Qirg’izistonda navbatdagi parlament saylovi joriy yil kuzida o’tkaziladi. Ovoz berish kuni aniq belgilanmagan, biroq siyosiy kuchlar hozirlikni boshlab yuborgan. Qonunga ko’ra, Oliy qonunchilik organi partiyalar raqobati natijasida shakllanadi.
Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, yetakchi firqalar nomzodlari ro’yxatidan joy olish uchun katta mablag’ talab qilinadi.
Tahlilchilar bu gal ham parlament asosan yirik mulkdorlardan iborat bo’lishi ehtimolini aytadi. Bishkekdagi “Toza saylov” nodavlat tashkilotining bildirishicha, aholi orasida yil sayin saylovlar jarayoniga ishonch pasayib bormoqda.
O’sh shahridagi “Luch lotosa” jamoatchilik jamg’armasi anchadan buyon Qirg’izistonda partiya qurilishi masalalarini o’rganib keladi. Tashkilot Jokorku Kenesh saylovlariga tayyorgarlikni ham kuzatmoqda.
Jamg’arma rahbari Bolush Saiyevning aytishicha, qonunga ko’rsatilgan muddat kelmagan bo’lsa-da, ayrim siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini boshlab yuborgan. Bu o’rinda nojoiz usullar faol qo’llanmoqda.
“Ramazon oyida ayrim partiyalar musulmonlarga iftor berish yo’li bilan odamlar diqqatiga erishishga uringani kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarga bir-biriga kompromat tashlash hollari boshlandi”, - deydi Saiyev.
Suhbatdosh so'zlariga ko’ra, yetakchi partiyalar nomzodlari ro’yxatidan joy olish o’ziga xos savdo-sotiqqa aylanib qolmoqda. Narx yildan yilga ko’tarilib borayotir. Kimdir 200-300 ming dollar haqida gapiradi.
“Deputat bo’lish uchun bir million dollar kerak, deyishayapti”, - deydi Saiyev.
Bu hol - mablag’ roli - badavlat sulolalar vakillariga imkoniyat yaratar ekan, moddiy salohiyati cheklangan, ammo boshqa jihatdan kuchli insonlarni chetga surib qo’ymoqda.
Taniqli yozuvchi hamda jamoat arbobi Salima Sharipova yetakchilik qilayotgan “Umay ene” siyosiy partiyasi kelayotgan parlament saylovlaridan umidvor emas.
“Daromadimiz yetmaydi, nojo’ya usullarga esa also bormayman”, - deydi qisqa qilib Sharipova.
Tahlilchi Bolush Saiyevning aytishicha, deputat mandatiga erishish yirik mablag’ bilan bog’liq ekani odamlar uchun sir emas. Ammo parlamentga aksar mulkdorlar kelishining salbiy oqibatlari bor. Ular asosan shaxsiy biznesi, o’z doirasi, urug’-aymog'i manfaatlarini ko’zlaydi, deydi tahlilchi. Suhbatdosh parlamentning kasbiy salohiyati tobora tushib ketayotganini urg’ulaydi.
Ayrim mahalliy mutaxassislarning aytishicha, qisman yakka nomzodlar, ya'ni bir yoki bir necha mandatli okruglar sistemasini tiklash munosib nomzodlarga kengroq imkoniyat bergan bo’lar edi. Hozir mavjud sharoitda, ya'ni partiyalar raqobati sharoitida, parlamentga har tarafdan kuchli, yetuk shaxslar kelishi uchun nima qilish mumkin?
“Hamma narsa siyosiy partiyalar xohish-irodasiga bog’liq. Ular o’z nomzodlari ro’yxatini tuzishga mas’uliyat bilan yondashishlari kerak. Birgina moddiy jihatga tayanmasdan, bilimdon, tashabbuskor, talantli mutaxassislarga yo’l berishlari darkor”, - deydi O’sh shahridagi “Luch lotosa” jamoatchilik jamg’armasi rahbari Bolush Saiyev.