Breaking News

Qirg'izistonda parlament saylovlari ham tahsin, ham tanqidga sazovor


Bishkekdagi saylov uchastkasida
Bishkekdagi saylov uchastkasida

Yevropalik va AQSh rasmiylari jarayon ochiq va adolatli o'tdi, deyayotgan bir paytda ba'zi xalqaro kuzatuvchilar nazarida saylovlar qonunbuzarliklardan ham xoli bo'lmagan.

Iyun oyida o'tkazilgan referendum natijalariga muvofiq, Qirg'iziston kelasi oydan parlament tizimiga o'tishi kutilmoqda. Ammo yakshanba kungi saylovlar yakuniga ko'ra parlamentga kirgan besh partiyadan ikkisi prezident vakolatlarini tiklamoqchi. Millatchi siyosatni targ'ib qilayotgan "Ota-Yurt" va sobiq bosh vazir Feliks Kulov boshchiligidagi "Or-Nomus" partiyalari parlament tizimiga qarshi chiqmoqda.

Mutaxassislarga ko'ra, hukumatga moyil ikki partiya - sotsial-demokratlar va "Ota-Makon" parlamentga kirganiga qaramay, kutilgan natija ko'rsatmagan.

Hech bir partiya ko'pchilik o'rinlarni qo'lga kiritmagani bois - hukumatni tez va samarali birlasha oladigan koalitsiya tuzadi. Parlamentdan joy olgan beshinchi partiya "Respublika" bo'lib, ba'zilar nazarida uning qaysi tomonga og'ishi kelajak hukumat va hukumat kelajagini belgilaydi. Unga asos solgan tadbirkor Omurbek Babanov o'tgan oy Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin bilan uchrashgan edi. "Or-Nomus" rahbari Feliks Kulov ham Rossiyaga moyil deya e'tirof etilmoqda. Uning prezident Dmitriy Medvedev bilan tushgan surati saylov kampaniyasi paytida ko'p ishlatilgan.

Muvaqqat prezident Roza Otunboyeva internetdagi sahifasida saylov qanday o'tganini olqishlagan. Uning aytishicha, fuqarolar o'zlari lozim topgan partiyalarga bosimsiz va buyruqsiz ovoz berdi.

Otunboyeva nazarida yakshanba kungi saylovlar ochiq, demokratik va erkin bo'lib, mamlakatda soxta saylovlar an'anasiga chek qo'ydi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining saylovlarni kuzatgan missiyasi ham jarayonga ijobiy baho bergan.

Guruh rahbari, norvegiyalik deputat Martin Xoglundning aytishicha, saylovlarda fundamental erkinliklar, jumladan uyushish va fikr bildirish huquqlari hurmat qilindi.

"So'nggi yillarda Markaziy Osiyoda qator saylovlarni kuzatdim. Aytish joiz, bunisi bashorat etish qiyin saylov bo'ldi. Jarayon Qirg'iziston Respublikasi xalqi irodasini ifoda etdi, degan umiddaman", - deydi Xoglund.

AQSh prezidenti Barak Obama ham saylovlarni muvaffaqiyatli deb, Qirg'iziston hukumatini qutlagan. "Men Qirg'izistonda saylovchilarni tarixiy jarayonda qatnashib, hokimiyatni tinch va demokratik tarzda yangilash uchun ovoz bergani bilan tabriklayman", deyiladi prezident bayonotida.

AQShning Xelsinki Komissiyasi bayonot chiqarib, saylovlar Qirg'iziston demokratik taraqqiyotida yangi sahifani ochdi degan.

Parlament saylovlarini 500 ga yaqin xalqaro kuzatuvchi nazorat etgan. Jarayon olqishlarga sazovor bo'libgina qolmay, tanqidga ham uchragan. Kuzatuvchilarga ko'ra, ba'zi joylarda saylovchilar ro'yxati eskiligi aniqlangan. Janubda iyun oyidagi zo'ravonliklarda hujjatlarini qo'yotgan o'zbeklar ovoz bera olmagan.

Mamlakat bo'ylab saylovchilarning 57 foizi uchastkalarga chiqqani aytilmoqda. Zo'ravonliklar markazi bo'lgan O'shda saylovchilar ishtiroki respublika bo'yicha eng yuqori - 66 foiz ekani ajablanarli hol.

Ismi oshkor etilishini istamagan amerikalik kuzatuvchilardan birining aytishicha, O'sh rasmiylari "Ota-Yurt" partiyasi foydasiga ish tutgan. Ayniqsa, deydi u, millatchi partiya rahbari Qamchibek Toshiyev "o'zbeklar qirg'izlar bilan teng huquqqa ega bo'lmasligi kerak" deb turgan bir paytda asosan o'zbeklar yashovchi saylov uchastkasida ovozlar aksariyatining uning partiyasiga berilishi taajjubga sabab.

Ba'zi qonunbuzarliklarga qaramay saylov kuni zo'ravonlik va tartibsizliklar qayd etilmagan. Bu esa uning natijalari ortiqcha ziddiyatlarsiz qabul qilinadi, deyishga asos bermoqda.

120 o'rinlik yangi parlament noyabr oyida ilk sessiyasini o'tkazadi. Ungacha siyosiy partiyalar hukmron koalitsiya tuzish maqsadida muzokaralarga kirishadi.

Qirg'iziston Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlari yakunlarini ma'lum qilar ekan, besh foizli dovondan o'ta olmagan partiyalardan biri "Butun Qirg'iziston" tarfdorlari mamlakat janubida, jumladan O'sh viloyatida norozilik aksiyalari o'tkazmoqda. Bu haqdagi reportajni shu yerdan tinglang.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG