Qirg’iz adibasi Salima Sharipovani matonatli va latofatli ayollar kuychisi, deyishadi. Uning yangi asari “Yig’lagan devorlar” deb nomlangan.
Yozuvchining muxlislariga ko'ra, taqdir zarbalari qarshisida bukilmagan, sinmagan; hayotga, kurashga, yaxshilikka chanqoq bu ayoldan ko’plab vatandosh opa-singillar namuna oladi.
Qirg’izistonda har qanday ijtimoiy-siyosiy tadbirlarda xotin-qizlar ovozi baralla yangraydi. Mamlakat boshdan kechirgan ikki inqilobda ayollar faol ishtirok etgan.
Keyingi yillarda shijoatli ayollarning sezilarli qismi ish izlab xorijga yuz tutmoqda. Qizlar orasida ilm-bilimga havas susayayotgani, balog’atga yetmay kuyovga uzatish hollari ko’payayotgani aytilmoqda.
Salima Sharipovaning aytishicha, Qirg’izistonda qancha erkak lider bo’lsa, yetakchi ayollar ham undan kam emas.
“Ijodiy guruhlarda ham raqobat kuchaygan va bu yaxshi holat”, - deydi u ko’plab ayol arboblarni sanab o’tar ekan.
Adibaga ko'ra, boshqariv tizimlarida, ayniqsa, mahalliy kengashlar va parlamentda ayollar soni ortib bormoqda.
“Jog’orku Keneshda ayollar sonini kamida 35 foizga yetkazishga harakat qilayapmiz. Ayol bor joyda adolat va hamfikrlik bor”, - deydi Salima Sharipova.
Kuzatuvchilar Qirg’izistonda ayollar biznes va nodavlat tashkilotlarda ham alohida o’ringa egaligini aytadi.
“Menimcha, bu tabiiy hol. Sho’rolar hukumati qulashi ortidan, mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab, dugonalarimiz bozor iqtisodiyotini, savdo-sotiqni o’zlashtira boshladi. Qanchadan-qanchalari xorijdan mol keltirish bilan mashg’ul bo’ldi. Ayol zoti o’zi elchi - oilada ham, mahallada ham, davlatda ham”, - deydi “Umay ona” siyosiy partiyasining yetakchisi Salima Sharipova.
Yangi asarlarini taqdim etar ekan, Salima Sharipova ayol qancha kuchli bo’lmasin, u doimo erkak zoti yelkasiga tayanishni istashini aytib o’tadi.
O’sh viloyat O’zgan shahar xotin-qizlar kengashining raisasi Matluba Musaboyevaga ko'ra, ayniqsa, ta’lim va sog’liqni saqlash tizimlarida fidokor ayollar bosimli o’rin egallaydi.
“Ayni paytda, ayollarimiz o’zlarini bozorga urib, bola tarbiyasiga kerakli ahamiyat bermayapti. Bu esa savodsizlikka olib kelmoqda. Voyaga yetmagan qizlarni kuyovga uzatishyapti. Vaholanki, ular turmushga tayyor emas. Oqibatda oilalar buzilib ketyapti", - deydi suhbatdosh.
Qirg’izistonda joriy yil “Odob, axloq, iymon va madaniyat yili" deb e’lon qilingan.
“O’zgan shahar ayollar kengashi mahalliy boshqaruv tizimi hamda din xizmatchilari bilan hamkorlikda har yakshanda kunlari “Iymon majlislari” o’tkazayapmiz. Ajabmaski, bunday muloqotlar ko’pchilikka ijobiy ta’sir qilsa”, - deydi Matluba Musaboyeva.
Uningcha, ayol kishi oilani barcha narsadan ustin qo’ygan holda, kasbda ham, jamiyatda ham ilg’or bo’lishga harakat qilgani maqsadga muvofiq.
Shahar xotin-qizlar kengashining raisasi Matluba Musaboyeva ayollarni bir yoqlama yashamaslikka, o’z imkoniyatlaridan to’laqonli foydalanishga undaydi.