Breaking News

Huquq ahli: Qirg’izistonda o’zbek mahbusning advokati bo’lish xavfli


Huquq ahli: Qirg’izistonda o’zbek mahbusning advokati bo’lish xavfli
Huquq ahli: Qirg’izistonda o’zbek mahbusning advokati bo’lish xavfli

Qirg’iziston janubi, O’sh va Jalol-Obodda xavfsizlik hamon muammo ekani sabab advokatlar yozgi g’alayondan keyin ayblangan o’zbeklarni himoya qilishdan bosh tortmoqda.

O’shlik to’rt advokat kaltaklanganini aytadi. Huquq sohasi mutaxassislari davlat chora ko’rmayotganini urg’ulaydi.

Kuni-kecha O’shdagi matbuot anjumanida e’lon qilinishicha, 160 dan ziyod advokat arz qilib, prezident Roza Otunbayeva, bosh prokuror, Ichki ishlar va Adliya vazirliklariga chiqqan.

Jalol-Oboddagi “Spravedlivost” inson huquqlari tashkiloti esa ayblanovchilarni himoya qilish maqsadida bir guruh advokat yollagan. "Amerika Ovozi" o'shlik advokat Abdumalik Sharipov bilan suhbatlashdi.

“Iyun voqealaridan keyin asosan 2 ish ko’rildi. Biri Azimjon Asqarov va uning yonidagi 7 shaxsga taaluqli. Ikkinchisi Suzoqdagi otishmalar xususida. Suzoqdagi otishma borasida sud jarayoni xavfsizlik nuqtai nazaridan Novkent tumaniga ko’chirilgan edi, lekin bu ham natija bermadi. Suzoqdan jabr ko’rganlarning qarindoshlari kelib, tosh, tayoqlar bilan jabrlanuvchilarning yaqinlarini kaltaklagan. Ko’pi kasalxonaga murojaat qilgan. Ikkinchi sud 14 oktabrga qoldirilgan edi. Biz, tushgan arizalar bo’yicha, 3 advokat bu ishlarni himoyamizga olganmiz”, - deydi advokat.

Amerika Ovozi: “ Advokatlar ham kaltaklanganmi?"

“Yo’q, advokatlar kaltaklangani yo’q. Lekin hech qanday savol bermaysan, sud jarayonida bir og’iz ham gapirmaysan, jarayonga aralashmaysan, deb shart qo’yishdi. Bu shart bilan ishlashning umuman iloji yoq-ku?” - deydi u.

Amerika Ovozi: "Kim shunday shart qo’yadi?"

“Jabrlanganlarning qarindosh-urug’lari. Bu yerda sud ham, prokuror ham hech narsa deya olmayapti, huddi tomoshabindek. Bularga chora ko’rish, jarimaga tortib sud zalidan chiqarib yuborish kabilar yo’q. Hatto, oxirgi sud jarayonida bir o’zbek qizni ham kaltaklashgan”, - deydi huquq himoyachisi.

Amerika Ovozi: "Demak, bosim tufayli advokatlar himoya qilishdan bosh tortgan, shundaymi?"

“Xuddi shunday. Qarindoshlardan tashqari, o’sha sudlanayotganlar ham kaltaklangani haqida ma’lumot bor bizda. Mana oxirgi sud jarayonida advokatlarni rasmga olishib, ism-familiya, adreslarini yozib olishib, senlarni tinch qo’ymaymiz, baribir topamiz, nega o’zbeklarni himoya qilayapsan, deb po’pisa qilishgan. Keyin advokatlar qaytib kelgandan keyin bu yerda viloyat sudi raisi bilan uchrashib, shu masalani ko’tarib bir necha talablar qo’ydik”, - deydi u.

Birinchi navbatda xavfsizligimizni ta’minlab berishsin. Ishlash uchun sharoit yaratib berishsin. Biz u yerda savol bermasdan tinch o’tirishga toqatimiz yo’q. Bu bizning o’zimizga ham ma’qul emas. Himoyamizdagilar ham bizdan norozi bo’lishyapti”, - deydi advokat.

Amerika Ovozi: "Davlat tizimi tomonidan shu talablarga qandaydir javob bo’ldimi?"

“Viloyat sudi raisi 20 oktabr kuni viloyat prokurori va viloyat ichki ishlar boshqarmasi raisini chaqiraman va shu kuni sizlar ham kelinglar, deb aytdi. Yana boshqa rayonga ko’chirish mumkin degan fikrlar aytildi. Menimcha, bu samarasiz, chunki ko’pchilikning mashinasi bor. Qaysi rayonga ko’chirsa ham odamlar baribir boraveradi”.

Amerika Ovozi: "Advokatlar himoyadan bosh tortgani nimaga olib kelish mumkin?"

Advokatlarning ko’pi avvaldan bu ishlarni himoya qilishdan bosh tortgan, chunki xavfni sezgan. Endi rozi bo’lganlarini ham “o’yindan chiqarish” uchun harakat qilishmoqda. Bu holatda sud umuman to’xtatilishi kerak, chunki bu kabi sud jarayonlarida advokatlar qatnashishi shart. Lekin bizning advokatlar “dejurniy” advokatlarga o’xshab indamasdan o’tirib, pulini olib, chiqib ketadigan advokatlardan emas. Bu bizning nizomimizga ham to’g’ri kelmaydi. Shuning uchun hukumat advokatlarning xavfsizligini ta’minlashi shart!” - deydi huquq mutaxassisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG