Breaking News

BMT Qirg’iziston, Qozog’istonga huquqni hurmat qiling deb eslatdi


BMT Inson huquqlari Oliy komissari Navi Pillay, Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambayev
BMT Inson huquqlari Oliy komissari Navi Pillay, Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambayev
BMTning inson huquqlari bo’yicha bosh diplomati Qirg’izistonda korrupsiya va kamsitish kabilar ildizini quritishga da’vat etib, bu illatlar iqtisodiy o’sish va ijtimoiy taraqqiyotga to’sqinlik qilmoqda, dedi.

“Bu kamchiliklar adolat va qonun ustuvorligini yemiradi”, - dedi Navi Pillay Bishkekdagi matbuot anjumanida. “Rahbariyat jinoyatchilik va ta’qiblar uchun javobgar shaxslar jazosini olishini ta’minlasin, qonun rasmiylar tomonidan buzilgan hollarda ham; jabrdiydalar va ularning oilalariga adolat qaror topishini kafolatlasin”.

Qirg’izistonga safari chog’ida Pillay prezident Almazbek Atambayev va boshqa rasmiylar, O’sh shahrida huquq himoyachilar va nodavlat tashkilotlar a’zolari bilan muloqot qilgan.

Uning aytishicha, korrupsiya jamiyatning har bir jabhasiga ziyon qiladi, fuqaro ijtimoiy va iqtisodiy huquqlariga salbiy ta’sir qiladi. U, ayniqsa, mutasaddi idoralarda qiynoqlar haqidagi xabarlarni tashvish bilan tilga oldi.

“Xalqaro qonunlar qiynoqlarni mutlaqo man etadi. Qirg’iziston Konstitutsiyasi ham buni qayd etadi…, lekin rasmiylar bunday qabih ishga qo’l urgani haqida dalillar bor, 2010-yilning avgusti va 2012-yilning fevrali orasida qiynoqlar bilan bog’liq 68 holat bo’lgan. Gap 2010-yilning yozida O’sh va unga qo’shni viloyatlarda ro’y bergan voqealarni tergov qilish jarayoni haqida ketmoqda”, - dedi Pillay.
Seni o’ldirib, jasadingni kanalga uloqtirsak, hech kim bilmaydi, bizga birov tegmaydi, dedi militsioner.

2010-yilning iyunida O’sh va Jalol-Obodda o’zbek va qirg’izlar orasidagi g’alayon 400 ming odamni uy-joyini tashlab chiqishga majbur qilgan.

Pillayning aytishicha, hukumat fuqarolarni etnik va diniy kelib chiqishi asosida kamsitish, haqoratlashga chek qo’yishi lozim. O’shda aholining 50 foizi o’zbeklar, lekin sudyalar orasida biror o’zbek yo’qligini u alohida ta’kidladi.

Navi Pillay Qirg’izistondan so’ng Qozog’istonga borgan. Ikki kun davomida Bosh vazir Karim Masimov, tashqi, ichki ishlar va adliya vazirlari, prokuror va ombudsman bilan hamda inson huquqlari himoyachilari va fuqarolik jamiyati faollari bilan alohida ko’rishgan.

Pillay o’tgan yilning dekabrida Janaozen shahrida ro’y bergan va 15 odamni hayotdan olib ketgan ish tashlash va qonli to’qnashuv, Shetpe stansiyasidagi namoyishlarda to’xtalib, korrupsiya bunga turtki bergani, politsiya esa ayovsizlarcha kuch ishlatganini xavotir bilan tilga oldi.

Iyun oyida Janaozen voqeasi yuzasidan 34 konchi va ularning tarafdorlariga turli ayblovlar qo’yilib, 13 nafari uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Shetpe voqeasi yuzasidan to’rt namoyishchi turmaga tashlangan.

Tergov natijasida bir necha kishi qamoq jazosi olgan, biroq, deydi Pillay, Janaozenda aynan nimalar ro’y bergani va uning sabablari hamon noaniq qolmoqda; xalqaro tashkilotlar va jurnalistlar fojea ketidan hududda erkin ishlay olmagan. Bular Qozog’istonning huquqiy mavqeiga dog’ tushirishi aniq, deydi u.

Pillay Janaozen kabi shaharlarda politsiyaga o’ldirmaydigan qurollar, namoyishlarda qo’llanuvchi vositalar berilgani, huquq-tartibot xodimlari qayta treningdan o’tayotganini olqishladi.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti Tojikiston qamoqxonalarida qiynoqlar, kaltaklash va tahqirlash odatiy hol ekani, ijrochilar jazosiz qolayotgani, fuqarolar shikoyatlari e’tiborsiz qolayotgani va korrupsiya chuqur ildiz otganini eslatmoqda. Tojikiston hukumati bu illatlarga qarshi tezkor chora ko’rishi lozim, deyiladi tashkilot bayonotida.

“Militsiya elektroshok, qaynoq suv, bo’g’ish, do’pposlash, sigareta bilan kuydirish, jinsiy zo’rlash kabi usullarni qo’llab keladi va bundan qutulmoqchi bo’lgan shaxs pora berishi kerak”.

Ayniqsa, aholining yo’qsil qatlami bundan aziyat chekadi.

“Seni o’ldirib, jasadingni kanalga uloqtirsak, hech kim bilmaydi, bizga birov tegmaydi, dedi militsioner”, - deydi joriy yil qiynoq bilan yuzlashgan va Xalqaro Amnistiyaga ko’rsatma bergan fuqarolardan biri. Tashkilot hisoboti bilan amnesty.org sahifasida batafsil tanishish mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG