Bugun Qirg'izistonda parlament saylovlari bo'lib o'tdi. 14 partiyadan 2000 dan ortiq nomzod parlamentdagi 120 o'rin uchun bellashdi. Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, hech bir partiya ko'pchilik o'rinlarni ololmagan.
Saylovdan oldin Prezident Almazbek Atambayevning Qirg'iziston Sotsial-demokratik partiyasining g'alaba qozonishi bashorat etilgan edi. Shunday bo'ldi ham, biroq partiya 27 foiz to'play oldi, xolos.
Jami 7 foizlik to'siqdan olti partiya o'tgan. "Respublika - Ota-Yurt" bloki 20,3 foiz, "Qirg'iziston" partiyasi 12,7 foiz, "Onuguu" vakillari 9,3 foiz, "Bir Bo'l" 8,4 foiz hamda "Ota-Makon" 7,7 foiz ovoz olgan.
G'arb matbuotiga ko'ra, bu partiyalarning barchasi Rossiya bilan munosabatlarni kuchaytirish tarafdori.
Atambayevning aytishicha, bu galgi saylovlar oldingilaridan halolligi bilan ajraldi.
"Bir Bo'l" va "Respublika - Ota-Yurt" partiyalari vakillariga ko'ra, saylovchilarning biometrik ma'lumotini o'quvchi apparat ayrim saylov uchastkalarida pand bergani uchun katta navbatlar hosil bo'lgan.
Bu yilgi saylovlarda biometrik ro'yxatdan o'tgan saylovchilargina ovoz berishga haqli. Jarayonda mustaqil nomzodlar qatnasha olmadi, faqat siyosiy partiya vakillari.
Parlamentga kirish uchun partiya 7 foizdan kam ovoz to'plamasligi kerak edi. Qirg'iziston saylovlarida qancha odam qatnashishidan qat'i nazar jarayon bo'lib o'tgan hisoblanadi. Saylov komissiyasiga ko'ra, bugun saylovchilarning 50 foizi saylovda qatnashgan.