Breaking News

Qirg'iz, o'zbek va rus tillarida axborot beruvchi teleradio besh yoshda


Qirg’zistonning O’sh shahrida joylashgan “Intimoq” (qirg'izchada ынтымак - ahillik) teleradiosi joriy yil kuzda o’zining besh yilligini nishonlaydi. Qirg’iziston hukumati hamda xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil topgan ushbu axborot vositasi qirg’iz, o’zbek va rus tillarida faoliyat ko’rsatib, keng doirali muxlislar ehtiyojini qondirishni, ahillik, do’stlik go’yalarini tarannum etishni maqsad qilgan.

Aytish joizki, 2010-yilda ro’y bergan millatlararo to’qnashuvlar ortidan Janubiy Qirg’zistonda o’zbekzabon teleradiolar faoliyati to’xtatilgan bo’lib, hozirda “Intimoq” ushbu tilda so’zlashuvchi aholiga xizmat ko’rsatayotgan yagona mahalliy telekanal hisoblanadi.

"Intimoq" yaqinda besh yoshga to'ladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:32 0:00

Mutaxassislarning aytishicha, baynalmilal teleradiouyushma mamlakatning eng zamonaviy, ilg’or, keng tarmoqli axborot vositalaridan biriga aylangan.

Teleradiokompaniyaning dasturlar direktori Aqilbek O’ro’zmatov aytishicha, “Intimoq” besh yonalishda yangraydi. Televideniye, radio, gazeta va saytda hamda ijtimoiy tarmoqlarda. Teleradiokompaniya kadrlar tayyorlovchi maktabga ega.

Navqiron jamoa - aksar yoshlar. Yuz xodimning sakson nafari hali o’ttiz besh bahorni ko’rmagan. Ulardan biri - radioboshlovchi Farhodbek Matqosimov.

Jonajon kompaniyadagi faoliyat Farhodbek uchun yangi bir hayot, katta imkoniyatlar bulog’i.

“Bu yerda ishlash, odamlarga xush xabarlar yetkazish juda qiziqarli. Bizning radio va televideniyamiz doim zamon bilan hamnafas bo’ladi”, - deydi u.

Umida Mirzaboyeva jamoaga birinchilar qatori qo’shilgan. Hozirda muxlislar qalbidan joy olgan radio va teledasturni olib boradi.

“Bizning radio O’zbekistonning qo’shni viloyatlari aholisi, shuningdek, Rossiyada faoliyat ko’rsatayotgan vatandoshlar orasida ham taniqli. Biz orqali Janubiy Qirg’iziston hayoti, qarindosh-urug’lar, do’st-birodarlar turmushidan xabardor bo’lib turishadi. Bu o’rinda “Intimoq” o’z nomiga sodiq qolgan holda insonlarni jipslashtiradi”, - deydi suhbatdosh.

Umida olib borayotgan “Forum” radiodasturi Tojikiston, Afg’oniston va Eronda istiqomat qilayotgan o’zbeklar bilan muloqot uyushtirib, ularning turmush sharoiti, hayot tarzi haqida hikoyalar beradi. Dastur muallifining aytishicha, bu kabi loyihalar, o’z mohiyatidan kelib chiqqan holda, rahbariyat tomonidan qo’llab-quvvatlanadi.

Suhbatdosh nazarida o’zbek tahririyatining asosiy muammosi - ona tilni mukammal bilgan mutaxassislar taqchilligi.

“Aytaylik, qiz-kelinlari televideniyeda ishlashiga ko’pchilik oilalar ro’yxushlik berishmaydi. Yana bir tomoni - jurnalistika fakultetlarida darslar qirg’iz va rus tillarida olib boriladi. Sof o’zbek tilida faoliyat yuritadigan mutaxassislar juda kam”, - deydi u.

“Intimoq” media maktabi ham o’z jihatlari bilan mamlakat axborot maydonida yagona. Maktab AQShda asoslangan nohukumat tashkilot "Internews" ning mahalliy bo’limi teletasvirchisi marhum Tair Tursunaliyev nomi bilan atalgan.

“Intimoq”ning barcha tarmoqlari qatori ushbu o’quv dargohi xalqaro tashkilotlar, jumladan, "Internews" va AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligining moliyaviy ko’magiga tayanadi.

Mediamaktab direktori Asanbek Qaraqo’zuyev deydiki, bu maskanda tayyorlangan har tomonlama malakaga ega mutaxassislarga talab katta.

Taniqli shoir, adabiyotshunos Davronbek Nasibhonov “Intimaq” teleradiokomraniyasining o’zbek tahririyati boshlig’i. O’zbek tilidagi sayt va gazeta uchun mas’ul.

“Biz”, deb nomlangan gazetamiz o’zbek va qirg’iz tillarida o’n olti sahifada chiqadi. Maqsadimiz radiotelevideniye yetib bormaydigan olis hududlarga gazeta orqali chiqish edi. Hozirda gazetani zamonaviy texnologiyalar bilan bog’lash ustida ish olib borayapmiz. O’zbekzabon saytimizga kelsak, o’quvchilarimiz ko’p, deya maqtana olmaymiz. Lekin kelajak aynan on-layn chiqishlarda ekanini yaxshi bilib turibmiz”, - deydi Davronbek Nasibhonov.

Uningcha, muxlislar tarafidan talab va ehtiyoj naqadar yuqori bo’lsa, jamoa shu qadar faol va izlanuvchan bo’lishi tayin.

Hozurda efirga uzatilayotgan mahsulotning yarmini “Intimoq” o’z kuchi bilan tayyorlamoqda. Raqamli texnologiyalarga o’tish munosabati bilan jamoa 2016 - 2020 yillarga mo’ljallangan taraqqiyot dasturini ishlab chiqqan.

“Yangi strategiyamizga binoan, biz hozirjavob on-layn janrlarga, aytaylik, saytimizga, multimediaviy mahsulot chiqarishga urg’u bermoqdamiz, hozircha bu masalada o’lkada old o’rinda turibmiz”, - deydi “Intimoq” teleradiokompaniyasining dasturlar direktori Adilbek O’ro’zmatov.

Zamonaviy texnologiyalar iste’molchiga keng imkoniyatlarni taqdim etgan holda mahsulot sifati, raqobatbardoshligi masalasini ko’ndalang qo’ydiki, mahalliy teleradiokomraniyalarni bu o’n hissa shijoat bilan olg’a intilishga undaydi.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG