Qirg’iziston Prezidenti Almazbek Atambayev tegishli davlat idoralaridan saylovchilarning ovozlarini sotib olish hamda ma’muriy resurslarni qo’llash borasidagi xabarlarga tezkor munosabat bildirishni talab qildi. Lozim bo’lgan taqdirda qonun doirasida chora ko’rish kerakligi urg’ulandi.
Avvalroq bosh vazir o’rinbosari, ayni paytda Saylov o’tkazish bo’yicha respublika shtabining boshlig’i Duysho’nbek Zilaliyev hokimiyatdagi partiyaning nomzodi foydasiga tashviqot qilgani tasdiqlanib, mulozim hukumat rahbari tomonidan ogohlantirilgan va shtab boshlig’i vazifasidan ozod etilgan edi.
Qirg’izistonda prezident saylovlari joriy yilning 15-oktabriga belgilangan bo’lib, oily lavozim uchun 12 nomzod kurash olib bormoqda. Amaldagi qonunlarga ko’ra, prezident faqat bir olti yillik muddatga saylanadi.
Qalamkash va tahlilchi Abdumo’min Mamaraimovning saylovoldi jarayonlari xususida o’y-mulohazalari bilan qiziqdik. Suhbatdosh davomli muddat Markaziy saylov komissiyasining a’zosi sifatida faoliyat yuritgan.
Aholiga xolis ma’lumot yetishmaydi. Rahbariyat hamda tegishli idoralar aynan shu haqda ko’proq bosh qotirsa yaxshi bo’lardi.
Aytish joizki, shu paytgacha, jumladan, navbatdagi saylovlar arafasida ham, rasmiy Bishkek ma’muriy resurslardan foydalanilayotgani haqidagi ma’lumotlarni rad etib kelgan. Atambayev ilk bor ushbu ko’rinish quruq gap emasligini tan olganday bo’ldi. Bunga bosh vazir o’rinbosarining nojo’ya harakati ovoza bo’lib ketgani sababmi yoki?
“Prezident Atambayev saylovlar toza o’tadi, ma’muriy resurs va boshqa iflos texnologiyalar qo’llanilmaydi, deya ta’kidlab kelgan. U kishining va’dalariga ishongim keladi. Davlat boshlig’i tegishli idoralar rahbarlariga topshiriq bergani umid uyg’otadi”, - deydi Abdumo’min Mamaraimov.
Uningcha, joylardagi davlat idoralari olib borayotgan tashviqot ko’lamidan yurtboshi voqif bo’lmasligi ehtimoldan xoli emas.
“Hokimiyat partiyasining nomzodi o’tmay qolsa, hukumat almashishi va buning ortidan ko’plab amaldorlar hozirgi imtiyozlardan quruq qolishi tayin. Bundan cho’chigan mansabdorlar kerakli nomzodni o’tkazish uchun aholiga ta’sir qilishga urinmoqda. Albatta, buni hujjatlab tasdiqlash qiyin, ammo qayoqqa qaramang, davlat byudjetidan maosh oladigan xodimlarga - maktab yoki oliy o'quv yurti muallimi bo’ladimi, kasalxona jamoasi bo’ladimi yoki, aytaylik, talabami - barchasiga bosim o’tkazilmoqda”, - deydi suhbatdosh.
Uning fikicha, aslida ma’lumot, axborot taraqqiy etgan bir davrda davlat rahbari noxush amallar va ko’rinishlardan bexabar qolishi mumkin emas.
Tahlilchilarning aytishicha, ayniqsa axborot maydonida, xususan, davlat tasarrufidagi matbuotda, nopok texnologiyalar avjga mindi.
“Aholiga xolis ma’lumot yetishmaydi. Rahbariyat hamda tegishli idoralar aynan shu haqda - ommaviy axborot vositalarining roli, ular qo’llayotgan usullar borasida ko’proq bosh qotirsa yaxshi bo’lardi”, - deydi Mamaraimov.
Qirg’izistonda saylov kabi siyosiy jarayonlarda diniy omildan foydalanish, din xizmatchilarining tashviqot ishlarida ishtirok etishi taqiqlangan. Kuzatuvchilarga ko’ra, joriy jarayonda din siymosi, bir tarafdan, saylovchilar ovozini jalb qilish, ikkinchi tarafdan - ularda xavotir uyg’otish maqsadida ishlatilmoqda.
Davlat byudjetidan maosh oladigan xodimlarga - maktab yoki oliy o'quv yurti muallimi bo’ladimi, kasalxona jamoasi bo’ladimi yoki, aytaylik, talabami - barchasiga bosim o’tkazilmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, Qirg’iziston musulmonlari diniy boshqarmasining sobiq boshlig’i, ulamolar kengashining a’zosi Chubaqhojining nomzodlardan birining foydasiga chiqishlari uning ko’p sonli muxlislari ongidan joy oldi deyish mumkin. Ayni paytda mahalliy matbuotning ma’lum qismi va xorij axborot vositalari aynan o’sha nomzod xonadonining “arab mamlakatlari bilan yaqin munosabatlari”dan qandaydir tashvishli ishoralar qidiradi.
“Sobiq muftiy yakka shaxs sifatida so’zlaganlarini aytsalar-da, aslida jamiyat u kishini nomdor islom olimi, alloma sifatida taniydi. Shu bois hazrat bunday tashviqot ishlaridan o’zlarini tortib turganlari ma’qul edi. O’sha nomzodning, ya'ni sobiq Bosh vazir Sooronbay Jeyenbekovlar sulolasining, namozxonligi, aka-ukalardan biriningarab davlatida elchi sifatida turli doiralar bilan yaqin muloqotda bo’lishi shubha-tashvishlarga asos bo’ladigan narsa emas”, - deydi tahlilchi Mamaraimov.
Aksar mahalliy tahlilchilar ijobiy ko’rinish qatori hozirgi siyosatchilarning hududiy bo’linish, mahalliychilikdan olisligini aytadi. Ayni paytda nomzodning nasl-nasabini, “qoni sof”liginiurg’ulash hollari saqlanib qolayotgani ko’zga tashlanadi.
Qirg’iziston jamiyatida munozaralarda sabab bo’layotgan yana bir masala - kelayotgan saylovlarga tashqi dunyo (birinchi navbatda yaqin qo’shni va ittifoqdosh mamlakatlarning) munosabati hamda ta’siri.
Ma’lumki, rasmiy Toshkent Bishkekning siyosatida barqarorlik va davomiylikdan manfaatdorligini izhor etgan. Bu hol hokimiyatning nomzodi tarafdorlari tomonidan nozik ishora sifatida talqin qilinmoqda.
Yaqinda yana bir asosiy nomzod bo’lmish Omurbek Babanovning Ostonada Qozog’iston prezidenti tomonidan qabul qilinishi rasmiy doiralar tortishuviga sabab bo’ldi.
Kuzatuvchilar Bishkek va Moskva muloqotlarida ham saylov masalasi, aniqrog’i, qaysi nomzod afzalligi muhokamadan chetda qolmagan, deyishadi.
“Men xorij ta’siri borasidagi gap-so’zlarni jiddiy qabul qilmagan bo’lardim. Shunisi aniqki, qo’shni davlatlar Qirg’izistonda tinchlik, barqarorlik hukm surishini chin dildan xohlashadi, chunki qo’shning tinch - sen tinch”, - deydi suhbatdosh.
“Nomzodlarga yetarli imkoniyat berilgan, biroq, nazarimda, oxirgi kunlarda ommaviy axborot vositalarini bir nomzodga qarshi qo’llash harakati ko’proq o’rin olayapti”, - deya yakunlaydi bishkeklik qalamkash, tahlilchi, Markaziy saylov komissiyasining sobiq a’zosi Abdumo’min Mamaraimov.
Facebook Forum