Breaking News

O'shliklar: Qonun hammani teng himoya qilsin


"Hatto do'stlar davrasida yozilib, bemalol gaplasha olmaysiz hali ham".
"Hatto do'stlar davrasida yozilib, bemalol gaplasha olmaysiz hali ham".
Qirg’iziston janubi ikki yil oldin etnik nizolarga guvoh bo’lgan, fojea dillarda og’ir asorat qoldirgan edi.

O’shliklar nazarida mavjud faktlarni xolis tushunish elatlarni yarashtirish va kelajakda bunday hollarning oldini olishda katta rol o’ynaydi.

"Ijtimoiy-siyosiy hayotdan ijobiy tomonga o'zgarish bor. 2010-yilda stress holatga tushgan aholining qurilishga, bunyodkorlik ishlariga qo'li bormasdan, hafsalasizlik kuzatilgan edi. Bu yil, bahor oylaridan boshlab elning orasida uy quray, ta'mirlash ishlarini qilay degan harakatlar boshlanib ketdi. Ustalarimiz ham o'z kasblari bilan shug'ullanib, jinday bo'lsa ham tinch hayot tomon o'zgarish bor".

"Ikki millat orasidagi munosabatlarga kelsak, ko'ngillarga tushib qolgan dog'ning ketishi qiyin bo'layapti. Buni xohlaymizmi-xohlamaymizmi. Nega deganda, orada qon to'kilib qoldi-da. Qaysidir g'alamislarning niyati bilan bo'lib qolgan ish oddiy xalq orasida ko'p yo'qotishlarga sabab bo'lgani uchun o'sha darzni yuvish qiyin bo'layapti. Bu sekinlik bilan bo'layapti".

"Xudoga shukur, bari tinchib qoldi. Hech qanday konflikt yo'q. Elatlar tinch yashashi kerak, urushning hech kimga keragi yo'q".

"Endi, vaziyat yaxshi. Sekin-sekin hafsalasi soviganlar uyini qurayapti. Korrupsiya yo'qolsagina, qolgan hammasi o'rniga tushib ketadi. Undan keyin zakon (qonun) bo'lishi kerak. Zakonni hammaga bir qilib chiqarib qo'ysa, hayot yanayam yaxshi bo'lib ketadi. Bolalarni yoshligidan tarbiyalash kerak, millatchilikni yo'qotib. Unday dema, mana bunaqa bo'ladi, deb sekin-sekin tushuntirilsa. Hozir oddiy maktabda bolalar bir-biri bilan urishayapti. Ularning o'qituvchilariga aytib, bolalarga tushuntirish kerak".

"To'g'risini aytganda ikki yilda hech narsa o'zgargani yo'q. Faqat shu ikki millatni yarashtirish yo'lida ishlar olib borilayapti, ko'proq shu xalqaro tashkilotlar ko'magida. Umuman olib qaraganimizda bular yaxshi tadbirlar, lekin qog'ozda, yuzaki bo'layotganday. O'sha tadbirlarda ikki millat vakillari qatnashayapti, biroq militsiyani oling. Xalqda militsiyaga ishonch yo'q. Chunki hozirgacha ichki ishlar tizimlari faqat bir millat manfaatlarini himoya qilib, boshqa elatlarning haq-huquqlarini poymol qilayapti, bu aniq gap".

"Prezidentdan boshlab quyi davlat tashkilotlarigacha barcha millatlarni teng ko'rishi kerak ular. Ayniqsa, qirg'iz tilini rivojlantiramiz deyishayapti, boshqa xalqlar tillari qisilganday bo'layapti. Buni o'zlari bilan bilishadi ochiq-oydin. Millatchilikni yo'qotish kerak. To'g'ri, Atambayev bu haqda gapirayapti, lekin afsuski qog'ozdagi gaplar bular. Faqat nutqlar, ma'ruzalar, chiroyli so'zlar, lekin amalda yo'q. Masalan, shu kunlarda o'zbek va qirg'izlar talashib qolsa, albatta o'zbekni aybdor qilishadi".

"Odamlar kun o'tsa bo'ldi, aravamni tortsam bo'ldi, deb o'tgan kunga shukrona qilib yuribdi".

"Ommaviy axborot vositalarida ham har xil chiqishlar to'xtayotgani yo'q. Haliyam millatini aytib turib, kimnidir ayblash kabilar bor. Bu ham el orasida davlat organlariga, matbuotga, boshqa idoralarga nisbatan xalq orasida ishonchsizlikni saqlab turibdi. Natijada iloji boricha ehtiyotkorlik bilan gaplashasiz, do'stlar orasida yozilib gaplashib o'tirishingiz qiyin".

"O'tgan ishlarni chetga surib qo'yib, jinday bir tinchlikni o'ylaylik. Osoyishtalik, do'stlikni o'ylaylik. Hadeb, tarixda mana bunaqa edi, unaqa edi, degan gaplarni kavlayversak, bunday yaxshi natija bo'lmaydi. Biz mamlakatimiz istiqboli, kelajagini o'ylaylik. Iqtisodiyotni rivojlantirishni o'ylaylik. Mana yaqinda prezidentimiz topshirig'i bilan tuzilgan ishchi guruh iyun voqealari yuzasidan tekshiruv o'tkazgan, shuning xulosalari bilan tanishib chiqdim. O'shanda bir gap bor ekan: etnoslar orasida, ommaviy axborot vositalari orqali nizo qo'zg'atishga yo'l qo'ymaslik yuzasidan ishlarni kuchaytirish kerak, demoqda. Iloji boricha shu narsalar qog'ozda qolib ketmasin, shu tinchlikni o'ylab, yaxshi niyat bilan olg'a qadam tashlashimiz kerak".
XS
SM
MD
LG