Breaking News

So'rov: Qirg'izistondagi eng katta muammo bu...


Shu kunlarda qator sobiq Sovet o’lkalari mustaqillik bayramini nishonlamoqda. 24 yil muqaddam ulkan imperiya parchalanib ketgan edi. Erkinlik shabadasi ortidan albatta ayrim muammolar ham paydo bo’ldi.

So'rov: Qirg'izistondagi eng katta muammo bu...
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:00 0:00

Istiqlol davrining eng katta muammosi, eng muhim masalalari haqida oddiy qirg’izistonliklar mulohaza yuritadi.

O’shlik Jenishbek Mamatov - tadbirkor. Uning fikricha, Qirg’izistonda hozir eng katta muammo va eng muhim masala - iqtisodiy tanglik.

“Odamlarda mablag’ tanqis. Avvallari Rossiyadan, o’sha o’lkada ishlayotgan mehnat muhojirlaridan yaxshigina pul tushardi. Men yonilg’i moylar quyuvchi shoxobchalarni ta’minlayman. Bizga ham hozir aqcha oz tushayapti. Burun har bir shohobchada kuniga 6-7 tonna yonilg’i sotilsa, hozir faqat bir tonna atrofida. Ko’p do’stlarim kredit olib ish yuritayotgan edi, qarzni o’z vaqtida uza olishmayapti”.

Adhamjon aka Jamolov - haydovchi, ko’p yillar Janubiy Qirg’izistondan Tog’li Badaxshonga yuk tashigan.

“Davrimizning eng katta muammosi - odamlar orasida birodarlik, mehr-muhabbat tuyg’ulari kamaygani. Biz, turkiy xalqlar farzandlari, aka-ukalar, bir birimizni yaxshi tanimayapmiz”, - deydi u.

Suhbatdosh nazarida, insonlar o’rtasida qadr, mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash uchun din, shariat imkoniyatlaridan keng foydalanmoq lozim.

“Birinchi muammo - korrupsiya, qaysi ishxonaga borsangiz, poraxo’rlikka yo’liqasiz", - deydi Davron ismli taksi haydovchisi. "Korrupsiyaga chek qo’yilsa, boshqa muammo-masalalarni yechish ham osonlashadi”.

Aynur, uy bekasi, O’sh shahrining Japalaq qishloq okrugidan:

“Asosiy muammo - ishsizlik. Qanchadan-qancha odamlarimiz ish izlab Rossiyaga ketgan. Yangi korxonalar qurilsa, ochilsa, farzandlarimiz biron yumush bilan band bo’lsa, deyman”.

Muhandis Ma’murjon Egamberdiyev viloyat suv xo’jaligi boshqarmasi xodimi:

“Avvalo iqtisodiyotimizni ko’tarish kerak - u juda nochor ahvolda. Buning uchun sarmoyadorlarga keng yo’l ochish lozim. Afsuski, chetdan kelayotgan investorlarga nisbatan biz tomonda ko’rsatilayotgan nojoiz muomala ularni cho’chitib qo’yayapti”.

O’zini Elzoda, mikromoliya tashkiloti menejeri, deb tanishtirgan qiz fikricha, eng katta muammo - jamiyatda tartib, mas’uliyat hamda adolat taqchilligi.

Nafaqadagi quruvchi Janish ota jiddiy muammo va kamchilik - mamlakat miqyosida katta-katta ish-vazifalarni ma’lum muddatga taqsimlab, rejalashtirish (uzoq muddatli plan, genplan) yo’qligi, deb hisoblaydi.

“Mustaqillikning ijobiy jihatlari ko’p. Menimcha, eng katta salbiy ko’rinishi: mamlakat asosini tashkil qiluvchi xalqlar vakillari - masalan, Qirg’izistonda qirg’izlar, O’zbekistonda o’zbeklar, Rossiyada ruslar va hokazo - o’zlarini ortiqcha ustuvor darajaga qo’yib yuborishayapti. Boshqa millatlarni mensimaslik g’oyalari paydo bo’ldi. Sovet Ittifoqi davrida bunday ko’rinish yo’q edi yoki kamdan-kam holatlarda uchrardi. Do’stlik, baynalminalchilik kuchli bo’lgan”, - deydi qalamkash Santalat Fayzullayeva.

Uning aytishicha, mustaqillik yillarining eng katta yo’qotishi - Sovet Ittifoqi davrida yaratilgan korxonalar, ish o’rinlari, moddiy boylikni saqlab qololmaganlik bo’ldi.

XS
SM
MD
LG