Breaking News

Qirg’iziston va Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi - ishonch darz ketdimi?


Qirg’iziston-Qozog’iston chegarasida odam va tovarlar o’tishida qiyinchiliklar paydo bo’lishi ortidan rasmiy Bishkek har ikki mamlakat a’zo bo’lmish Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqini tanqid ostiga olmoqda. Prezident Almazbek Atambayev ushbu uyushma ishonchni oqlay olmayotganini aytgan.

Atambayev: Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi ishonchni oqlamadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:29 0:00

Ayni paytda mahalliy mutaxassislar Qirg’iziston mazkur ittifoq hududiga Xitoy hamda O’zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotni re-eksport qilib ham, mo’may daromad oladi, deb hisoblaydi.

“Amerika Ovozi” bishkeklik iqtisodchi olim Alisher Yusupovga murojaat qilib, Moskva hamda Ostonaning loyihasi bo’lmish Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi borasida keyingi paytlarda Qirg’izistonda yangrayotgan o’y-fikrlarni sharhlab berishni so’radi.

Suhbatdoshning aytishicha, Ostona chegaradan o’tkazish punktlarida kiritgan cheklovlarni rasmiy Bishkek vakillarining prezident saylovlari arafasida qo’shni o’lka rahbariyati sha’niga aytgan so’zlariga munosabat sifatida ta’riflash mumkin.

Atambayevning “Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi ishonchni oqlamadi”, degan gaplari esa ikki mamlakat munosabatlarida paydo bo’lgan muammolarni tezroq hal qilishga undov bo’lishi ehtimol.

“Ne bo’lsa-da, hozircha masala butun uyushma miqyosida emas, balki ikki mamlakat o’rtasida vujudga kelgan kelishmovchilikda. Albatta, muammo yaqin-o’rtada o’z yechimini topadi, bunga shubha yo’q”, - deydi bishkeklik iqtisodchi olim Alisher Yusupov.

Uningcha, hozirda chegarada mavjud (yuk olib o’tish uchun) cheklovlardan nafaqat ikki o’lka xo’jaliklari va ishbilarmonlari, balki Rossiya hamda Tojikiston tadbirkorlari ham ziyon tortmoqda.

Prezident Atambayev, vaziyatdan kelib chiqib, Qirg’iziston Iqtisodiy Ittifoqdan chetda turgan o’lkalar, xususan, Xitoy va O’zbekiston bilan aloqalarni kuchaytirishi lozimligini ta’kidladi.

“Albatta, Qirg’iziston qo’shni ikki yirik davlat hamkorligidan va ular bilan o’zaro aloqalardan katta foyda olishi tayin. Kuni-kecha Qirg’iziston hududi orqali Xitoy tomon o’tgan qisqa avtoyo’ldan O’zbekiston-Xitoy yuk qatnovi yo’lga qo’yilgani bunga yorqin misol”, - deydi iqtisodchi.

Mutaxassislarning aytishicha, zikr qilingan o’lkalarda ishlab chiqarilgan tovarlarni iqtisodiy uyushma davlatlariga re-eksport qilish ham Qirg’izistonga katta foyda keltiradi. Ayni paytda o’zbek mollari uchun Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqining katta bozoriga yo’l ochiladi.

Qirg’iz-qozoq chegaradan o’tkazish maskanlaridagi muammolarga kelsak, suhbatdosh ular vaqtinchalik, jiddiy xulosalarga loyiq emas ko’rinish, deb hisoblaydi.

“Har xil muammolar boshqa iqtisodiy uyushmalar, aytaylik, Yevropa Ittifoqida ham, uchrab turadi. Munozaralar olg’a siljishga turtki bo’lishi kerak”, - deya xulosa qiladi bishkeklik iqtisodchi olim Alisher Yusupov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG