Breaking News

Qirg’izistonda o’zbek faoli Azimjon Asqarov ustidan sud ishi boshlangan


Xalqaro tashkilotlar Qirg’iziston janubida o’zbeklarga bosim o’tkazilayotganini xavotir bilan tilga olayotgan bir paytda respublika prokuraturasi ayrim taniqli o’zbek faollarini etnik nizoni keltirib chiqarganlikda ayblamoqda.

Ular orasida jurnalist Ulug’bek Abdusalomov va inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarov ham bor. Asqarov iyundagi xunrezliklarni suratga olib xalqaro tashkilotlarga vaziyat borasida ma’lumot ulashgan edi.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti Qirg’iziston hukumatidan Asqarovning sudi xolis, adolatli, ommaga ochiq o’tishini so’ramoqda.

Rasmiylar huquq faoli va uning advokati xavf-xatardan xoli ekanini ta’minlashi shart, deydi tashkilot xodimi Andrea Berg.

Asqarovning sudi kecha Bozorqo’rg’on shahrida ish boshlagan.Uning advokati Nurbek To’xtaxunovga bir necha bor hujum qilingan.

Bu sud ishi Qirg’iziston janubidagi voqealar yuzasidan kechayotgan ilk, yirik jarayonlardan sanaladi. Uning qanday o’tishi kelgusi sudlarni ham belgilab beradi, deydi Berg.

Asqarov hibsda qiynoqqa solingani haqida xabarlar bor. Bishkekda ilmiy ish olib borayotgan o’shlik o’zbek ziyolisi Alisher Hamidovning aytishicha:

“Azimjon Asqarovning ishi bo’yicha qirg’iz prokuraturasi xodimlari tomonidan bir necha qonunni buzish faktlari kuzatilmoqda. Men buni inson huquqlarini himoya qiluvchi jurnalist sifatida aytmoqchiman. Birinchidan, u kishini hibsga olishda huquqlarini buzishgan. Hibsga olinganidan keyin unga hech qanday advokatlarni kiritishmagan bir-ikki hafta ichida. Uchinchidan, Asqarov hibsga olingandan keyin soqchilar tomonidan qiynoqlarga duch kelgan. Bu haqda aytgani bilan loqayd qarashgan prokuratura xodimlari”, - deydi Alisher Hamidov.

“Ayblovlar yuzasidan shuni aytish kerakki, agarda u kishining aybi bo’lsa sud erkin va xolis bo’lishi kerak. Lekin hozir, afsuski, shu narsa ayon bo’lyaptiki – rus tilida “prezumptsiya nevinovnosti” degan gap bor – Qirg’iziston prokuraturasi shu narsaga rioya qilmayapti. Azimjon aka odamlarni orasida juda ham yaxshi reputatsiyaga ega. Huquqini buzish faktlariga yo’l qo’yilmasligi mumkin edi”, - deydi olim.

Amerika Ovozi: Qator xalqaro tashkilotlar, jumladan Amnesty International Qirg’iziston hukumatiga murojaat qilib, qiynoqlarni to’xtatishni so’ragan, ammo javob olmagan. Bunga qanday munosabat bildirasiz?

“Qirg’iziston respublikasining prokuratura xodimlari, undan tashqari militsiya xodimlari, ularda qiynoqlar, qolaversa hibsga olinganlarni huquqlari buzilishi faktlari mana 20 yildan beri hammaga ayon. Bu narsaga men to’liq ishonaman. Agar Azimjon akani qiynashgan bo’lsa, bu bor narsa, u kishi yolg’on gapirmaydi”, - deydi Hamidov.

“Meni ajablantirgan narsa, bizga kelgan hukumat hokimiyatni olganda biz hamma erkinliklarni beramiz, repressiv siyosatni o’zgartirib, demokratik jamiyat tuzamiz deb va’da berishgan. Amalda esa rahbarlar Azimjon akaga o’xshagan inson huquqlarini himoya qiluvchi odamlarga osilmoqda. Bu ularning olib borayotgan siyosatiga qarama-qarshi holat. O’zlarini martabasini yo’qotmoqda ular, nafaqat o’zbeklar orasida, balki huquq tashkilotlari orasida ham”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG