Breaking News

Qirgʻizistondagi yagona oʻzbek teatri: Mumtoz asarlar va boʻsh oʻrindiqlar


O'shdagi o'zbek teatri: Yoshlarni bepul tomoshaga olib kelish ham qiyin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:07 0:00

Qirgʻizistondagi yagona oʻzbek teatri Oʻsh shahrida joylashgan. Bu teatrning 100 yillik tarixi bor. Qirgʻizistondagi oʻzbeklar uchun muhim madaniy ahamiyatga ega boʻlgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Oʻsh Davlat Akademik Oʻzbek musiqali drama teatri bugun qanday ishlar bilan band? Teatrning muammolari va yutuqlari nimada?

23-mart kuni Oʻsh Davlat Akademik Oʻzbek teatrida yana bir yangi spektakl taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bu Shekspirning “Qirol Lir” asari asosidagi tomosha. Uni oʻzbekistonlik rejissor Toji Muhammad Isroilov sahnalashtirgan.

Teatrda “Qirol Lir” kabi koʻplab spektakllar namoyish etiladi. Ammo teatr zalining tomoshabinlar bilan toʻlishi kamdan-kam kuzatiladi.

Biz teatr bozorini topolmay qoldik. Shuning uchun ham tomoshabin masalasi susayib qoldi. Bugun xalq nimani koʻrishni istaydi?

Maktab oʻqituvchilaridan birining aytishicha yoshlarni teatrning bepul tomoshalariga olib kelish ham qiyin.

“Bepul deganda ham oʻquvchilarda teatrga qiziqish yoʻq. Balki teatrda yoshlar hayoti haqidagi asarlar qoʻyilsa, ular bir-biriga tavsiya qilib teatr koʻrgani kelishi mumkin”, - deydi Mashhura Gʻofurova.

Bobur teatrining badiiy rahbari Ravshanbek Tursunov teatr koʻrish uchun keluvchilarning kamligi chindan ham muammo ekanini tasdiqlab, yosh tomoshabinlar qiziqishini inobatga olish vaqti keldi deb hisoblashini aytadi.

“Bizning yoshlarbop spektakllar tayyorlash rejalarimiz bor. Bu muhim. Chunki yoshlarni teatrga jalb qila olsak, bizga ham, ularga ham foyda”, - deydi Ravshanbek Tursunov.

Fargʻona musiqali drama teatrining rejissori Mahmudjon Gʻulomov Bobur teatri haqida fikr bildirar ekan, tomoshabinlarning kamligi nafaqat Bobur teatrida, balki Oʻzbekistondagi teatrlarda ham muammo ekanini aytadi.

“Bobur nomidagi Oʻsh teatri koʻhna teatr. Bu yerda juda katta-katta ustozlar ishlagan. Ularning nafaqat Qirgʻizistonda, balki butun Oʻrta Osiyo sanʼatida oʻz oʻrni bor. Ularni hozirgacha gapirishadi. Bu teatrning manbasi katta. Faqatgina shuni yoshlar ilgʻab olsa, bu yoʻlni davom ettirsa, yaxshi ish boʻladi. Oʻzbekiston teatrlari bilan Bobur teatri azaldan oʻzaro tajriba almashib kelgan. Bir necha yillik uzilishlardan soʻng mana yana Qirgʻizistondagi oʻzbek teatri bilan aloqalarimiz tiklana boshladi. Oʻzaro hamkorliklar boshlandi”, - deydi fargʻonalik rejissor.

Haqiqatdan ham biz bu yerda katta maosh olmaymiz. Xodimlarimiz 4000-4500 (60 dollar atrofida) somdan 10 ming (140 dollar) som atrofida olishadi.

Uning qoʻshimcha qilishicha, teatrlar marketing qoidalarini oʻzlashtira olmayapti.

“Biz teatr bozorini topolmay qoldik. Shuning uchun ham tomoshabin masalasi susayib qoldi. Bugun xalq nimani koʻrishni istaydi? Biz ularning talabini topolsak, tomoshabinni jalb qilolsak, keyin tarbiya berishni oʻylasak boʻladi”, - deydi Mahmudjon Gʻulomov.

Yangi spektakldagi asosiy rollardan birini ijro etgan aktyor, Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan artist Mahmudjon Rahmatov shu kunga qadar teatr sahnasida 100 dan ortiq qahramon qiyofasini jonlantirgan. U asli Oʻzbekistonning Andijon viloyatidan. Uning hozirgi Bobur teatrida ishlaganiga ellik yil boʻldi. Uning teatr olamiga kirib kelishi va Oʻshda yashab qolishiga ham shu teatr sabab boʻlgan.

“Men mehnatimning natijasini koʻrdim. Buni koʻchadagi odamlarning menga boʻlgan munosabatidan ham bilaman. Meni taniydigan, hurmat qiladigan qirgʻiz doʻstlarim ham koʻp. Shu kungacha boʻlgan barcha festivallarda qatnashdim. Koʻplab mukofotlar oldim. Bu ham aktyor uchun bir baxt. Haqiqatdan ham biz bu yerda katta maosh olmaymiz. Xodimlarimiz 4000-4500 (60 dollar atrofida) somdan 10 ming (140 dollar) som atrofida olishadi. Agar shu ishga kasal boʻlmasa, bu oylikka hech kim ishlamaydi”, - deydi Mahmudjon Rahmatov.

"Umid yulduzi" spektaklidan
"Umid yulduzi" spektaklidan

Teatrning oxirgi asarlaridan biri, Chingiz Aytmatovning “Sohil boʻylab chopayotgan olapar” asari asosida sahnalashtirilgan “Umid yulduzi” spektaklida Mahmudjon Rahmatov bosh rollardan birini ijro etdi.

Asardagi bola obrazini esa Mahmudjon Rahmatovning yosh shogirdi, 8-sinf oʻquvchisi Muzaffar Baxtiyorov ijro etgan. U ham kelajakda ustozlar kabi aktyor boʻlsam, deb niyat qiladi.

“Ustoz menga juda koʻp narsalarni oʻrgatdi. Turli festivallarga, gastrollarga birga bori,b Mahmudjon Rahmatovdan nafaqat teatr, balki hayot darslarini ham olyapman. Ustozimiz shu Oʻsh teatrida oddiy aktyor sifatida ish boshlab, mana, Xudo xohlasa, Xalq artisti unvonini olish arafasida turibdi. Men ham ularga oʻxshab Toshkentda aktyorlik sohasiga oʻqib, oʻz teatrimizda ishlashni niyat qilaman”, - deydi Muzaffar.

Teatrning zabardast ijodkorlaridan yana biri, Qirgʻiziston xalq artisti Oytoji Shabdonova. Oytoji Shabdonova va Mahmudjon Rahmatov juda koʻp spektakllarda birgalikda bosh rollarni ijro etishgan. Uning aytishicha, hozirgi yoshlarda avvalgi aktyorlar kabi fidokorlik, mehnatkashlik xislatlari kam uchraydi.

“Biz Mahmudjon Rahmatov bilan juda koʻp rollarni birga ijro etdik. “Makbet”, “Malikaning koʻz yoshi”, “Oy tutilgan tunda” kabi oʻnlab asarlarda bosh rollarni birga oʻynadik. Ishga kech qolish, ishdan qochish kabi narsalar bizda, oʻsha davrdan ishlab kelayotganlarda yoʻq. Lekin hozirgi yoshlar yengil yoʻlga oʻtib olishgan. Ularning teatrga munosabati bizning yoshlikdagi munosabatimizdek emas. Hammasi ham emas-ku, koʻpchiligida”, - deydi xalq artisti.

Bobur teatrining direktori Nabijon Mamajonov oʻzi boshqarib kelayotgan dargohda muammolar mavjudligini tan olish bilan birga, kelajakka umid bilan qaraydi.

“Agar Fargʻona viloyatidagi, respublikamizdagi teatrlarning kuchini solishtiradigan boʻlsak, bizni teatrning oldiga oʻtadigani yoʻq. Toshkentdagi Milliy teatr ham shunday kuchli. Aktyorlarimiz bilan har qanday asarni qoʻlga olsak, uni bemalol qoʻya olamiz”, - deydi Mamajonov.

Bugungi kunda Bobur teatrida 66 sanʼatkor ijod qilib keladi. Jamoaning 14 nafar aktyori davlat tomonidan yuqori darajadagi unvonlar bilan taqdirlangan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG