Breaking News

Qirg'izistonda bu yil parlament qanchalik o'zgaradi?


Qirg'iziston parlamentida 120 o'rin bor. 2010-yilda o'tgan saylov natijalariga ko'ra, yetakchi partiyalardan Ata-Jurt partiyasi 29, Sotsial demokratlar 26, Ar-Namis 25, Respublika 23 va Ata-Meken 18 o'ringa ega.
Qirg'iziston parlamentida 120 o'rin bor. 2010-yilda o'tgan saylov natijalariga ko'ra, yetakchi partiyalardan Ata-Jurt partiyasi 29, Sotsial demokratlar 26, Ar-Namis 25, Respublika 23 va Ata-Meken 18 o'ringa ega.

Qirg’iziston ahli joriy yilning 4-oktabr kuniga belgilangan parlament sayloviga hozirlik ko’rmoqda. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning nomzodlarini ro'yxatdan o'tkazish jarayoni yakunlangan.

Жогорку Кеңеш - Qirg’iziston Oliy qonun chiqaruvchi organida bu safar kimlar o’rin olishi mumkin?

Qirg'izistonda saylov yaqin, parlament qanchalik o'zgaradi? Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:30 0:00

O’shlik tadqiqotchi Bolush Saiyev partiyalar va parlamentarizm masalalari bo’yicha yetakchi mutaxassis. Uning aytishicha, siyosiy partiyalarning ro’yxatlari nomzodlarning moddiy salohiyati hamda ushbu arboblarning joylarda qancha ovoz olib berishi mumkinligiga qarab tuzilgan.

Ayni paytda ro’yxatlarning old satrlarida, ya'ni parlament mandatiga ega bo’lish imkoni baland o’rinlarda, yangi nomlar deyarli uchramaydi. Amaldorlar u partiyadan bu partiya ro’yxatiga o’tib, issiq o’rnini saqlab qolishga harakat qilayotgani ko’zga tashlanadi.

Tadqiqotchi nazarida, Qirg’izistonda siyosiy tizim va parlament ko’proq urug’-aymoqchilik, tanish-bilish va savdo-sotiq asosida shakllanmoqda.

Yetakchi siyosiy partiyalar parlamentga nomzodlar ro’yxatida yoshlar, xotin-qizlar va turli elatlarning vakillari borligini ta’kidlaydi.

“Aslida bu yo’l bilan firqalar o’z maqsadlarini ko’zlaydi, ya'ni yosh avlod, ayollar, milliy ozchiliklar ishonch-e’tiborini qozonishga urinadi”, - deydi Bolush Saiyev.

Bishkeklik qalamkash Abdumo’min Mamaraimov ma’lum muddat Qirg’iziston Markaziy saylov komissiyasi tarkibida faoliyat ko’rsatgan. Hozirda ham saylovoldi jarayonlarini qiziqish bilan kuzatadi. Uningcha, ko’pchilik amaldorlar parlament kursisiga birinchi navbatda o’z boyligi va mavqeini saqlab qolish maqsadida intiladi.

“Shu sababli yoshlarga o’rin berish, degan narsa hozirgi siysatchilarning xayoliga ham kelmaydi - ular o’z manfaatlarini ko’zlaydi”, - deydi suhbatdosh.

Avvalgi parlament saylovlaridan farqli o’laroq, hozirda ayrim “zo’r” partiyalar chiqishlarida millatchilik kayfiyatlari sezilmaydi. Unday kayfiyatlar ortda qoldi desa bo’ladimi?

“O’sha paytlarda - 2010-yilgi voqealar ortidan - millatchilik kuchaygan, kuch tizimlari xodimlari salmog’i ko’tarilgan edi. Va parlament tarkibida bu ko’rinish ma’lum darajada o’z aksini topgandi. Hozir ham o’sha kayfiyatdagi odamlar yo’q emas. Biroq, zamon, vaqt, vaziyat o’zgarganini hisobga olgan holda, ochiq-oydin millatchilik ruhidagi shiorlarni qo’llashni hech kim ep ko’rmaydi”, - deydi Mamaraimov.

Qirg'iziston parlament - Жогорку Кеңеш - joylashgan bino, Bishkek
Qirg'iziston parlament - Жогорку Кеңеш - joylashgan bino, Bishkek

Saylovlar arafasida partiyadan partiyaga o’tish, “savdolashish” jarayoni avj oladi.

“Bizda hozir odamlarni, siyosatchilarni birlashtirayotgan narsa g'oya emas, ular shaxslar atrofida, o’sha shaxslarning salohiyati, imkoniyatiga umid bog’lagan holda birlashmoqda. Har bir katta amaldor yirik biznes egasi bo’lgach, siyosat ham o’ziga xos biznes bo’lib qolmoqda”, - deydi Mamaraimov.

Biroq mutaxassis Qirg’izistonda parlament sistemasining kelajagiga ishonadi.

“Yildan yilga, chaqiriqdan chaqiriqqa bu tizim takomillashib boraveradi. Axir har bir deputat besh yil nimanidir o’rganadi, ilg’or tajribani o’zlashtiradi… Siljish bor, salbiy ko’rinishlar esa o’tkinchi, deb o’ylayman”, - deydi adib.

Saylov kampaniyasi, ovoz berish va hisoblash jarayonini Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va Inson huquqlari idorasi yaqindan kuzatadi. Tashkilot Bishkekda 15 ekspertga ega, shuningdek, 22 mutaxassisdan iborat guruh ishga solinadi hamda saylov kuni yana 350 kuzatuvchi safar etiladi.

XS
SM
MD
LG