Qirg’iziston parlamentida vaziyat tang. Mamlakat konstitutsiyasiga o’zgartirishlar kiritish borasida o’zaro kelishmovchiliklar bois parlamentdagi yetakchi koalitsiya tarqab, yangi koalitsiya tuzishni Prezident Almazbek Atambayev Sotsial-demokratlar fraksiyasiga topshirgan.
Qirg’izistondagi siyosiy jarayonlar xalqaro maydonda qizg’in muhokama qilinayotgan bir paytda, oliy davlat tizimlaridagi tortishuvlar mamlakatning o'zida jiddiy qiziqish uyg’otmayotir, ko’pchilik befarq ko’rinadi.
Mustaqillikning chorak asri davomida hukumat 25 bor almashgan bo’lib, kuzatuvchilar nazarida, aholi ushbu ko’rinishga ko’nikib qolgan. Ustiga ustak, mutaxassislar jamiyatning siyosiy faolligi ancha susayganini qayd qilmoqda.
Ne bo’lsa-da, muxolifatning, jumladan, yetakchi fraktsiya tarkibiga kirgan “Ata-Meken” partiyasi vakillarining mamlakat konstitutsiyasiga o’zgartirishlar kiritish masalasida omma fikrini qo’zg’ash, qarshilik ko’rsatish harakatlari deyarli behuda ketdi. Amalda bahslar parlament hamda mutaxassislar, shuningdek, inson huquqlari tashkilotlarinng tor doirasidan nari o’tmadi.
“Aslida yetakchi fraksiya bunday ahvolda uzoqqa bormasligi ikki oy muqaddam aniq bo’lib qolgan edi. Maqsadlar har xil bo’lganidan keyin, bunday fraksiyaning bo’lmagani afzal”, - deydi Qirg’iziston parlamenti deputati Anvar Ortiqov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Uning fikricha, Bishkek bosh qomusga kiritishni taklif qilayotgan o’zgartirishlar aynan boshqaruv tizimlarida barqarorlikni ta’minlashni ham ko’zda tutadi.
“Aytaylik, koalitsiyalar osondan-oson tarqalib ketmaydi, hukumatlar davomli muddat faoliyat ko’rsatish, demakki, real natijaga erishish imkoniga ega bo’ladi”, deydi arbob.
“Jamiyat parlamentdagi tortishuvlarni xotirjam qabul qilayotgani tabiiy, chunki odamlar vaziyatni ko’rib-tushunib turibdi. Xorijdagi munozaralarga kelsak, odatda matbuot g’ala-g’ovurni yaxshi ko’radi, Qirg’izistonda yana nima bo’lar ekan, deb qiziqayotganlar yo’q emas. Qolaversa, hammani ham Qirg’izistonga do’st deb aytolmayman”, - deydi deputat.
Bu hafta Bishkekka safar qilgan AQSh Davlat kotibining o’rinbosari Tomas Shennon talabalar oldida gapirar ekan, Qirg’iziston kuchli demokratiya qurmoqda, deya qutladi.
Ayni paytda rossiyalik sharhlovchilar, parlamentdagi tortishuvlarni ham ko’zda tutgan holda, Qirg’iziston davlat tizimlari zaif va bu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin deya xavotirda.
“Amerikaning maqtovi bizni hovliqtirmasligi kerak. Rossiya va biz a’zo bo’lgan Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirgan barcha mamlakatlarda prezident, ya'ni yakkaxon boshqaruv mavjud. Biz esa, ma’lumki, parlament boshqaruvini tanladik. Ular bizga qay bir ma’noda hadiksirab qarashlari tushunarli”, - deya izohlaydi Anvar Ortiqov.
“Siyosiy bahs-tortishuvlar ko’cha-maydonlarda emas, balki parlament zallarida kechgani albatta ijobiy ko’rinish. Ayni paytda muxolifat konstruktiv taklif-tadbirlarni olg’a surgani afzal”, - deydi Ortiqov.
Hozirda Qirg’izistonda kechayotgan siyosiy jarayonlar kelasi yilgi prezident saylovlariga tayyorgarlikdir degan qarash ham keng tarqalgan.
“Hamma gap shunda. O’ylaymanki, odamlar oq-qorani tanib qoldi. Kim haqiqatni gapiryapti, kim tuhmat qilyapti – har kim tushunib oladi”, - deya xulosa qiladi Jo’go’rku Kenesh deputati Anvar Ortiqov.