Amerika Qo’shma Shtatlari va Qirg’iziston yangicha hamkorlik bitimi ustida bosh qotirmoqda. O’tgan yil kuzda Davlat kotibi Jon Kerri mintaqaga safari paytida bu borada aytgan edi. Keyinroq qirg’iz parlamenti spikeri hamda AQSh elchisi uchrashuvida ham bu masala tilga olingan.
Bishkek inson huquqlari borasida Vashingtondan kelayotgan tanqidlarga salbiy javob berib keladi. Yaqinda Davlat departamenti chiqargan yillik hisobot Qirg'iziston poytaxtida qoralangan.
Biroq Obama ma'muriyati Qirg’iziston diplomatlari va Mudofaa vazirligi rasmiylari bilan muloqotda.
Tomonlar o’rtada ma’lum muddat hukm surgan taranglikni ortda qoldirib, o'zaro manfaatlarda asoslangan samarali hamkorlik yo’llarini izlamoqda, deydi mutaxassislar.
Qirg’iziston parlamenti deputati Anvar Ortiqov deydiki, Qirg’iziston barcha mamlakatlar bilan, jumladan, AQSh bilan ham yaxshi munosabatlarni shakllantirishni istaydi.
Matbuot ovoza qilayotgan tashabbuslarga kelsak, “hozircha biror ko’rinarli ish qilinayotgani yo’q. Gap sifatida qolib ketayotgan narsa lekin kelajakda bo’lishi mumkin, albatta. Har ikki tomon uchun foydali kelishuv kerak”,- deydi deputat.
“Rossiya va Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi bizning strategik yo’nalishimiz. Ammo bu boshqa mamlakatlar bilan aloqalarimizga to’sqinlik qilmaydi”, - deydi deputat Anvar Ortiqov.
Bishkek o’zaro aloqalar kelajagi borasida sukutda, lekin kuzatuvchilar tahlilicha, Qirg’iziston Vashington bilan til topishishga urinmoqda. Buning bir sababi - iqtisodiy tanazzul.
Bishkek Amerika kabi qudratli davlat bilan hamkorlikdan va umuman ko’p vektorli, turfa yo’nalishli tashqi siyosat olib borishdan manfaatdor.
Munosabatlar o’tgan yili Davlat departamenti Qirg’izistonda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovga mukofot berganidan keyin keskinlashgan edi. Ushbu qarordan norozi bo’lgan Bishkek o’zaro aloqalarda yengilliklarni ko’zda tutgan bitimni bekor qilgan edi.
“Albatta, aytilgan bitim denonsatsiya qilinishi natijasida vujudga kelgan ahvol Qirg’izistonni ham, Amerikani ham, hech kimni qoniqtirmayotgan edi. Vaqt o’tdi, hovurdan tushildi. Endi hamkorlikni jonlantirish yo’llari izlanishi tabiiy hol”, - deydi Bishkekdagi Diplomatiya akademiyasidan siyosatshunos Japar Birimqulov.
Bishkek munosabatlarning istiqboli borasida biron ma’lumot berishdan qochayotgan bo’lsa-da, aslida yangi bitim ustida ish ketayotganga o’xshaydi.
“Ehtimol, bu haqda gapirishga ertaroq...”, - deydi Japar Birimqulov.
Ilm-fan va ta’lim, sog'liqni saqlash, atrof-muhit muhofazasi kabi sohalarda ishlash osonroq, deydi ekspertlar.
“Albatta, agar Qo’shma Shtatlar iqtisod sohasida ko’mak bersa, aytaylik, suv-energetikasi kabi muhim tarmoqlarga sarmoya kiritsa, nur ustiga nur bo’lar edi. Ammo AQSh buni istamaydi. Amerika gumanitar soha, inson huquqlari masalalarini afzal ko’radi. Biroq, qirg’iz parlamenti hamda prezidenti e’tiboriga havola etilgan “Horij josuslari haqida”, deb atalmish qonun loyihasi nazarga olinsa, endi nodavlat tashkilotlarni moliya bilan ta’minlashda muammolarga duch kelishlari tayin”, - deydi Birimqulov.
Vashington Markaziy Osiyo o’lkalari bilan hamkorlikda demokratiya va inson huquqlari emas, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot yo’nalishlariga urg’u bersin degan fikr mintaqada ham, hatto G'arb mutaxassislari orasida ham yangrab turadi.
Shuningdek, Bishkek AQSh bilan ehtiyot bo’lib ishlasin, Moskva bilan aloqalarga putur yetmasin deya ogohlantiradiganlar ham ko'p.
Japar Birimqulov nazarida gap munosabatlarni yangi bosqichga ko’tarish emas, balki ularni jonlantirish, avvalgi darajaga qaytarish haqida ketmoqda.