Breaking News

Qirg'iziston va Tojikiston ortiqcha quvvatni Janubiy Osiyoga sotish niyatida


Xalqaro moliyaviy musassasalar yordami bilan Tojikiston va Qirg’iziston elektr quvvatini Janubiy Osiyoga eksport qilish masalasi yana muhokamada.

Loyihada Qirg’iziston, Tojikiston, Afg’oniston hamda Pokiston ishtirok etadi. Mutaxassislarning aytishicha, tashabbusdan Markaziy Osiyo mintaqasi manfaatdor. Qirg’iziston hukumati proyektni puxta tahlil qilish uchun yaqinda ishchi guruhi tuzgan.

CASA-1000 deb nomlangan bu loyiha borasida amaliy harakatlar bir qadar faollashgan.

May oyida Birlashgan Arab Amirliklarida Qirg’iziston, Tojikiston, Afg’oniston va Pokiston energetiklari uchrashgan edi.

Qirg’izistonlik mutaxassis Muslim Iminov ko’p yillar bu sohada faoliyat yuritgan.

“Ushbu proyekt Qirg’iziston va Tojikistonda ishlab chiqarilayotgan elektr quvvatining ortiqcha qismini Afg’oniston, Pokiston va mintaqaning boshqa mamlakatlariga yaxshi narxlarda eksport qilishga imkon beradi. Iste’mol bozori ham kengayadi”, - deydi Iminov.

Aytish joizki, loyiha ustida ishlar besh yil muqaddam boshlangan edi. Rejaga ko’ra, 1343 kilometrlik elektr quvvati uzatish tarmog’i qurilishi darkor. Uning uchdan bir qismi Qirg’iziston hududida barpo etilishi ko’zda tutilgan. Qurilish qator xalqaro tizimlar tomonidan moliyalashtiriladi.



Elektr quvvati ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi Tojikiston hamda Qirg’iziston katta foyda ko’rishi mumkin.

“Albatta, bizda eksport qilish imkoniyati paydo bo’lgani yaxshi narsa, ammo Tojikistonda yirik elektr quvvati ishlab chiqaruvchi stantsiyalar, masalan Rog’un GESi paydo bo’lgandan keyin, bizning mahsulot ortiqcha bo’lib qolishi mumkin. Ya’ni, tojik tomoni birinchi navbatda o’z elektr quvvatini sotishga harakat qiladi”, - deydi energetik Muslim Iminov.

“Ne bo’lganda ham yaqin 10-15 yil uchun istiqbol yomon emas”, - deya davom etadi u.

Qirg’iziston mahsuloti Tojikiston orqali o'tar ekan, bu davlat tranzit uchun to’lov qo’yadi. Bu hol esa Qirg’iziston olishi mumkin bo’lgan foydani ozaytiradi.

Iminov fikricha, Qirg’iziston uchun Oloy Tog’lari orqali tog’ridan-to’g’ri Afg’onistonga chiqish afzal bo’lar edi. Xitoy orqali Pokistonga chiqish rejasi ham bo’lgan, ammo hamkorlar tomonidan qo’llab-quvvatlanmagan.

Hozirda Qirg’izistonda to’rt yirik suv elektr stantsiyasi va qator o’rta quvvatli inshootlar faoliyat ko’rsatadi. Loyihada esa Qambar-Ota-1 GESi mavjud. Mutaxassislar Norin daryosida yana qator elektr stantsiyalari barpo etish imkoni borligini urg’ulaydi. Bu esa o’z navbatida Qirg’izistonning elektr quvvati eksport qilish salohiyati tobora o’sib borishini ta’minlaydi, deydi ekspertlar.

Jahon Banki yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida o’tgan uchrashuvda CASA-1000 loyihasi faol bosqichga kirganini ta’kidlab, muzokara olib boruvchi xalqaro guruhni kuchaytirishni taklif qilgan.

Kuni-kecha Qirg’iziston milliy elektr tarmog’i rahbari Medetbek Aytqulov proyekt muhokamada ekanini aytgan. Lekin, deydi rasmiy, loyiha amaliyoti borasida so’z yuritishga hali erta.
XS
SM
MD
LG