Zirxli texnika, BTR-larni minib olgan, harbiy formadagi shaxslar Qirg’iziston janubidagi mahallarga kirib borganida, mahalliy aholi “mana askarlarimiz bizni himoya qilishga, qutqarishga kelishdi” deb ular tomon talpinar ekan, harbiylar mashinasidan tushib hammani o’qqa tuta boshlaydi.
“Nyu-York Tayms” gazetasining O’shdagi muxbiri bilan suhbatda, o’zbek jamoa vakillari ana shunday dahshatli manzaraga guvoh bo’lganini aytadi. “Ular bizni himoya qilish uchun emas, o’ldirish uchun kelishgan ekan”, - deydi Shaytepa mahallasidan Avaz Abduqodirov.
Guvohlardan olingan bunday ma’lumotlar shundan darak beradiki, O’sh va Jalolobodda ro’y bergan qirg’inda mamlakat qurolli kuchlarining hissasi katta. Oqibatda qochqinlar ularni uyiga qaytishga chaqirayotgan, janub hozir nisbatan tinch deb ishontirishga urinayotgan muvaqqat hukumatga umuman ishonmay qo’ygan. Hukumatni ko’pchilik dushman deb ataydi, qon to’kilishiga, jinoyatga aloqador kuch deb biladi.
O’shlik Jahongir Qoraboyevning tasvirlashicha, harbiy va oddiy kiyimdagi qurollangan shaxslar “o’zbeklarga o’lim”, “sizni yer tishlatamiz” kabi hayqiriqlar bilan aholiga hujum qilgan va xonadonlarga o’t qo’ygan.
Bugungi kunda O’shda qolgan o’zbeklarning aksariyati erkaklar, qolgan mol-mulkini himoya qilish, mashina va avtobus qoldiqlaridan barrikadalar qurib, qishloqlarga kirish yo’llarini to’sish bilan band. Zo’ravonlik sur’ati pasaygan bo’lsada, shaharda vahima va qo’rqinch hukmron.
O’sh - qamal ostidagi hamda etnik jihatdan bir necha hududlarga bo’linib qolgan shahar.
Hukumat va aholi o’rtasidagi ishonchsizlik gumanitar vaziyatni yaxshilashga to’sqinlik qilmoqda. Chunki rasmiylar janubga kirib kelayotgan minglab tonna ko’makni o’zbek mahallalariga yetkazishga hayiqadi. “Hozirgi nozik pallada o’zbeklar yashovchi mavzelarga qadam qo’yish vaziyatni izdan chiqaradi” degan xavotir mavjud.
Otunbayeva ma’muriyati qirg’inda harbiylar qatnashgani haqidagi da’volarni “mish-mish” deya inkor etmoqda.
“Bu ommani chalg’itishga qaratilgan yolg’on xabarlar”, - deydi Osh viloyati militsiya boshlig’i Omurbek Suvanaliyev. Uning aytishicha, qotilliklar ortida kim turganini aniqlash juda qiyin. O’zbeklar hozir na rasmiylar, na tergovchilar bilan gaplashishni istaydi.
Jamoa yetakchilari va xalqaro tashkilotlar, deb yozadi “Vashinton Post” gazetasi, Qirg’izistonga betaraf, uchinchi bir davlat qo’shin kiritishini, tergov va tekshiruvni ham xalqaro hay’at olib borishini so’ramoqda. Ulardan birinchi navbatda gumanitar yordamni kerakli nuqtalarga yetkazib berish kutiladi.
Mahalliy va xorijiy sharhlovchilar deydiki, “O’sh Tuguni”, ya’ni Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikiston chegaralari tutashgan hudud narkotiklar kontrabandasi uchun juda qulay tranzit nuqtasi. Afg’onistonda tayyorlangan geroin shu yerda qayta qadoqlanib, O’zbekiston va Qozog’iston hududlari orqali Rossiya bozoriga yetkaziladi.
Bishkeklik siyosatdon Mars Sariyev “Vashington Tayms” gazetasiga vaziyatni izohlar ekan, O’sh Tugunida shu paytgacha narkotiklar savdosini sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning oilasi boshqarib kelgan, deydi. Mahalliy mafiya boshlig’i Oybek Mirsidiqov ular bilan yaqindan ishlagan.
Mirsidiqov o’tgan hafta otib ketilgach esa nizo-tortishuv boshlangan. Sariyev fikricha, O’sh va Jaloboboddagi tartibsizliklar narkobiznesni qayta qo’lga olish uchun ataylab qo’zg’atilgan bo’lishi mumkin.
O’sh va Jalobobodda vaziyat hamon tarang. Otishmalar vaqti-vaqti bilan davom etyapti.