Breaking News

Qirg’iziston tillasi, turizmi, suv zaxiralari va AQSh sarmoyasiga tayanib oyoqqa turishi mumkin


Qirg’iziston tillasi, turizmi, suv zaxiralari va AQSh sarmoyasiga tayanib oyoqqa turishi mumkin
Qirg’iziston tillasi, turizmi, suv zaxiralari va AQSh sarmoyasiga tayanib oyoqqa turishi mumkin

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi hisobotiga ko’ra, Markaziy Osiyo davlatlari moliyaviy jihatdan qaddini rostlamoqda. Lekin Qirg’iziston bu masalada qo’shnilardan ancha orqada.

Jamg’arma kelasi yil ahvol biroz yaxshilanadi, deb bashorat qilsa-da, boshqalar bu fikrdan yiroq. Qirg’iziston bilan yaxshi tanish mutaxassis, Qirg’iz-Shimoliy Amerika savdo kengashi raisi Mark Deyvid Miller AQSh ko’proq sarmoya kiritishi kerak deydi.

Bu yili siyosiy to’ntarish va janubda etnik qirg’inni boshdan kechirgan bu mitti jamiyat parlament boshqaruvi tizimiga o’tmoqda. Koalitsion hukumat tuzish jarayoni oson kechmayapti.

Yangi rahbariyat qanday siyosat yuritishi, qanday iqtisodiy islohotlar o’tkazishi qorong’u. Xalqaro Valyuta Jamg’armasi hisobotiga ko’ra, Qirg’izistonda o’sish sust – 3,5 foiz atrofida.

Qirg’iziston tillasi, turizmi, suv zaxiralari va AQSh sarmoyasiga tayanib oyoqqa turishi mumkin
Qirg’iziston tillasi, turizmi, suv zaxiralari va AQSh sarmoyasiga tayanib oyoqqa turishi mumkin

Qirg’iz-Shimoliy Amerika Savdo Kengashi (Kyrgyz-North America Trade Council) rahbari Mark Deyvid Miller (Marc David Miller) shu yoz O’sh va Jalol-Obod viloyatlarida minglab xonadon va muhim ob’yektlar barbod bo’lgani, tirikchilik butunlay orqaga ketgani haqida gapiradi.

“Har qish shundog’am yonilg’i-issiqlik ta’minotidan nolib kelayotgan Qirg’iziston ahli uchun yaqin ikki-uch oy yanada og’ir kechsa, ajabmas”, - deydi Miller.

Qirg’izistondagi siyosiy beqarorlik, deydi u, mahalliy va xorijiy investorlarni bu jamiyatdan birdek uzoqlashtirgan.


“Yangi hukumat soliq, sarmoya borasida qanaqa siyosat yuritadi? Bu noaniq. Mulkka egalik masalasi-chi?”- deya so’raydi Mark Deyvid Miller.

Qirg’iziston hukumati korrupsiyada ayblangan sobiq prezident Kurmanbek Bakiyevga aloqadorlik gumoni bilan 30 kompaniyani musodara qilgan.

Eskpertlar fikricha, bu qaror mulkka egalik huquqini qayta ko’rib chiqishga turtki berib, oshkoralik yo’lida ildam qadamlar tashlanishi mumkin.


O’tgan yilning noyabrida Belarus, Qozog’iston va Rossiya yagona boj ittifoqi tuzishga kelishib olgan, bitim shu yilning yanvarida kuchga kirgan edi.

Hujjatga ko’ra, iqtisodiy ittifoq 2012 yilga borib tugal shakllanishi kerak. Bu bilan Qozog’iston Rossiyaning bepoyon bozoriga erkin kirishi, ishchi kuchi va kapital bemalol harakat qilishi mumkin bo’ladi.

Lekin, deydi Mark Deyvid Miller, bu kelishuv Qirg’izistonga ziyon qilishi ehtimoldan xoli emas.

“Qirg’iziston va Qozog’istonni Xitoydan keluvchi tranzit savdo yo’llari bog’lab turadi”, - deydi Mark Deyvid Miller.

Bu yo’llar orqali Xitoy MDHning boshqa davlatlariga mol jo’natadi. Yangi boj ittifoqi natijasida Qozog’iston-Qirg’iziston chegarasidan o’tish qiyinlashishi aytiladi. Bu esa Qirg’iziston hamyonini teshadi.

Bu davlat iqtisodiyotini tirab turgan yana bir omil “Manas” tranzit bazasidir.

Qo’shma Shtatlar Afg’onistonga askar va yuk jo’natishda mana shu bazadan foydalanib keladi. Deylik, shu yilning mart oyida markaz orqali NATOning 50 ming zobiti olib o’tilgan. AQSh bu xizmat uchun, ya’ni iajara uchun Qirg’izistonga har yili 60 million dollar haq to’laydi.

Har zamonda matbuotda bazani yopishga, AQShni haydashga doir da’vatlar yangrab turadi.

“Markaz yopildi ham deylik, qo’ldan ketgan daromadni nima hisobdan qoplash haqida hukumat va siyosatdonlar lom-mim demaydi”, - deydi Qirg’iz-Shimoliy Amerika Savdo Kengashi ijrochi direktori Mark Deyvid Miller.


Qo’shma Shtatlar rejasi shuki, 2014 yilda qo’shinlar Afg’onistonni butunlay tark etadi.

“Shundan keyin bazaga zarurat qolmasa, u holda qanday iqtisodiy yo’l tutish kerak? Qirg’iziston rahbarlari bu borada hozircha o’ylayotgani ham yo’q. Holbuki buning g’amini ko’rib qo’yish kerak”, - deydi Miller.

Qirg’iziston tillasi, turizmi, suv zaxiralari va AQSh sarmoyasiga tayanib oyoqqa turishi mumkin
Qirg’iziston tillasi, turizmi, suv zaxiralari va AQSh sarmoyasiga tayanib oyoqqa turishi mumkin

Mutaxassis Qirg’iziston iqtisodiyotiga turtki berishi mumkin bo’lgan manbalar qatorida oltin zaxiralari va turizm sohasini tilga olib, Afg’onistonda AQSh qo’shinlari uchun qurilish, ofis jihozlari, yegulik va ust-bosh sotishni maslahat beradi.

“Bundan tashqari, Qirg’iziston suv zaxiralaridan faolroq foydalanishi, ko’proq elektr energiyasi ishlab chiqarib, ichki va tashqi bozorni ta’minlashi mumkin”, - deydi Mark Deyvid Miller.

“Qirg’iziston qo’shni Qozog’iston, qolaversa, Pokiston, Xitoy va Afg’onistonga energiya eksport qilish salohiyatiga ega”, - deydi u.

Rasmiy Bishkek Vashingtondan ko’proq sarmoya so’rab keladi. Hozircha AQSh Qirg’izistonning konchilik sohasiga investitsiya kiritayotgani ma’lum.

Janob Miller “Qirg’iziston va Qo’shma Shtatlar o’rtasida masofa katta, buning ustiga tomonlar hali bir-birini yaxshi bilmaydi”, - deydi.

XS
SM
MD
LG