Breaking News

Azimjon Asqarov nufuzli xalqaro mukofot bilan taqdirlandi


Azimjon Asqarov bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgan
Azimjon Asqarov bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgan

Chexiyada asoslangan “People in Need” (Yordamga muhtoj odamlar) huquq tashkiloti Qirg’izistonda qamoqda o’tirgan faol Azimjon Asqarovni yillik “Homo Homini” (Insondan insonga) mukofotiga munosib deb topgan.

Azimjon Asqarov o’tgan yili Qirg’iziston janubini qaqshatgan etnik xunrezliklar ketidan Jalol-Obodda hisbga olingan va bu to’qnashuvlar ortida turganlikda aybdor deb topilib, bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

"Janob Asqarovga bu mukofotni inson huquqlari yo’lida qilgan mardona ishlari uchun berayapmiz”,- deydi Simon Panek, “People in Need” tashkiloti direktori.

“U tahdid, hibs va qamoqdan qo’rqmadi. Qiynoqlarga bardosh berdi. Ushbu mukofot bilan biz uning faoliyatini ulug’layapmiz va shu bilan birga Azimjon Asqarovning bugungi ahvoliga ham diqqat qaratayapmiz”,- deydi Panek.

Tashkilot tarqatgan bayonotda qayd etilishicha, “Homo Homini” mukofoti Azimjon Asqarov timsolida butun Markaziy Osiyo bo’ylab inson huquqlari e’zozlanishi uchun kurashayotgan faollarga berilmoqda.

“Janob Asqarov Qirg’iziston qamoqxonalaridagi qiynoqlar haqida ogohlantirdi. Lekin Qirg’iziston mintaqaning boshqa davlatlariga qaraganda nisbatan erkin jamiyat. Tasavvur qiling, O’zbekiston va Turkmanistonda vaziyat qanchalik ayanchli”,- deydi Mark Svoboda, tashkilot vakillaridan biri.

Qirg’izistonda o’tgan yilning iyun oyidagi qirg’in yuzasidan hozirgacha to'rt mingddan oshiq jinoiy ish ochilgan. Aksariyat hollarda o'zbeklar sudga tortilmoqda. Mojaro ortida turganlikda, qabih jinoyatlarda asosan ular ayblanmoqda. Shu kungacha 40 kishi umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi.

Asqarov o'zbek huquqlari uchun kurashib tanilgan faol. Uning “Havo" degan nohukumat tashkiloti militsiya va adliya xodimlari yo'l qo'ygan xato va amalga oshirgan jinoyatlar yuzasidan ma'lumot to'plagan.

Asqarov qirg'in paytida, Jalol-Obod viloyatining Bozor Qo'rg'on tumanidagi vaziyatni video tasmaga tushirgan.

Hibsga olingach, panjara ortida qayta-qayta qiynoqqa solingani haqida aniq ma'lumotlar bor.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch", Xalqaro Amnistiya singari tashkilotlar hamda G'arb davlatlari, xususan AQSh Azimjon Asqarov ishini xolisona ko'rib chiqishni so'rab keladi.

Qirg'iziston rahbariyati buni va'da qilgan, ammo faolning yaqinlari biror o'zgarish ko'rmayotganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG