotgan bu hodisalarga rasmiy Bishkek e’tibor qaratishi zarur.

O’zbekistonlik huquq himoyachilari ham O’shda hibsda saqlanayotgan faol Azimjon Asqarov va uning qarindoshlariga ko’rsatilgan tazyiqlar yuzasidan norozilik bildirishgan.

Farg’onalik huquq himoyachisi Abdusalom Ergashevga ko’ra, Azimjon Asqarovga oziq-ovqat olib borgan qarindoshi Turdixon Asqarova Ichki ishlar boshqarmasi yonida militsiya xodimlari ko’z o’ngida toshbo’ron qilingan.

“Turdixon Azimjon Asqarovning ukasini xotini. Oziq-ovqat olib borganda u yerda 30 ga yaqin qirg’iz ayollari poylab turgan ekan. Dahshatlisi, bu ayollar Tudixonni qo’l bilan emas, tosh bilan toshbo’ron qilishgan. Boshlarini yorib tashlashgan toshlar bilan. A’zoyi badanidan qon oqqancha urishgan. O’sha yerda turgan bir guruh militsiya xodimlari esa buni faqat kuzatib turishgan, xolos”, - deydi Abdusalom Ergashev.

Azimjon Asqarov, Qirg’izistondagi o’zbek markazi faollaridan biri, O’shdagi qirg’inga doir ma’lumotlar yig’ayotgan paytda hibsga olingan edi. Huquq-tartibot organlari uni milliy nizo qozg’ashda aybdor ko’rishmoqda. Azimjon Asqarovga nisbatan keskin qiynoqlar qo’llanayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Bir muddat oldin xalqaro inson huquqlari tashkiloti Human Rights Watch Asaqarovni hibsdan ozod etish talabi bilan bayonot tarqatgan edi. Abdusalom Ergashevning aytishicha, huquq himoyachisining ahvoli noma’lum.

Ayni paytda mintaqadagi huquq himoyachilari nomidan Asqarov himoyasi uchun murojaat tayyorlanmoqda.

“O’zbekiston, Qirg’iziston, Qozog’iston huquq himoyachilarini tarmog’i barpo etilgan. Shu tarmoq nomidan murojaat hozirlayapmiz. Qirg’izistondan bilmadim qanchalik [ishtirok bo’ladi], chunki Azimjon Asqarov mana hozir hibsda o’tiribdi. Feruza Toshpo’latova esa O’zbekistonga qochqin sifatida o’tgan edi. Uni majburan ortga qaytarishayotgan paytda xabarlashgan edik. Undan keyin xabarlasha olmadik ham. Har holda qozog’istonlik huquq himoyachilari bilan birgalikda murojaat imzolasak kerak”, - deydi Ergashev.

Qirg’iziston janubidagi voqealardan bir oydan oshiq vaqt o’tib ham vaziyat keskin. Militsiya o’tkazayotgan amaliyotlar o’zbeklarga nisbatan zo’ravonliklar kuchayayotganini ko’rsatmoqda.

Faollarga ko’ra, qirg’iz hukumati, mamlakatdagi siyosiy kuchlar etnik keskinlikni yumshatish uchun harakat qilishayotgani yo’q.

“Qirg’iz hukumati harbiylar texnikasini olib qo’ygan odamlar bu ishni qilganini da’vo qilyapti. Ularni kimligi esa noma’lum. Bu qanaqa armiya, militsiya bo’lishi mumkin, qurolsiz odamlar texnikani va qurol-yarog’larni tortib olsa. Bu gapni qarang. Yo’q, buning sababi - ko’p millatli davlatda bitta millatdan iborat bo’lgan huquq-tartibot organlari, armiya albatta shunday jinoyatlarga olib keladi. Buni hech kim to’xtata olmaydi, chunki rahbariyatida boshqa millatdan vakillar
yo’q. Bu ahvolni o’sha avvalgi hukumat davrida tuzatish kerak edi. O’shanda kim, qaysi tomondan, qancha pul bermasin, hozirgi voqealar sodir bo’lmagan bo’lardi”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Prezident Roza Otunbayeva Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan (YXHT) politsiyachi guruh mamlakatga kiritilishiga rozilik berdi. Ular avgust oyida O’sh va Jalolobodda bo’lishlari kutilmoqda.

Shuningdek, YXHT doirasida tashkil topgan xalqaro tegrov guruhi qirg’in yuzasidan yaqin orada surishtiruv boshlashi haqida ma’lumotlar bor.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG