Qirg’iziston Prezidenti Almazbek Atambayevning O’zbekistonga davlat tashrifini mutaxassislar o’ta sermahsul, deya baholamoqda.
Xabarlarga ko’ra, ikki kunlik muloqot davomida yigirmaga yaqin hujjat imzolandi. Qambarota-1 suv-elektr stansiyasi qurilishi, Kosonsoy suv omboridan foydalanish kabi bahsli masalalar ijobiy yechim topdi. Chegara hududida ishonch choralari haqida bitim qabul qilindi, transport va energetika masalalari yechildi.
Qirg’iziston rasmiy delegatsiyasi a’zosi, mamlakat parlamenti deputati Anvar Ortiqovning aytishicha, Bishkek vakillariga yuqori darajada hurmat bajo keltirildi.
“Uchrashuvlar davomida O’zbekiston prezidenti uch bor so’z oldi. U chorak asr davomida yechilmay kelgan, yechilishi juda og’ir bo’lgan, balki hal qilinishi mumkin bo’lmagan masalalar bir yil ichida yechilganini ta’kidladi”, - deydi suhbatdosh.
Uningcha, muzokaralar kutilganidan ziyoda natijalar berdi.
“Aytaylik, Qambarota-1 suv-elektr stansiyasi qurilishi bo’yicha hamkorlik haqidagi memorandum tez orada kelishimga aylanishiga shubha yo’q. Bu masalada O’zbekistonning avvalgi rahbariyati qat’iy qarshilik bildirib kelgan edi. Endi Toshkentning pozitsiyasi keskin o’zgardi. Mazkur inshootning barpo etilishi nafaqat Qirg’iziston, balki O’zbekiston uchun ham foydali”, - deydi deputat janoblari.
Tortishuvlarga sabab bo’lib kelgan Kosonsoy suv ombori resurslarini endi har ikki tomon o’zaro kelishgan holda taqsimlaydi.
Andijon – O’sh – Qashqar avtomobil yo’li orqali tranzit yuk tashish shakllanadi. O’zbekiston hududida qirg’izistonlik yuk tashuvchilar turli to’lovlardan ozod etiladi.
Chegara hududida o’zaro ishonch choralari haqida bitim ham alohida ahamiyatga ega ekani aytilmoqda.
“Prezident Mirziyoyev ikki xalqning xohish-irodasi ijro etilgan holda, yana bir necha chegara punkti ochilishini ma’lum qildi”, - deydi Anvar Ortiqov.
Qirg’iziston rasmiylari qo’shni tarafning ijobiy o’zgarishlar yo’lida shahdam qadamlarga, kezi kelganda, murosaga shayligini yuqori baholamoqda.
“Biz munosabatlar yaxshilik tomonga burilishini kutganmiz. Lekin bu darajada, bu qadar tezlik bilan muammolarning hal bo’lishiga ishonmagan edik… Buning bahosi yo’q. Bu, albatta, ikki davlat uchun ham juda katta yutuq”, - deydi Anvar Ortiqov.
U ikki prezidentning shijoati, irodasini urg’ulaydi.
“Agar siyosatchilarning qo’liga berib qo’yilsa, hal bo’lmaydigan masalalarni siyosiy iroda ko’rsatib yecha olgan davlat rahbarlarining mehnatini yuqori baholash lozim”, - deydi Qirg’iziston parlamentining deputati Anvar Ortiqov.
Facebook Forum