Breaking News

O’sh va Jalolobodda militsiya zo’ravonlikda ayblanmoqda


Qirg’iziston xavfsizlik kuchlari kecha O’sh viloyatidagi o’zbek mahallalarida reyd o’tkazib, kamida ikki odamni o’ldirgan. 23 kishi jarohat olgan.

Narimon qishlog’ida jinoiy guruhlar va qurol-aslahani izladik, deydi rasmiylar. Ammo huquq himoyachilari buni militsiyaning qasosi deb hisoblaydi, o’tgan hafta halok bo’lgan ofirser uchun.

Reyd chog’ida huquq-tartibot xodimlari va qishloq ahli to’qnashib, bir necha odam qamoqqa olingan, qattiq kaltaklangan.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti rasmiysi, hozir O’shda ishlayotgan Ole Solvang deydiki, “janubda ahvol nihoyatda tang, asablar tarang”.

“Harbiylar zo’ravonlik, qo’pol xatti-harakatdan tiyilishi kerak”, - deb hisoblaydi u. O’zbeklar orasida militsiyaga ishonch yo’q ekani bejiz emas. “Xavfsizlik kuchlari, armiyaning vazifasi fuqaroni himoya qilish. Operatsiya bahonasi bilan aholini tahqirlash yoki zo’rlash emas”, - deydi Ole Solvang.

Reyd davomida odamlardan guvohnoma, hujjat talab qilingan. Qog’ozlar ko’rib chiqilgach, militsiya ularni miltiq bilan do’pposlab, tepa boshlagan, deydi Human Rights Watch tashkiloti xodimlari. Guvohlarning aytishicha, xavfsizlik kuchlari o’tgan hafta Narimon qishlog’ida o’lgan ofitser haqida so’rab-surishtirgan.

Tashkilot hisobiga ko’ra, militsiya Narimon qishlog’ida 11 kishini ushlagan. 27-56 yoshlar atrofidagi erkaklar.

“Ular hozir qayerda, qay ahvolda, bilmaymiz”, - deydi qarindoshlar. O’sh shahri komendanti operatsiya natijasida granata, o’q-dori, portlovchi modda topilganini aytmoqda.

Human Rights Watch rasmiylardan hibsdagilar haqida to’liq axborot berishni, ularni advokat bilan ta’minlashni so’ramoqda. Aks holda bu voqea jinoyat deb talqin qilinishi mumkin, deydi huquq tashkiloti xodimi Ole Solvang.

Qirg’iziston muvaqqat rahbari Roza Otunbayeva kecha janubiy viloyatlarni ko’zdan kechirib, vaziyat og’ir bo’lsa-da, konstitutsion referendum o’tkazish lozim degan. 27 iyunda yangi bosh qomus xalq hukmiga havola qilinadi.
Jarayon qanchalik kechiksa, ahvol shuncha og’irlashadi, deydi u.

Biroq Qirg’izistondagi siyosiy partiyalar nazarida referendumni kechitirgan ma’qul. Janubdagi inqiroz sabab hukumatga ishonch yo’qolgan, deydi ular.

Qirg’izistonlik tahlilchi Alisher Hamidov fikricha ham saylov teskari natija berishi mumkin.

“Muvaqqat hukumat mahalliy boshqaruv organlariga bosim o’tkazadi, jarayon soxta o’tadi, ovozlar qalbaki bo’ladi degan xavotirlar bor”, - deydi Hamidov.

Ovoz berish huquqiga ega 80 ming odam davlatni tark etgan bir pallada referendum adolatli o’tishi gumon deb hisoblaydi olim.

Qirg’iziston va O’zbekistonga gumanitar yordam oqib kelmoqda. Kecha O’shga Birlashgan Millatlar Tashkilotidan 30 ming odamga yetadigan yegulik yetib borgan. Yakshanba kuni esa BMT Qochqinlar agentligi shaharga palatka, ust-bosh va boshqa yordamni eltgan.

BMT O’zbekistonda qochqinlar lagerlarida yashayotgan insonlar ahvolini ayanchli deya ta’riflamoqda. Tomonat odam jazirama issiqda, siqilib yashashga majbur.

Chegarada qochqinlar uchun 50 dan ziyod manzil ajratilgan, deydi BMT vakili Adrian Edvards.

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi bildirishicha, ko’plab odamlar Jalolobodga qayta boshlagan. Qirg’iziston tomoni bu raqam 7500 dan ziyod deydi.

BMT xodimi Jon Budd so’zlariga ko’ra, O’zbekistonda qochqinlar lagerlarida odamlarning sabr-kosasi to’lib bormoqda. Asablar charchagan. Suv kam, sanitariya ahvoli og’ir, oddiy hojatxonalar yetishmaydi.

Tashkilot yosh bolalar orasida qizamiq va qizilchaga qarshi emlash ishlari boshlamoqda. Minglab bolalar poliomiyelit – sholga qarshi vaksina olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG